Fabio Kannavaro: "1:3 – alam qiladigan natija, lekin yigitlarning o'yinidan faxrlanaman" (to'liq matbuot anjumani)

Оқил Абдубарноев
18 iyun 2026, 12:49
O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jahon chempionati 1-turi doirasida Kolumbiyaga qarshi o'yindan so'ng (1:3) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Natija haqida so'ramoqchi edim. Ikkinchi bo'limda jamoa ancha yaxshilandi va o'yin boshidagidan ko'ra ancha mazmunli harakat qildi. Shuni hisobga olsak, 3:1 hisobi sizni ranjitgandir va o'yinga nisbatan biroz adolatsizlik bo'ldi, deb o'ylamaysizmi?

– Bilasizmi, bizga o'xshagan kichik jamoa bugungidek mehnat qilsa, 1:3 hisobida yutqazish biroz og'ir botar ekan. Jamoamdan o'yinda diqqatli bo'lishni so'ragan edim. Birinchi bo'limda ular juda hayajonlanishdi, o'zlarini yo'qotib qo'yishdi. Birinchi bo'limda faqat himoyalanishni o'ylashdi. Ikkinchi bo'limda chap qanotda bazi o'zgarishlarni amalga oshirishga to'g'ri keldi, chunki birinchi bo'lim menga yoqmadi. Shu sababli maydonga yana ikkita o'yinchini tushirdim, biz o'ynashni, o'yinni biroz ko'proq nazorat qilishni boshladik va bir nechta imkoniyatlar bo'ldi. Lekin o'zingiz aytganingizdek, 1:3 – alam qiladigan natija.

– Bugungi natijadan qati nazar, Meksikada O'zbekistonni, o'sha mintaqa futbolini ko'rish unchalik oson emas. Natijani hisobga olmaganda, o'yin sifati, yondashuv va jamoaning holati orqali dunyoga ko'rsatmoqchi bo'lgan narsangiz shumidi? O'zbekiston orqali dunyoga nimani namoyish qilmoqchi edingiz?

– Yo'q. O'zbekistonga kelganimdan beri shunday ishlashni boshladim, chunki Osiyo jamoasi sifatida bizda juda yaxshi salohiyat bor deb hisoblayman va albatta, o'sishimiz kerak. Men doim yigitlarga o'yinga to'liq diqqatni qaratishni uqtiraman, chunki Kolumbiya, Portugaliya kabi terma jamoalarga qarshi o'ynash oson emas. Albatta, 10 daqiqadan so'ng masofalarni yo'qota boshlaysiz, keyin esa asabiylashasiz, chunki faqat to'psiz yugurishga to'g'ri keladi. To'pni olganingizda ham o'ynash uchun fikringiz tiniq bo'lmaydi. Lekin o'ylaymanki, bugun jamoa qachon qiyinchilikni engib o'tish kerakligini, qachon to'pni nazorat qilishni va qachon bir qanotdan ikkinchi qanotga o'tishni tushundi. Ikkinchi bo'lim juda yaxshi bo'ldi, lekin bunday darajada xato qilsangiz, buning badali juda qimmatga tushadi. Achinarlisi shunda.

– Fabio, siz futbolchi sifatida dunyoning eng yaxshi maydonlarida to'p tepgansiz, Italiya terma jamoasi sardori sifatida 2006 yil Germaniyada jahon chempioni bo'lgansiz, "Real Madrid"da o'ynagansiz. Lekin, uch marta jahon chempionatiga mezbonlik qilgan "Acteka" stadionida hech qachon bo'lmagansiz. Bu maydonda bo'lish, muxlislarni ko'rish va bu o'yindagi muhitdan qanday taassurotlar oldingiz?

– Kecha ham aytgan edim, bu yerda o'ynash – buyuk sharaf. Bu yerda to'p tepish ajoyib, buni butun umr eslab yurasiz. Mening futbolchilarim bu stadionda birinchi marta o'ynashdi, o'ylaymanki, ular ham buni bir umr eslab qolishadi.

– Bugun mag'lub bo'lgan bo'lsangiz ham, bu o'yindan qanday ijobiy jihatlarni o'zingiz uchun oldingiz? Va yana bir savolim bor: deyarli barcha almashtirishlardan foydalanganingizni ko'rdik. Iloji boricha ko'proq o'yinchilarga jahon chempionatida o'ynash imkoniyatini berishga harakat qildingizmi yoki bu ko'proq taktik rejamidi?

– Yo'q, bu taktik reja edi. Albatta, biz jahon chempionatidamiz. Bu shunchaki hammaga ham maydonga tushish imkoniyatini beraverish degani emas. O'ylaymanki, bugungi bahs futbolchilarimiz uchun juda yaxshi tajriba bo'ldi. Chunki xato qilib, bugungidek tovon to'laganingizda, bu kelajakda yodingizda qoladi. Men doimo ulardan markaz orqali o'ynamaslikni so'rayman, lekin ular markaz orqali o'ynashdi va shundan so'ng biz ikkinchi golni o'tkazib yubordik. To'pni yon chiziqdan tashlashda ham xatolarga yo'l qo'ydik.

– Mag'lubiyatdan tashqari, bugungi o'yindan o'zingiz uchun qanday saboq chiqardingiz? Jamoangizning qaysi harakatlarini etirof etasiz? Keyingi o'yinga tayyorgarlikni boshlash uchun kiyinish xonasida nimalarni aytdingiz?

