Anvar G'ofurov: "Bizning ham o'z maydonimizda o'ynagimiz keladi"

8 avg 2026, 00:38
Superliganing 16-turi doirasida "Surxon" - "Navbahor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Anvar G'ofurov o'z fikrlarini bildirdi.

- O'yin juda qiziqarli va muxlislarbop o'tdi. "Navbahor" - yaxshi jamoa, zo'r murabbiyga ega, o'zining o'yin uslubi bor. O'z navbatida bizning ham o'zimizga hos principlarimiz bor va shuni ushlashga harakat qildik. Bugungi o'yin borasida yigitlarga etirozlar kam, bugun ular ko'p mehnat qilishdi va yaxshi o'ynashdi deb o'ylayman. Boshqa vaziyatlarda bizda vaziyatlarni yakunlash sifati oqsadi.

- "Surxon"ning o'yinida jahon chempionatidan keyin qanday o'zgarishlar bo'ldi?

- Albatta, o'zgarishlar bor. Bizda iqtidorli yosh futbolchilar chiqib kelishyapti va ularga imkoniyat berilyapti. Bunday o'yinlar orqali futbolchilarga katta yuklamalar tushyapti. Chunki biz to'rtta o'yin rotaciya qilganimiz yo'q. Shu o'yinga kelib, futbolchilarga charchoq bilindi. Talablarimiz ham o'ziga yarasha va yuklamalar ham katta. Shu sababli bugungi o'yinda rotaciya qilishga qaror qildik. Yoshlarga imkoniyat berildi va ular o'zlarini ko'rsatishdi. Kelasi o'yinlarda ham rotaciya qilishimiz kerak bo'ladi. Chunki mavsum juda zich. Rotaciya bu yangilik emas, buni bajarib turish kerak. Buning uchun zaxira o'rindig'idagi futbolchilar ham yaxshi bo'lishlari kerak.

- So'nggi vaqtlarda o'z maydonida o'ynamayotgan "Surxon" ko'p tanqid qilinmoqda. Jamoa uyiga borishni istamayotgandek. Surxondaryodagi vaziyat qanaqa?

- Bizda shunday gaplar aytadigan aqlli insonlar juda ko'p. Stadionimiz tayyor bo'lmasa, qayerdadir o'ynashimiz kerakku? Masalan Surxondaryoda o'zimizning 15 ming muxlis qarshisida, bizga muxlislik qiladigan insonlar yonida futbol o'ynagan maqulmi yoki Namanganga kelib, 15 ming namanganlik muxlislarning "Navbahor"ga muxlislik qiladigan joyda o'ynagan maqulmi? Buni o'ylash uchun ko'p aql kerak emas. Bunday gaplarni gapiradigan insonlar juda ko'p. Barchaning o'z vijdoniga havola. Biz ham uyimizda o'ynagimiz keladi. O'z uyingda devorlar ham yordam beradi degan gap bejizga emas. Bu narsa ancha yillardan beri o'z tasdig'ini topgan. O'zbekistonda eng issiq joy Termiz bo'lsa kerak. Toshkentda "Paxtakor" stadionida 3 oyda chim qanday holatga kelib qolganini barcha ko'rdi. Lekin Termizda undan ham issiq. Bu normal holat va bu bizning nazoratimiz ostida emas. O'z muxlislarimiz qarshisida o'ynab, ularning oldida yaxshi kayfiyatda bo'lish bizga ham yoqadi. Bu kerak emas gap. Bu gapning manosi ham yo'q. Masalan Toshkentdagi biror stadionni uy stadioni qilsak ham tushunsa bo'lardi. Lekin biz "Dinamo" maydonida o'ynadik, mana mezbon bo'lib, "Navbahor" stadionida ham o'ynadik. Lekin o'z maydonimiz tayyor bo'lmasa, nimadir qilishimiz kerak. Nasib qilsa, Toshkentdagi biror stadionda uy o'yinlarini o'tkazamiz. Lekin bu ham bizning qo'limizda emas. Barchasini to'g'ri tushunishimiz kerak.

- Jamoani Surxondaryoga qaytarish bo'yicha vaziyat qanday?

- Ishlar davom etyapti. Bu bir kunda bo'ladigan ish emas. "Paxtakor" stadioniga ham qancha pul ketdi va mana maydon dabdala holatda. Tabiat injiqliklarini to'g'ri tushunish kerak. Juda qiyin bu, barchasini to'g'ri qabul qilish kerak. Odamlar o'z reytingini oshirish uchun xayp qilishmoqda. Biz tarafdan odam bo'lsa, bu gapni gapira olishmasdi, menimcha.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia