Mixed zone. Abdulla Abdullaev: "Hayajon bo'ldi, lekin umuman qo'rquv bo'lmadi"

18 iyun 2026, 17:30
Jahon chempionati 1-turidan o'rin olgan O'zbekiston - Kolmubiya bahsidan so'ng terma jamoamiz himoyachisi Abdulla Abdullaev saytimiz uchun intervyu berdi.

- Qiyin o'yin bo'lishini bilardik va natija o'zimiz kutgandek chiqmadi. Ko'ngilni cho'ktirmaslikka harakat qilyapmiz, oldinda hali ikkita uchrashuv bor va shu o'yinlarda ijobiy natija ko'rsatishga harakat qilamiz. O'ylashimcha, yomon o'yin ko'rsatmadik, gol ham urdik, lekin yutqazib qo'ydik.

- Sizningcha, jamoa qanchalik o'z o'yinini namoyish eta oldi?

- Ko'proq ikkinchi taymdagi o'yinimiz yoqdi. Biz bosimdan chiqib keta oldik va o'z o'yinimizni ko'rsatishga o'tdik. Agar birinchi taymda ham shunday harakat qilganimizda balki natija boshqacha bo'larmidi. Bu biz uchun birinchi Jahon chempionati va mundialdagi ilk o'yinimiz bo'ldi. Xatolarni o'rganamiz, tahlil qilamiz.

- O'yin kuni siz uchun kun qanday o'tdi?

- Baribir sportchilarga xos hayajon bo'ldi, lekin qo'rquv umuman bo'lmadi. Odatdagidek tayyorgarlik ko'rdim. Kitob o'qidim, yigitlar bilan gaplashdik, kulishdik, o'yin qanday kechishini ko'z oldimizdan o'tkazdik. Biz uchun faqat stadion nihoyatda katta ekanligi va muxlislarning ko'pligi noodatiy bo'ldi.

- Luis Diasni "yopish" qanchalik qiyin ekan?

- Maqsadimiz faqat bir futbolchiga e'tibor qaratib, Diasni yoki boshqasini "yopish" emasdi. Biz jamoaviy o'yin ko'rsatishga harakat qildik. Farqi yo'q, raqib hujumidan kim kelsa ularga nisbatan qattiq o'ynab o'yin bermaslik edi. Bizga kimnidir personal yopish vazifasi yuklatilmadi, urg'u jamoaviy o'yinga berildi.

- O'yindan keyin kiyim almashtirish xonasidagi kayfiyat qanday bo'ldi?

- Yutqazib qo'yganimiz alam qildi. Lekin hozir hamma tushunib turibdi: biz oddiy turnirga kelganimiz yo'q. Jahon chempionligi uchun kurasha oladigan jamoaga qarshi bahs olib bordik. Xatolar bo'ldi va bularni to'g'rilash ustida ishlaymiz. Keyingi bahslarda kamroq xatoga yo'l qo'yishga harakat qilamiz.

- Uchrashuv nihoyasiga etgach birinchi kim bilan gaplashdingiz?

- O'yindan so'ng kiyim almashtirish xonasiga kirishga ulgurmadik. Bizni to'g'ri doping nazorat xonasiga olib ketishdi. Telefonim kiyim almashtirish xonasida qolgandi. Odatda har o'yindan keyin birinchi uydagilar bilan gaplashaman.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia