

- "Lokomotiv"ni g'alaba bilan tabriklayman. Afsuski bizda jismoniy holat unchalik yaxshi emas. Bu o'yinoldi mashg'ulotda ham ko'rindi. O'yin bobida nima ham deyish mumkin, golni bizga raqib darvozaboni sovg'a qildi, biroq keyin o'z vazifasini yaxshi bajardi. Keyinchalik o'zimizning qo'pol xatolarimiz sababli gollar qo'yib yubordik. Umuman olganda hujum qilish uchun kuch topa oldik. Gol urgandik, biroq hisoblashmadi. Qiziqib ko'rsam, avvaliga hakamlar darvozabonga nisbatan qo'pollikni ko'rishdi, biroq bunday harakat bo'lmagan ekan va ular futbolchimizning qayerdadir qo'li bilan o'ynagan harakatini topishibdi. 83-daqiqada "Lokomotiv" futbolchisi o'z jarima maydonchasida qo'l bilan o'ynaganini VAR ko'rmadi. Bu ajablanarli holat. Bazida VAR yordam bersa, ayrim holatlarda bizga qarshi bo'ladi. Shu sababli "Loko"ni g'alaba bilan tabriklayman. Ularda tiklanib olish uchun 2 kun ko'proq vaqt bo'ldi. Endi keyingi o'yinga tayyorlanamiz.
- Ketma-ket yaxshi natijalardan keyin mag'lub bo'lish alam qiladi. Anvar Xojimirzaev va Azizbek Amonovlarning safdan chiqishi qanchalik yomon holat?
- Albatta, biz uchun og'ir zarba. Zaxira o'rindig'imiz toraydi. Futbolchilar ketma-ket o'yinlarda o'ynayotgani uchun ikki karra ko'proq yuklamalar olishmoqda. Shuningdek, o'tgan o'yinda katta miqdordagi hissiyotlarni ishlatdik. Tiklanish qiyin bo'ldi, yana yo'l azobi ham bor. Mag'lub bo'lmaydigan jamoaning o'zi yo'q. Ikki o'yinda 4 ochko yo'qotish alam qildi. Endi futbolchilarni tezroq tiklash kerak. Keyingi o'yinimiz bir haftadan so'ng bo'ladi. Bir-ikki kun dam olib, keyingi o'yinga tayyorlanamiz.
- O'tgan o'yinda "Lokomotiv"ning asosiy darvozabonining qizil kartochkani olganiga qarab reja tuzdingizmi? Chunki "Loko"ning asosiy posboni oldinroqda, markaziy himoyachilar poziciyasida ham o'ynay olardi.
- "Lokomotiv"ning asosiy darvozaboni dispetcherlik vazifasini ham bajarayotgandi. Qizil kartochka va boshqa darvozabon bo'lganidan keyin ular boshqacharoq o'yin uslubida o'ynashi tushunarli. Shu boisdan biz uzoqdan ko'proq zarbalar berish talabini qo'ygandik, ammo o'yin davomida uzoqdan ikki marta darvozaga zarba berdik. Bu futbolchilarga katta etiroz: zarba beriladigan poziciyalarda ham ular pas berish uchun sheriklarni qidirishdi.
- "Dinamo"ning moliyaviy tomondan holati qanday? Jamoa Xojimirzaev va Amonovsiz yuqori darajadagi jamoalar bilan ham tengma-teng kurashmoqda.
- Rahbariyatga rahmat aytaman. Ular bor imkoniyatlarini ishga solib, barcha qarzlarni uzishdi. Endi ayrim muammolar boshlandi: bazi futbolchilar ketdi, kimlardir jarohat oldi va zaxira o'rindig'i toraydi. Oldimizda 3 kun vaqt bor va ayrim poziciyalarni yopish uchun futbolchilar izlayapmiz. Aslida bu rejada yo'q edi va endi kimlar orqali jamoani kuchaytirish haqida o'ylayapmiz.
- Jamoangiz yaxshi o'yin ko'rsatdi. Jamoaviy hujumlar ko'p bo'ldi. Lekin ayrim vaziyatlarda e'tibor yo'qolib qolmoqda.
- To'g'ri payqabsiz. Charchaganda miya ham o'ylashdan to'xtab qoladi. Buning barchasi charchoq bilan bog'liq. O'yin oldidan bo'layotgan mashg'ulotda futbolchilarda kuch ko'rmadim. Har bir jamoa raqib qanchalik imkoniyat berishiga qarab o'ynaydi, ikkinchi bo'limda biz ko'proq hujum qilgandirmiz, biroq yutayotgan jamoa hisobni ushlashga, ikkinchisi esa hujumga o'tishi tabiiy hol. Bu o'yinga jismonan tayyor bo'lganmiz, deya olmayman. "Lokomotiv" hisobni ushlab qolish uchun o'ynadi, bizda esa tashabbus bo'ldi. Bizga kuch yetishmayotgani ko'rinib turibdi.

- Matbuotda Rustam Turdimurodovning "Dinamo"ga o'tayotgani haqida ma'lumotlar chiqdi. Ikkinchi savolim: "Dinamo"da imkoniyat berilmagan Ulug'bek Xoshimov "Xorazm"da ikkita gol urdi. Jamoaga esa hujumchilar yetishmayapti.
- Xoshimov bilan uchrashib, gaplashib olganmiz. Bungacha bizda u bilan muammolar bo'lmagan. Bizda unga imkoniyat berilmasdi. Sizda shunday futbolchi bo'lsa, unga yordam sifatida jamoasini o'zgartirishingiz mumkin. U bizga kelganida barchasini zo'r boshlagandi. Keyin esa yo'q bo'lib qoldi. Nafaqat futbolchilarda, balki, istalgan kasbda amaliyot bo'lmasa, tajriba yo'qoladi. Unga zarar bermasdan boshqa jamoaga o'tishini istadik. Biroq u ketishidan oldin bizda Xojimirzaev, Amonov kabi futbolchilarning jarohati rejada emasdi. Agarda ular safda bo'lsa, Xoshimovda baribir imkoniyat bo'lmasdi. Hali bizda jamoaga yordam bera oladigan yosh futbolchilar ham bor. Hozir qo'l ostimizdagi futbolchilarga tayanamiz.
Rustam Turdimurodov bo'yicha "Paxtakor" bilan gaplashdik. Menimcha barcha bir-biri bilan kelishib bo'lgan.
- "Dinamo"ga birinchi davrada kelgan futbolchilar moliyaviy holat sababli jamoadan ketishdi. "Dinamo"ni "Andijon" kabi FIFA taqiqi kutmayaptimi? O'z navbatida yangi legionerlar ham birinchi davradagi kabi kyetib qolishmaydimi?
- Legionerlar bilan kelishib oldik, ularga ketishidan oldin barcha masalasini hal qilib berdik. Bizga kelishi mumkin bo'lgan barcha shikoyatlarni bartaraf qildik. Oldimizda bizni bunday muammolar kutmasligi kerak.
- Yozgi transferlar oynasida markaziy himoyachi poziciyasini kuchaytirish rejasi bormi?
- Ikkinchi davra oldidan bizda markaziy himoyaga unchalik etirozlar yo'q. Menimcha bunday qo'pol xatolar qilingan birinchi o'yinimiz bo'lsa kerak. O'yinlar ko'p bo'lgani uchun maydonda o'ylash uchun kuch yetishmay qolyapti. Qo'shimchasiga yarim himoyachilar ham noto'g'ri o'ynashdi. Mavsumni qo'l ostimizdagi futbolchilar bilan yakunlaymiz. Oldimizda bizni hujumda muammolar turibdi. Bilishimcha yaqinda Olimpiya termasi yig'iladi va ikki futbolchimiz - Abdurahmonov va O'rmonjonov ixtiyorimizda bo'lmaydi. Agar ular bo'lmasa, endi boshqa futbolchilarni qo'yishga majbur bo'lamiz.
- Anvar Xojimirzaev "Dinamo"ning yetakchisi, biroq u klubida zo'r, termada esa ko'rinmay qoladi. Bunga nima sabab deb o'ylaysiz?
- Menimcha bu savolni terma murabbiylariga berish kerak. Barchasi uning qarashlariga bog'liq. Lekin u bizda haqiqatdan ham yetakchi va borini berib o'ynaydi.



