Jahon chempionati: har kuningdan lazzat ol

Xayrulla Xoliqov
18 iyun 2026, 18:45
Ilk Jahon chempionatini ko'rganimda 17 yosh edim.

1998 yil Fransiyada o'tgan mundial men uchun birinchi Jahon chempionati bo'lgan. Uyimizda oq-qora "Rassvet" televizor bo'lardi. Men Toshkentda liceyda o'qir va Jahon chempionati yozgi tatilga to'g'ri kelgandi. Tatilda uyga qaytib o'yinlarni dadam, men va ukam - uchalamiz shu televizorda ko'rganmiz. Eslasam, o'sha paytdagi hissiyotlar umuman boshqacha bo'lgan ekan. Kunduz kunlari uy ishlariga qarashardim, tegirmonimiz bor edi, qoplab un chiqarardik. Kechki payt uyga kelib futbol ko'rardik. O'ziyam zo'r damlar edi.

2.jpg

O'sha mundialda Fransiyaga muxlislik qilganman va hozir ham ko'p musobaqalarda francuzlarga bo'lgan hurmatim baland. 1998 yil Fransiya Jahon chempioni bo'lganida rosa xursand bo'lganman. Oradan ikki yil o'tib o'sha jamoaning oltin avlodi Yevropa chempionatida ham zafar quchgan. Bartez, Desham, Peti, Anri, Zidan, Tyuram, Trezege, Jorkaeff, Desayi kabi yulduzlar men uchun eng yoqimli o'yinchilarim bo'lib qolgandi.

Eslasam, 17 yoshda hech qanaqa taktika, tarkib, futbolchilar joylashuvi kabilarga umuman qiziqmagan ekanman. Men faqat oq-qora televizorda o'yinlarni ko'rganman va Jahon chempionatining har bir kunidan rohat olganman. O'ziyam ajoyib damlar bo'lgandi-da. Endi o'ylab qarasam, o'sha ilk Jahon chempionatidagi muhit va taassurotni, menga qanchalik ta’sir qilganini hech nimaga alishib bo'lmas ekan. Yoqimli tuyg'ularni hech narsaga almasha olmaysiz, unutib ham yubormaysiz.

Oradan 28 yil o'tdi. Dadam (umrlari uzoq bo'lsin) haliyam futbol ko'radilar, ukam unchalik qiziqmay qo'ygan, men esa taqdirimni futbol bilan bog'ladim va bir necha yildan beri shu sohada faoliyat yuritib kelyapman. Futbol jurnalistikasini tanlashimga 1998 yilgi mundial tamal toshini qo'ygan bo'lsa, Evro-2000 va undan keyin 2002 yilgi Jahon chempionati asosiy sabab bo'lgandi. Ayniqsa 2001 yil o'tkazilgan saralash o'yinlarida O'zbekiston terma jamoasining ishtiroki ham miyamda muhrlanib qolgan.

Oradan 28 yil o'tib yana o'sha bolalikdagi tuyg'ularni boshdan kechirishga harakat qilyapman. Tegirmon navbati bilan deganlaridek endi o'g'lim bilan futbol ko'ryapmiz. O'g'lim 16 yoshda va o'yinlarni birgalikda kuzatar ekanman, 17 yoshda men qanday hissiyotlarni kechirgan bo'lsam, mundial ifori va yoqimli hisini hozir o'g'limda ko'ryapman. Bu o'g'lim uchun birinchi mundial, O'zbekiston terma jamoasi bilan bir qatorda "Barselona" futbolchilari qaysi jamoalarda o'ynayotgan bo'lsa, shu jamoalarga muxlislik qilyapti. O'zim qariyb 30 yildan beri "Barsachi"man, o'g'lim ham shu jamoani yoqtirib qoldi.

O'zbekiston terma jamoasi bugun ertalab mundialdagi ilk o'yinini o'tkazdi. Bu umuman boshqacha tuyg'ularni berdi. Endi bizning ham Jahon chempionatida muxlislik qiladigan o'z jamoamiz bor, endi Fransiya, Argentina, Angliya va boshqalar ikkinchi daraja bo'ladi. Endi milliy bayrog'imiz tasviri tushirilgan futbolkalarda to'p tepayotgan yigitlardan ko'z uzmaymiz.

Birinchi o'yinda omad kelmadi, lekin to'g'risi bunga e'tibor bermaslikka harakat qilyapman. Tarkibda kimlar tushishi, qaysi taktikada harakat qilishimiz hozir unchalik qiziq emas, muhimi Jahon chempionatida ishtirok etayotganimiz. Muhimi, hozirgi Jahon chempionati menga 17 yoshimdagi tuyg'uni berayotgani. Men shundan zavq olishga harakat qilyapman. Shu bois terma jamoamiz haqida tanqidiy fikr aytishdan yiroqman. Yigitlar, maza qilib futbol o'ynanglar, bu kunlar o'tkinchi, bir umr yodingizda qoladigan musobaqa bo'lib qolsin degim keladi.

5.jpg

Jahon chempionati - har to'rt yillikning eng katta bayrami. Bu yurtga kelgan to'y. Salkam 40 millionlik xalqimiz terma jamoani qo'llab turibdi, bu juda katta gap. Kolumbiyaga qarshi o'yinimizni kimdir uyda, kimdir park, stadionlarda o'rnatilgan katta ekranda, kimdir ishxonada hamkasblari bilan ko'rdi. Hamma shu o'yinni intiqlik bilan kutdi, tinmay kun va soat sanadik. Ha shunday, Jahon chempionati mazasi baribir boshqacha bo'ladi. Jahon chempionati shunday musobaqaki, har kunidan rohat olish kerak.

Jahon chempionati ayniqsa yoshlarga juda katta ta’sir qiladi. Yoshlarda shu orqali futbolga qiziqish paydo bo'ladi, minglab ota-onalar o'z farzandini futbolga beradi. Balki hozir yoshimiz katta bo'lib, o'yinlarni o'zimizcha tahlil qilib ko'rarmiz, lekin o'spirin yigit-qizlarga buning farqi yo'q, ularga futbol bo'lsa bo'ldi. Men ham 17 yoshimda Jahon chempionatini shunchaki maza qilib tomosha qilganman, hozir o'g'lim shunday ko'ryapti. Muhimi, o'yinlardan qanchalik zavq olayotganini chetdan qarab juda yaxshi tushunib turibman.

4.jpg

Shunday ekan, o'ylab qolaman: Jahon chempionati bu avvalo - bolalar uchun. Endi-endi futbolga qiziqishni boshlayotgan avlod uchun. Ishonamanki, ushbu mundial sabab bizda futbolga qiziquvchilar soni nihoyatda ortadi. Chunki bolalarning endi o'z sevimli terma jamoasi bor: O'zbekiston. Kimdir uchun bu birinchi mundial bo'lyapti. Va birinchi mundialdayoq O'zbekiston ishtirokidagi o'yinlarni ko'rayotgan o'g'il-qiz nihoyatda baxtli. Ochig'i, ularga havasim keladi. Ularni ko'rib men ham bola bo'ib qolsam, 17 yoshdagi tuyg'ularni yana boshdan o'tkazsam deyman. Lekin vaqtni ortga qaytarib bo'larmidi. Shunday ekan, Jahon chempionatining har bir kunidan lazzat oling, kun bo'yi yoqimli hislar og'ushida yuring, sevimli futbolchingizga o'xshashga harakat qiling, Ona yurt jamoamiz o'yinlaridan maza qilaylik. Chunki bu kunlar boshqa qaytmaydi.

Xayrulla Xoliqov

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: Championat.asia