

Jahon chempionati
1-tur
O'zbekiston – Kolumbiya 0:1
Bosh hakam: Entoni Teylor
Yordamchi hakamlar: Gari Besvik, Adam Nann
To'rtinchi hakam: Xuan Kalderon
VAR hakami: Ivan Bebek
VAR yordamchilari: Jarred Jillett: Karlos Del Serro Grande
Zaxira yordamchi hakami: Xuan Karlos Mora
O'yin direktori: Luis Kastro
FIFA komissari: Serxio Galaverna
Gol: 0:1 – 41, Daniel Munos (Luis Dias)
O'zbekiston – 1. O'tkir Yusupov, 2. Abduqodir Husanov, 5. Rustam Ashurmatov, 6. Akmal Mozgovoy, 7. Otabek Shukurov, 11. Oston O'runov, 13. Sherzod Nasrullaev, 14. Eldor Shomurodov (S), 18. Abdulla Abdullaev, 22. Abbosbek Fayzullaev, 24. Behruzjon Karimov.
Zaxira – 12. Abduvohid Ne'matov, 16. Botirali Ergashev, 3. Hojiakbar Alijonov, 4. Farrux Sayfiev, 8. Jamshid Iskanderov, 9. Odiljon Hamrobekov, 10. Ruslanbek Jiyanov, 15. Umar Eshmurodov, 17. Dostonbek Hamdamov, 19. Azizjon G'aniev, 20. Azizbek Amonov, 21. Igor Sergeev, 23. Sherzod Esanov, 25. Avazbek O'lmasaliev, 26. Jahongir O'rozov.
Kolumbiya – 12. Kamilo Vargas, 2. Daniel Munos, 3. Jon Lukumi, 7. Luis Dias, 10. Xames Rodriges (S), 11. Jon Arias, 14. Gustavo Puerta, 16. Jefferson Lerma, 17. Xoan Moxika, 23. Davinson Sanches, 25. Luis Suares.
Zaxira – 1. David Ospina, 24. Alvaro Montero, 4. Santyago Arias, 5. Kevin Kastano, 6. Richard Rios, 8. Xorxe Karraskal, 9. Jon Kordoba, 13. Yerri Mina, 15. Xuan Portilya, 18. Viller Ditta, 19. Kucho Ernandes, 20. Xuan Kintero, 21. Xaminton Kampas, 22. Deyver Machado, 26. Andres Gomes.
Ogohlantirishlar – Xoan Moxika (7), Abduqodir Husanov (34)
45' – Birinchi bo'limning asosiy vaqti yakunlandi. Bosh hakam Entoni Teylor jarohatlar va to'xtalishlar uchun birinchi bo'limga 5 daqiqa vaqt qo'shib berdi. Olg'a, yigitlar, tanaffusgacha hisobni tenglashtirish uchun hali imkoniyat bor!
41' – GOL. Afsus, darvozamizdan to'p olib chiqmoqdamiz. Diasning superuzatmasidan so'ng Daniel Munos jarima maydonchamiz ichiga yorib kirdi va Yusupov darvozasini ishg'ol qildi. Hisob ochildi – 0:1. Muxlislik qilishda davom etamiz, yigitlar hali vaziyatni o'nglashlariga ishonamiz!
Biroq bir narsa bizga taskin beradi: O'zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o'rtasidagi o'yinlar tarixidagi ilk gol muallifi Munos emas, Javlon Anorov hisoblanadi. Faqatning futbolning ukasi bo'lgan sport turida.
38' – Vakillarimizdan tezkor qarshi hujum! Sardorimiz Eldor Shomurodov katta tezlikda raqib darvozasi tomon qochib ketayotgan edi. Biroq Kolumbiya himoyachisi Jon Lukumi taktik qo'pollik ishlatib, Eldorni to'xtatib qoldi. Futbolchilarimiz hakamdan jazo talab qilishdi, ammo Entoni Teylor bu vaziyatda kartochka ko'rsatmaslikka qaror qildi.
34' – Abduqodir Husanov qanotda Luis Diasga qarshi juda keskin kurashga kirishdi va raqib bilan birga maydon chetidagi operatorni ham yiqitib yubordi. Bosh hakam Entoni Teylor bu qo'pollikni e'tiborsiz qoldirmadi va Husanovga sariq kartochka ko'rsatdi.
32' – Xavfli vaziyat! Darvozamiz oldida o'ta xavfli vaziyat yuzaga keldi. Kolumbiyaliklarning yulduzli futbolchisi Luis Dias chap qanotdan tezlik bilan jarima maydonchamiz ichiga yorib kirdi va chap oyoqda kuchli zarba yo'lladi. Baxtimizga, to'p darvoza ustuniga tegib, maydonga qaytdi!
30' – Eldor Shomurodovdan ajoyib harakat! Sardorimiz tezkor hujumda Kolumbiya himoyachisini chiroyli aldab o'tdi va xavfli vaziyat yuzaga keltirdi. Biroq raqibning boshqa bir himoyachisi – Jon Lukumi o'z vaqtida yordamga yetib kelib, xavfni bartaraf etdi. Vakillarimiz bosimni oshirmoqda!
30' – Kolumbiya terma jamoasi navbatdagi hujumga o'tayotgan edi, biroq ularning harakati qoida buzilishi bilan to'xtatildi. Raqib futbolchisi himoyaga yordam berayotgan Abbosbek Fayzullaevga nisbatan fol ishlatdi. To'p vakillarimizda.
23' – Bosh hakam Entoni Teylor uchrashuvda texnik tanaffus – “kuling-breyk” e'lon qildi. Futbolchilar maydon chetiga chiqib, suv ichib olishmoqda. Murabbiylar esa ushbu qisqa tanaffusdan foydalanib, o'z shogirdlariga keyingi daqiqalar uchun kerakli ko'rsatmalarni berib o'tishmoqda.
22' – Kolumbiyaliklarning navbatdagi hujumi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Gustavo Puerta o'ng qanotdan jarima maydonchamiz ichiga to'pni uzatgan edi, biroq uning pasi o'ta noaniq chiqdi. To'p hech kimga tegmay, maydon tashqarisiga chiqib ketdi.
18' – Kolumbiya terma jamoasi o'ng qanot orqali yana oldinga intildi. Biroq himoyachimiz Abdulla Abdullaev poziciyani to'g'ri tanlab, raqib futbolchisiga imkoniyat qoldirmadi va to'pni chiroyli tarzda maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Xavf bartaraf etildi.
17' – Markazda kutilmagan xato! Vakillarimizdan biri to'pni raqibga oldirib qo'ydi va Kolumbiya tezkor qarshi hujumga o'tdi. Jon Arias qulay poziciyaga chiqib borib, darvozamiz tomon xavfli zarba yo'lladi. Baxtimizga, to'p darvoza ustuni yonidan o'tib ketdi.
16' – Raqibning xavfli uzatmasidan so'ng, darvozabonimiz O'tkir Yusupov to'pni egallash uchun oldinga chiqib keldi va himoyachimiz Abduqodir Husanovbilan to'qnashib ketdi. Yusupovga maydonning o'zida tibbiy yordam ko'rsatilmoqda.
14' – Behruzjon Karimov o'z qanotida juda faol va ishonchli harakat qilmoqda. Raqibning yulduzli vakillariga qarshi kechayotgan yakkakurashlarning barchasida Behruzjon ustun kelib, Kolumbiya hujumlarini chiroyli tarzda yo'qqa chiqarmoqda. Barakalla!
13' – Kolumbiya terma jamoasining o'ng qanotdan tashkil etgan navbatdagi hujumi uzilib qoldi. Daniel Munos sherigidan to'pni qabul qilib olayotgan vaziyatda yordamchi hakam bayroqchasini ko'tardi – ofsayd.
12' – Kolumbiyaliklar chap qanotdan xavfli hujum uyushtirishdi. To'p jarima maydonchasi markaziga uzatildi, biroq himoyachimiz Abdulla Abdullaev to'pga birinchi bo'lib yetib keldi va uni uzoqlashtirib, xavfni bartaraf etdi.
7' – Vakillarimizning tezkor hujumi! Abbosbek Fayzullaev o'ng qanotda chiroyli harakat bilan Xoan Moxikani ortda qoldirib, oldinga intildi. Kolumbiyalik himoyachi Abbosbekni faqat qo'pollik evaziga to'xtatishga majbur bo'ldi. Bahsdagi ilk ogohlantirish – Xoan Moxikaga sariq kartochka ko'rsatildi.
5' – Xames Rodriges jarima zarbasidan to'pni darvozamiz tomon xavfli tarzda uzatdi. Biroq darvozabonimiz O'tkir Yusupov ishonchli harakat qilib, to'pni mushtlari bilan urib yubordi va xavfni bartaraf etdi.
4' – Himoyachimiz Abduqodir Husanov raqib vingeri Xoan Moxikaga nisbatan qoidani buzdi. Entoni Teylor o'yinni to'xtatdi. Kolumbiya terma jamoasi foydasiga jarima zarbasi belgilandi.
3' – Kolumbiya terma jamoasi ilk xavfli hujumini tashkil etdi. Raqiblar o'ng qanotdan oldinga o'tishdi, biroq Daniel Munos sherigining uzatmasiga eta olmadi. To'p maydon tashqarisiga chiqib ketdi.
2' – Abbosbek Fayzullaev jarima zarbasidan to'pni raqib jarima maydonchasi ichiga uzatdi. Biroq Kolumbiya terma jamoasi himoyachisi bosh bilan ishonchli o'ynab, xavfni bartaraf etdi va to'pni qaytarib yubordi.
1' – O'yinning ilk daqiqasidayoq maydonda keskinlik. Kolumbiyalik futbolchilar sardorimiz Eldor Shomurodovga nisbatan qo'pollik ishlatishdi. Bosh hakam qoida buzilishini qayd etdi. Vakillarimiz foydasiga standart vaziyat – jarima zarbasi!
1. O'yin boshlandi. Garchi libosimizdagi brend ostida muzqaymoq ishlab chiqarilsa ham tarixning yangi sahifasidagi hisob Hasanboy Do'smatov va Yuberxen Martines o'rtasidagi jang natijasiga o'xshashini istab qolamiz.

Jamoalar yashil maydonga chiqib kelishdi. Har ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Tribunalar va maydonda haqiqiy bayram muhiti. Hamma narsa taxt, start hushtagini kutamiz!
Assalomu alaykum, qadrli futbol ixlosmandlari! Bugun O'zbekiston futboli tarixining yangi sahifasiga qayd etiladigan o'yin guvohiga aylanamiz. Milliy terma jamoamiz Janubiy Amerikaning eng kuchli grandlaridan biri – Kolumbiyaga qarshi saf tortmoqda. Bugun stadionga yig'ilgan va ekran qarshisida turgan millionlab vatandoshlarimizning nigohi yashil maydonga qaratilgan. Futbolchilarimizdan ijobiy natija kutib qolamiz!



