

“Championat.asia" va "90minutUz" ijodkorlarining navbatdagi "Tezkor studiya" ko'rsatuvida ekspertlar mag'lubiyat sabablari, tarkibdagi muammolar, Fabio Kannavaro shtabining ishi va jamoamizning Jahon chempionati oldidan asl holatini atroflicha tahlil qilishdi.
Tarkib va o'yin uslubi haqida
Nodirxo'ja Yuldashev: - Men kutganimdek, Abduqodir Husanov markaziy himoyaning o'ng qanotidan joy oldi. Oston O'runovga to'xtaladigan bo'lsak, u - "kayfiyat futbolchisi". Uning qachon o'z darajasidagi o'yinni ko'rsatishini oldindan taxmin qilish qiyin. Behruz Karimov esa jarohatdan so'ng ideal sport formasida qaytdi va o'ziga bildirilgan ishonchni to'la oqladi. Shuningdek, Abdulla Abdullaev va Abbos Fayzullaevning harakatlarini ham besh bahoga loyiq ko'rgan bo'lardim. Eldor Shomurodov va Rustam Ashurmatov ulardan keyingi o'rinlarda. Darvozabon O'tkir Yusupov jamoani qutqarishga maksimal darajada harakat qildi.
Tan olish kerak, bu bahsda Kolumbiyaning kuchi va saviyasi yaqqol sezildi. Mazkur uchrashuv Niderlandiyaga qarshi kechgan bahs ssenariysini takrorladi: biz gol urishimiz bilan raqib tempni oshirdi va javob to'plarini kiritdi. Meni eng ajablantirgan jihat - Jamshid Iskanderovning maydonga tushmagani bo'ldi. Sababi, hujumda Igor Sergeevni Iskanderovsiz tasavvur qilib bo'lmaydi, ular bir-birini to'ldiradi. Qolaversa, yutqazayotganda yana 5 ta himoyachi bilan o'ynash taktikasida qolishni tushunmadim. Jamoada Jahongir O'rozovning qo'pol xatosi va boshqa kamchiliklar ko'zga tashlandi. Shunga qaramay, debyutant terma jamoa sifatida umumiy o'yindan qoniqish hosil qilsa bo'ladi. Vaziyatga real baho beraylik, yigitlarni loyga botirish yaramaydi. Shaxsan men uchun Farrux Sayfiev terma jamoadagi eng yaxshi o'yinlaridan birini o'tkazdi.

Standart vaziyatlardagi inqiroz va personallar masalasi
Tolibjon Qosimov: - Jarima zarbalarini ko'kka sovurishda davom etyapmiz. Burchak va jarima to'plarini amalga oshirishda hech qanday keskinlik yarata olmadik. Hatto raqib jonli devorida birgina futbolchi turgan vaziyatda ham to'p o'sha devorga borib tegdi. Bu - ustida bosh qotirishimiz shart bo'lgan eng katta muammo. Bosh murabbiy Fabio Kannavaro mashg'ulotlarda bu komponent ustida ishlayaptimi yoki yo'qmi, bunisi bizga qorong'i. Odatda, zamonaviy futbolda burchak zarbalari uchun bir nechta taktik variantlar tayyorlab qo'yiladi, bizda esa bu borada oqsash bor. To'g'ri, yigitlar maydonda oxirigacha kurashishdi. Tan olish kerak, O'rozov xato qilguniga qadar ham biz 1:2 hisobida mag'lub bo'layotgan edik.
Yana bir gap: xorij jamoalarida futbolchilardan ko'ra texnik va tibbiy personalning (shtabning) ko'p bo'lishi odatiy hol, lekin bizning mahalliy klublarda bunday tizim yo'q. Umid qilamizki, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) Kannavaro olib kirgan bu tizimni ushlab qoladi va keyinchalik olimpiya hamda yoshlar terma jamoalarida ham qo'llaydi.
Kannavaro shtabi atrofidagi piar va murabbiylar talabi
Nodirxo'ja Yuldashev: - Shtab masalasidagi kamchilik aslida o'zimizniki. Kannavaro uchun bunday keng qamrovli shtab bilan ishlash - odatiy hol. Keyingi yil yurtimizda o'tadigan Jahon chempionatida 2007 yilda tug'ilgan futbolchilarimiz qatnashadi, chunki O'zbekiston - mezbon. Bu yo'lda Respublika futbol akademiyasi (RFA) jamoasini Pro ligaga qo'shishdi. Lekin bu jamoa hali ham kunduzi soat 17:00 da (issiqda) mashg'ulot o'tkazyapti. Qo'rqamanki, Kannavaro ketishi bilan bu yangicha tizim va e'tibor ham tugaydi. Vaholanki, shtabni kuchaytirish kerakligini va tizimli muammolarni Ektor Kuper ham, Srechko Katanets ham vaqtida aytib ketishgan. Faqat Kannavaro variantida piar juda kuchli bo'ldi. Aslida Timur Kapadze Olimpiya terma jamoasi bilan ishlayotgan paytda ham unga xuddi shunday katta shtab va sharoitlar qilib berilishi kerak edi.

Narzulla Saydullaev: - Hozir hamma Eldor Shomurodovning vaziyatdan foydalana olmaganini va xatosini gapiryapti. Lekin Dostonbek Hamdamovning qanotdan uzatgan to'pini to'xtatmasdan darvozaga yo'naltirishning o'zi katta mahorat talab qiladi. Eldor bejizga Italiya A Seriyasida o'ynamagan va Turkiya chempionatida to'purar bo'lmagan. O'sha vaziyatda u hujumchi sifatida 95 foiz ishni ideal bajardi.

Terma jamoaning asosiy kamchiliklari nimada?
Mirkomil Musaev: - Menga shunday tuyuldiki, o'rtoqlik uchrashuvlarida asosiy urg'u faqat himoyaga qaratilgan. Kannavaro Abduqodir Husanovdan haddan tashqari ko'p narsa talab qilyapti. Ehtimol, mana shu bosim yuqori bo'lgani uchunmi, Husanov kichik detallarda "jamoani qutqaruvchisi" bo'lishga intilib, xatolarga yo'l qo'ydi. Tezkorlik qilaman deb qizil kartochka olishi ham mumkin edi, hakam ayadi. Himoya chizig'ida Abdulla Abdullaev sheriklari Husanov va Ashurmatovga nisbatan ancha dadil va sovuqqon ko'rindi.
Eng katta muammo - ikkinchi bo'limning 70-daqiqasidan keyin himoyadan hujumga o'tishda sustkashlik ko'zga tashlangani bo'ldi. Vaholanki, oldingi chiziq vakillari tezroq harakat qilishyapti, ochilishyapti. Biroq markaziy himoyachilar tezkor pas berish o'rniga, xato qilishdan qo'rqib, Otabek Shukurovning orqaroqqa qaytishini kutib qolishmoqda. Oqibatda, ko'p qimmatli vaqt va hujum tempi mana shu yerda boy berilyapti.
Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”, “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”


