

Timur Kapadze: “Neftchi” bilan qiyin bahs bo'lishini bilardik. Oxirgi daqiqalarda gol o'tkazib yuborganimiz alamli bo'ldi. Farg'onada o'ynash oson emas, lekin shunga qaramay yigitlar ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi. Muxlislarga ham minnatdorchilik bildirmoqchiman.
- 80 daqiqada 3 nafar kreativ futbolchilarni (Jiyanov, Xolmatov, Ilich) zaxiraga oldingiz…
- Zaxiradan o'yinga qo'shilganlar yaxshi harakat qilishdi. Kojo ham zaxiradan maydonga tushdi. U bahs taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo uning “Neftchi”da o'ynab ketgani… Albatta, bu hazil. Yigitlarimiz maydonda borini berishdi, ularga rahmat.
- Abbos G'ulomov bugun o'yin qaydnomasiga kiritilmadi, unda jarohat bormidi?
- Yo'q, jarohat yo'q. Qaydnomaga cheklangan miqdorda futbolchi kiritish mumkin. Murabbiylar shtabi bilan maslahatdan so'ng rotaciya qildik. Har o'yinda kimgadir dam berishga harakat qilyapmiz.
- O'yinni boshida Ruslanbek Jiyanov himoyaga yordam berdi, keyin oldingizga chaqirib, hujumga o'tish kerakligi haqida gapirgandek bo'ldingiz. Bu “Neftchi” qanotidagi futbolchi zaifligi bilan bog'lash mumkinmi?
- Jiyanov hujum va himoyada nimaga qodirligini yaxshi bilamiz. Himoya va hujumda faol bo'ldi.
- Jamoaning oxirgi oltita bahsdagi g'alabasiz seriyasini qaysi kamchiliklar bilan bog'layapsiz?
- Jamoaga yangi kelgan futbolchilar bor. Biz ularga, ular bizga ko'nikishi uchun vaqt kerak. “Neftchi” bilan bahs bizni “relsga qo'yadi” deb o'ylayman. Muammolar ustida ishlayapmiz. Uyda o'ynash ham o'zgacha ahamiyat kasb etadi. “Neftchi” muxlislar yordamida o'zida kuch topa oldi. Rahbariyat ham bizni tushunib turibdi va qo'llab-quvvatlamoqda.
- “Navbahor” tezkor gol urib oldi. “Cooling Break”dan so'ng ikkala jamoada temp biroz pasaydi, keyin yana ko'tarildi. Bunday tanaffus haqida fikringiz?
- Havo salqinroq bo'lganida olib tashlashsa kerak. Yanayam bilmadim, chunki biz ham dunyo futboliga moslashyapmiz. Hozir darvozabon to'pni o'yinga kiritishi, jarima zarbasi… hammasi soniyasigacha hisobga olingan. Bu narsa tempni ko'taradi. Tanaffus esa yigitlarga biroz tin olishga yordam beryapti. Lekin jarohat olgan futbolchi tezda o'yinga qayta olmayapti, atayin yotib olgan bo'lsa tushunish mumkin, biroq rostdan shikastlangan futbolchi sabab jamoa qanchadir vaqtga bir kishi kam bo'lib qolyapti. Bu tomonlari o'rganib chiqilmagan.
- Bugungi vaziyatdan kelib chiqsak, “Navbahor” bir ochko oldimi yoki ikki ochko yo'qotdimi?
- “Neftchi”dayam yaxshi vaziyatlar bo'ldi, lekin biz g'alabaga haqli edik deb o'ylayman. Oxirgi daqiqalarda standartdan gol o'tkazib yuborish alamli. To'g'ri, omadimiz ham keldi, biroq “Navbahor” ham yaxshi vaziyatlar yarata oldi. Bugun g'alabani qo'ldan chiqardik.



