Timur Kapadze: "Surxon" osonlikcha ochko bermasligini bilardik"

8 avg 2026, 00:57
Superliganing 16-turi doirasida "Surxon" - "Navbahor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o'z fikrlarini bildirdi.

- Hozir eshitdim, ilk navbatda muxlislar klubimiz raisi Abdulla akaning vafoti uchun butun jamoa nomidan taziya bildiramiz. Fidoyi muxlisimiz edi, joylari jannatdan bo'lsin. O'yin qiyin bo'ldi. "Surxon" osonlikcha ochko bermasligini bilardik va barcha o'yinlarda yaxshi kurashmoqda. To'p bilan yaxshi muomala qiladi, shunga yarasha tayyorgarlik ko'rdik. O'tgan o'yindan keyin, beshta goldan keyin yigitlarda bo'shashish holati bo'lishi mumkin edi. Yigitlarga bizni qiyin o'yin kutayotganini tushuntirdim va shunday bo'ldi ham. Albatta, imkoniyatlarimiz ko'p bo'ldi, balki, gollar urganimizda osonroq ham bo'lardi. Lekin eng asosiysi - g'alaba qozonganimiz. Kelgan muxlislarga rahmat aytaman, ular bizni zo'r qo'llab-quvvatlashdi, ularni xursand qildik. Qiyin holatga tushib qolganda ikkala jamoa ham kurashdi. Muxlislar balki ko'proq gol kutishgandir. Lekin 1:0 ga mos o'yin bo'ldi. Endi keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.

- So'nggi uch o'yinda asosiy tarkib o'zgarmadi. Bu haqda nima deya olasiz?

- Agarda jarohat bo'lsa yoki kimdir yaxshiroq o'ynay olmasa, asosiy tarkibni o'zgartiraman. Bu tarkib ritmda yaxshi ketyapti. Futbolchilar ham yaxshi o'ynashdi. Hech kim kasal emasligi va barcha sog'lomligi sababli asosiy tarkibga tegmadik. Zaxiradan chiqayotgan futbolchilar asosiy tarkibga qo'shilsa ham o'yin unchalik o'zgarmaydi. Tarkibda yaxshi futbolchilarni jamlangan, barcha bir-biriga munosib. Har 4 kunda o'yin, ular bir-biriga moslashib ketgani uchun o'zgartirish kiritmadik. O'yindan o'yinga charchoq alomatlari bo'ladi va bugun bu sezildi. Balki qayerdadir kimnidir o'zgartirsa ham bo'lardi. Xatolar ham bo'ldi. Xavotirli joylar ham bo'lib turibdi. Buni tushunamiz, barchasini ichidan his qilamiz. Ayrim vaziyatlarda yigitlar yaxshiroq harakat qilsa bo'lardi.

- Transferlar oynasi hali yopilmadi. Tarkibga yana futbolchilar keladimi yoki shu tarkibdan ko'nglingiz to'lyaptimi?

- Yana bir qancha futbolchilarni ko'rayotgandik. Lekin endi vaqt yetishmasligi va ularning jamoalari bilan shartnomasi borligi sababli qiyin bo'lmoqda. Balki yaxshi futbolchi chiqib qolsa, olamiz. Lekin hozirgi tarkib bilan ham oldimizga qo'yilgan vazifani bajarsak bo'ladi.

- Abdulla Abdullaev qachon jamoaga qo'shiladi?

- Biz ham uni kutyapmiz. U jamoamizga katta kuch bag'ishlaydi. Uning darajasini yaxshi bilamiz. U hozir individual shug'ullanmoqda. Terma jamoa bilan Portugaliyaga qarshi o'yinda jarohat olgandi va uning tiklanishi uchun vaqt kerak bo'lmoqda. Suyagidagi dars ketishning bitishi uchun vaqt kerak ekan. Sekin-sekin uni tarkibga jalb qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia