

– Ikkinchi bo'limning so'nggi 20–25 daqiqasini oladigan bo'lsak, jamoaga gol kerak bo'lgan bir paytda birorta ham sifatli va xavfli hujum ko'rmadik. Jarima maydonchasi ichiga yorib kirish o'rniga, negadir ko'pchilik futbolchilar 25–30 metrlardan keraksiz zarbalar yo'llashdi. Butun jamoa jarima maydonchasi atrofiga yig'ilganiga qaramay, noaniq zarbalar berildi. Bu nima bilan bog'liq?
– Bu aynan nima bilan bog'liqligini aniq aytish qiyin. Fikrimcha, birinchi bo'limda ham, ikkinchi bo'limda ham keraksiz xatolar ko'p kuzatildi. Hal qiluvchi vaziyatlarda – qaror qabul qilish jarayonida oqsadik. Vaziyatdan chiqib ketish kerak bo'lgan o'rinlarda xato qildik, uzatma beriladigan vaziyatlarda adashdik, raqibni aldab o'tish zarur bo'lgan joyda esa to'pni oldirib qo'ydik.
Butun jamoaga tegishli jihatlar bor, ammo umuman olganda individual xatolar ko'p bo'ldi. Buni, albatta, murabbiylar shtabi bilan tayyorgarlik jarayonida ko'rib chiqqan edik. Qanday o'ynashimiz va nimalar qilishimiz kerakligini bilardik. Balki bu holat ruhiyat bilan ham bog'liq bo'lishi mumkin, lekin shaxsan men bunday deb o'ylamayman. Holatni tahlil qilib, tegishli xulosa chiqaramiz. Endi bor e'tiborni navbatdagi o'yinga qaratishimiz kerak, bu o'yin bizga o'ziga xos saboq bo'ldi.
– Ruhiyat bilan bog'liq fikringizga qo'shimcha qilmoqchiman. Aynan shu ruhiyat keyingi o'yin oldidan jamoaga qanday ta’sir qiladi? Maydondagi futbolchilarning harakatlaridan shu narsa bilinmoqdaki, jamoa bir necha o'yindan beri g'alaba qozona olmayapti va bu narsa ularga juda katta ruhiy bosim yuklamoqda. Keyingi bahs esa chempionat peshqadamiga qarshi kechadi. Bu bosimni qanday engib o'tmoqchisizlar?
– Albatta, har bir mag'lubiyat yoki yomon kayfiyat jamoaga ta’sir qiladi va o'ziga yarasha bosim yuzaga keladi. Bugungi o'yinda ham bosim yoki boshqa omillar o'z ta’sirini o'tkazgan bo'lishi mumkin. Ayrim futbolchilarimning maydondagi harakatlari bo'yicha savollar etarlicha, buni albatta ko'rib chiqamiz. Lekin endi ortga yo'l yo'q. Oldinda vodiy derbisi turibdi va unga jiddiy tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Hozir barcha salbiy o'ylarni chetga surgan holda, mashg'ulotlarga kirishishimiz talab etiladi.
– Bugun Dilshod Komilov himoyachi bo'lishiga qaramay, bir necha bor raqib jarima maydonida paydo bo'ldi, gol ham urdi. Biroq buning fonida markaziy hujumchiga bo'lgan sezilib qoldi. Norchaev o'tgan o'yinda ham, bu o'yinda ham maydonda unchalik ko'zga tashlanmadi.
– Birinchidan, "Qizilqum" o'yin boshidanoq himoyaviy taktika tanladi. Shu sababli himoyani yorib o'tishda qiynaldik. Agar sifatliroq o'ynaganimizda, samaraliroq hujumlar tashkil qilsak bo'lardi. Qanotlardan uzatmalarni ko'proq amalga oshirishimiz kerak edi. Tan olish kerakki, birinchi va ikkinchi bo'limda ham to'p nazorati asosan bizda bo'ldi. Albatta, "Qizilqum"ni ham alohida etirof etish joiz – ular yaxshi himoyalanishdi va oxirigacha kurashishdi.
Dilshod masalasiga kelsak, ko'p vaziyatlarda qanotdan uzatma bo'lishini kutib, futbolchilarimiz jarima maydonchasi ichiga kirib borishdi. Birinchi golda ham shunday holat kuzatildi. Biroq uzatmalarni kam amalga oshirdik, uzatma berilgan paytda esa jarima maydonchasi ichida futbolchilarimiz yetishmadi. O'yinni qayta tahlil qilib chiqishimiz zarur.
– Futbol taktikangiz murakkab deb o'ylayman. Ijrochilar qanchalik yaxshi bo'lmasin, har bir yangi qaror yoki taktik o'zgarish natija berishi uchun ma'lum vaqt kerak. Namanganda barqaror natija beradigan jamoani shakllantirish uchun taxminan qancha vaqt talab etiladi? Ikkinchi savolim: keyingi turda murakkab raqib – "Neftchi" kutib turibdi. Ushbu o'yinda taktik sxemalarda o'zgarishlar kutiladimi yoki soddaroq o'yin namoyish etiladimi?
– Jamoamizda yangi futbolchilar bor va ularga nisbatan o'ziga yarasha talablar qo'yilmoqda. Jamoa hali qurilish jarayonida. O'yindan-o'yinga kuchayib borishimizga ishonchim komil. Bugun ham, aslida, ancha yaxshiroq harakat qilsak bo'lardi, biroq individual xatolar pand berdi.
Ijrochilarga kelsak, hamma futbolchi ham hozir optimal formada emas. Kimdir jarohatdan qaytgan bo'lsa, boshqasi ancha vaqt mashg'ulotlarda ishtirok eta olmagan. Murabbiylar shtabi ayrim o'yinchilarga individual yuklamalar berish orqali ularni kerakli formaga olib chiqish ustida ishlamoqda. "Neftchi" bilan o'yinga kelsak, raqibning kuchli va zaif tomonlarini bilamiz. Ular hozir yaxshi sport formasida. Biz esa o'z rejamiz asosida maydonga tushib, g'alaba uchun kurashamiz.

– "Neftchi" laqabiga mos tarzda raqiblariga yo'lbars kabi tashlanib, ko'plab gollar urmoqda. "Navbahor" keyingi o'yinda raqibga navbatdagi xo'rak bo'lib qolishidan xavotirda emismisiz? Ketma-ket g'alabasiz o'yinlar seriyasi rahbariyatning sizga bo'lgan ishonchi pasayishiga olib kelmaydimi?
– Buni vaqt ko'rsatadi. Natija birdaniga yuzaga keladigan holat emas. Jamoa yil boshidan beri qayta shakllanmoqda, rahbariyat esa bizni har tomonlama qo'llab-quvvatlab, etarli sharoitlarni yaratib bermoqda. Lekin futbolda vaqt kerak. Bir yil ichida deyarli 90 foizga yangilangan tarkib bilan darhol yuqori natijalarga erishish qiyin.
O'zimga va yigitlarimga ishonchim komil. Mavsum endi boshlandi, hali birinchi davra bahslari ketmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, biz hozir murakkab vaziyatdamiz, chunki o'z maydonimizda o'ynamayapmiz. Bugungi bahsda "Qizilqum"ni yutishimiz shart edi, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham etarli edi. Muxlislarimiz esa vaziyatni to'g'ri tushunib, bizni faol qo'llab-quvvatlashmoqda. Ularning o'rni – 12-o'yinchi roli doimo bilinib turadi va buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman.
– Siz odatda 4-3-3 yoki 4-2-3-1 kabi asosiy o'yin sxemalaridan foydalanar edingiz. Lekin so'nggi ikki o'yinda qatorasiga uchta markaziy himoyachi bilan harakat qilganingiz ko'zga tashlandi va bu maydonda ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarayotgandek. Sxema masalasiga qanday izoh berasiz?
– O'yin davomida taktik o'zgarishlar bo'lishi tabiiy holat. Bazi vaziyatlarda 3 ta himoyachi bilan, bazida esa 2 ta markaziy himoyachi bilan qolmoqdamiz. Bu yerda hech qanday muammo yo'q. Raqib jamoaning qanday himoyalanishi yoki hujumga o'tishiga qarab o'zgarishlar kirityapmiz va futbolchilarimiz bunga tayyor. Kerak bo'lganda 3 talik, zarur bo'lganda 4 talik himoya tizimiga o'tyapmiz.
Agar bu jarayonlar g'alaba bilan birga kechganida, albatta, yoqimliroq bo'lardi. Afsuski, o'tgan turda g'alaba qozonib turib, yakunda uni qo'ldan chiqardik. Bugun ham, o'zingiz guvoh bo'lganingizdek, hujumlarimiz va zarbalarimiz o'xshamadi.
– O'tkir Yusupov O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga yo'l olishida katta hissa qo'shgandi. Ammo mundialni inobatga olmagan taqdirimizda ham uning "Navbahor" safidagi turnirga qadar va turnirdan keyingi o'yinlari biroz etirozli savollar hosil qildi. Bu uning yoshi bilan bog'liqmi yoki jismoniy holati bilanmi?
– Futbolda hamma joyda xatolar bo'lib turadi. O'tkir – terma jamoa darajasidagi darvozabon va u o'z imkoniyatlarini juda yaxshi tushunadi. Qayerdadir texnik kamchiliklar, qayerdadir ruhiyat bilan bog'liq holatlar kuzatilishi mumkin. Lekin u yuqori saviyadagi darvozabon. Bunday sinovli davrlar har bir futbolchining faoliyatida uchraydi. Ishonchim komilki, bundan barchamiz to'g'ri xulosa chiqaramiz va faqat mehnat qilish orqali buni engib o'tamiz.
– Bugungi uchrashuv qaydnomasida Muhammadali Usmonov ko'rinmadi. Bu nima bilan bog'liq?
– Agar qaydnomaga 23 tadan ko'proq o'yinchini kiritish mumkin bo'lganida, uni ham albatta qo'shar edik. Bugungi taktik rejalarimizdan kelib chiqib, shunday xulosaga keldik. Navbatdagi uchrashuvlarda nasib etsa, u ham qaydnomadan joy oladi. Muhammadali o'z ustida ishlamoqda, u yaxshi darajadagi futbolchi va biz barchaga birdek imkoniyat beramiz.