– Men ular bilan gaplashdim. Ular ko'rsatgan o'yindan faxrlanishimni, harakatlari menga juda yoqqanini aytdim. Albatta, bugun birinchi o'yin edi, shuning uchun ularga qayerda ekanligimizni tushunish biroz qiyin bo'ldi. Aslida Meksikada emas, balki stadiondagi muxlislarni hisobga olsak, go'yoki Kolumbiyada o'ynagandek bo'ldik. Lekin ularga tayinlaganimdek, dastlabki 20 daqiqada juda ehtiyot bo'lish kerak edi. Keyin esa o'sha xatoga yo'l qo'ydik va bu bizga qattiq ta’sir qildi. Chunki birinchi bo'limda 0:1 hisobida ortda borayotganingizda, bu ruhiy jihatdan xalaqit beradi. Shunga qaramay, umumiy o'yinimiz yomon chiqmadi deb o'ylayman. Keyingi o'yinlar umuman boshqacha bo'lishi tabiiy. Portugaliya va Kolumbiya – umuman boshqa-boshqa jamoalar va bugun Portugaliya durang o'ynadi. Demak, ular 100 foiz g'alaba qozonishlari kerak. Ko'ramiz, nima bo'larkin.

– Fabio, bugun stadion to'liq sariq rangga burkanganini ko'rdik. 80 000 muxlis qarshisida, safarda o'ynash qanchalik og'ir bo'ldi yoki qanday his-tuyg'ularni uyg'otdi?

– Yo'q, men bunday tuyg'uni ko'p bor his qilganman. Albatta, futbolchilarimga aytganimdek, men Niderlandiyada Yevropa chempionatining yarim finalida g'alaba qozonganman, o'shanda butun stadion ularni qo'llab-quvvatlagan edi. Dortmundda, barcha nemislar qarshisida yarim finalda yutganman. Bazan bu sizga ko'proq motivaciya beradi. O'ylaymanki, bu holat ularga ham shunday ta’sir qildi.

– Guruhdagi Portugaliya va Kongo o'rtasidagi o'yin durang bilan yakunlanganini hisobga olsak, Kolumbiyaga qarshi bu o'yindan qanday xulosa chiqardingiz?

– Xulosa shuki, kiyinish xonasida futbolchilarga ham aytganimdek, bu darajadagi musobaqada xatolarni kamaytirish kerak. Chunki ko'p xato qilish – katta muammo. Menimcha, birinchi golni o'zimiz sovg'a qildik, chunki biroz dangasalik qildik va bo'sh hududga kirib kelgan futbolchini kuzatib bormadik. Jarima zarbasini oldinga tepishimiz kerak edi, ammo markazga uzatdik... Shubhasiz, biz kamroq xato qilishimiz shart.

– Fabio, futbolchilaringizning o'yinni yakunlash tarzi va yaratilgan bir nechta imkoniyatlar ularda to'satdan "biz shu erga munosibmiz" degan ishonch uyg'otgandek tuyuldi. Bu Portugaliyaga qarshi o'yinda muhim ahamiyatga ega bo'ladimi?

– Albatta. Birinchi bo'limda futbolchilarimga to'p bizda bo'lganida ko'proq harakat qilishimiz kerakligini, qo'rqmasligimiz lozimligini aytdim. Agar o'ynash uchun o'zimizda jasorat topa olmasak, qulay bo'sh hududlarni topa olmasak, qiyin bo'ladi. Ikkinchi bo'lim ancha yaxshi o'tdi. Umid qilamanki, Portugaliyaga qarshi o'yinni ko'proq o'zligimizni ko'rsatib, o'ynashga intilgan holda, yanada dadilroq boshlaymiz. Aks holda, qiyin bo'ladi.

– Siz bugun o'ta himoyaviy, 5-4-1 taktikasini maydonga tushirdingiz. Butun o'yin davomida deyarli shu tizimda o'ynadingiz. Bu bilan nimani ko'rsatmoqchi edingiz? Kolumbiyaga bo'lgan hurmatnimi yoki raqib xatosiga tayanib o'ynamoqchimidingiz? Yakunda sizda imkoniyatlar bo'ldi va natija boshqacha bo'lishi ham mumkin edi.

– Yo'q, bu men O'zbekistonga kelgunimga qadar foydalanib kelingan tizim. Oldingi murabbiylar ham shunday o'ynashgan va men buni o'zgartirishni xohlamadim. Bazida bu shunday tizimki, agar uni to'g'ri qo'llasangiz, to'p sizda bo'lganda ham ma'lum ustunliklar berishi mumkin. Shuning uchun bu sxema menga yoqadi va uni o'zgartirmadim. Ayniqsa, 4-4-2 yoki 4-3-3 taktikasida o'ynaydigan jamoaga qarshi maydonga tushganingizda o'yin tizimlari sizga yordam berishi mumkin. Biroq yakunda baribir o'yinchilarning mahorati hal qiluvchi rol o'ynaydi deb hisoblayman. Bugun ham bu o'z so'zini aytdi.

– Guruhdagi dastlabki ikki jamoa o'rtasidagi birinchi o'yin natijasini bilgan holda maydonga tushish sizda qandaydir o'ylar uyg'otdimi yoki rejalaringizni o'zgartirishga majbur qildimi? Axir bugungi o'yinda g'alaba qozongan jamoa guruh peshqadamiga aylanar edi.

– Qandaydir umidlar bo'lishi mumkin edi, ammo biz o'z darajamizni ham to'g'ri baholashimiz kerak. Kolumbiya yoki Portugaliya kabi jamoalarga qarshi maydonga tushganda g'alaba qozonish oson emas. Albatta, buning uchun bor kuchingizni berishingiz mumkin, lekin mukammal o'yin o'tkazish talab etiladi. Bugun ayrim xatolarga yo'l qo'ydik va buning uchun juda qimmat tovon to'ladik. Shunisi aniqki, o'yinga tayyorgarlik ko'rayotganda har doim g'alaba uchun tayyorlanasiz, lekin shu bilan birga qanday mag'lub bo'lishni ham bilish kerak.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia