

– Turnirni g'alaba bilan boshlaganingiz uchun tabriklaymiz. Ikkinchi bo'limda o'yin nega bunchalik qiyinlashib ketdi deb o'ylaysiz? O'sha paytda taktik jihatdan nimada xato qildik?
– Birinchidan, qiyin o'yin bo'lishini bilardik. Birinchi bo'limda to'liq ustunlik qildik, asosan ularning maydonchasida o'ynadik. Keyin, taxminan 10-daqiqalardan boshlab biroz orqaga chekindik deb o'ylayman. Ular juda vertikal o'yin namoyish etishadi. Bunda jarima maydonchasiga futbolchilarni to'plab, sizni o'sha yerda himoyalanishga majbur qilishadi. Ular to'pni o'zaro nazorat qilib, kombinaciya orqali oldinga o'tishmaydi. To'p qanotga uzatiladi, keyin markazga, qaytgan to'p yana qanotga va yana markazga – bu esa sizni noqulay ahvolga solib qo'yadi. Ular buni juda yaxshi bajaradigan, jismonan baquvvat jamoa va shu bois tarkibni yangilashimizga to'g'ri keldi, chunki ular biz tomon yaqinlashib kelayotgan edi. Lekin birinchi bo'limning o'zidayoq yirik farq bilan oldinga chiqib olishimiz mumkin edi deb o'ylayman.
– O'yin davomida va o'zgarishlardan so'ng jamoani qanday his qildingiz? O'yinni yakunlash uchun tushgan futbolchilarning harakatlarini qanday baholaysiz?
– Asosiy g'oya 4 kishilik himoya chizig'ini saqlab qolish va ikkita qanot yarim himoyachisini – Gomes va Kampazni tushirish edi. Biroq O'zbekiston o'yin boshida juda orqaga chekinib ketdi va raqibga bizni quyi blokda o'ynashga majbur qilish imkonini berishdi. Bu biz xohlamagan ssenariy edi, chunki o'sha qanotdan oshirilgan to'plar va qaytgan to'plardan biror xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin edi va gol ham aynan shunday sodir bo'ldi.
– Bu oqshom "Acteka" stadionida 80,824 muxlis, ularning 99.9 foizi kolumbiyaliklar qarshisida o'ynash qanday bo'ldi? Bu qanchalik ta’sir qildi? Balki bu katta bosim yoki aksincha, jamoaga turtki bergandir?
– To'g'risi, bu ajoyib energiya beradi, ammo hissiy jihatdan bazi yigitlarga og'ir botdi deb o'ylayman. Eng ko'p yuguradigan, jismoniy holati eng yaxshi bo'lgan futbolchilarimiz bugun o'yinni shu nuqtayi nazardan qiyin o'tkazishdi. Bu birinchi o'yin va biz o'ynagan muhit yaratgan hissiy yuk bilan bog'liq. Bundan tashqari, tashabbuskor bo'lish va g'alaba qozonish majburiyati ham bor edi, chunki hamma bizni favorit sifatida ko'rayotgandi. Bu rolni o'z bo'yniga olish hech kimga yoqmaydi, lekin biz buni qabul qilishimiz kerak edi. Birinchi bo'limni juda yaxshi o'tkazdik. Ehtimol, bazi vaziyatlarni aniqroq zarbalar yoki xavfliroq uzatmalar bilan yakunlashimiz yetishmagandir. Ammo ikkinchi bo'limda biroz pasayish kuzatildi, tarkibni yangilashga to'g'ri keldi va yakunda hammasini yaxshi hal qildik.
– Kamdan-kam hollarda zaxiradan tushganlar o'yinga shunchalik yaxshi qo'shilib ketadi. Bugun nafaqat g'alaba qozonildi, balki maydonga tushganlar asosiy tarkibdagilardek ajoyib harakat qilishdi. Jahon chempionatidagi birinchi o'yiningizni bosh murabbiy sifatida yakunlash siz uchun qanday ahamiyatga ega?
– Bu juda o'rinli fikr, ammo kecha ham aytganimizdek, 26 nafar futbolchimizning barchasi juda yaxshi formada. Maydonga boshqa futbolchilar tushganda ham xuddi shunday o'yin ko'rsatgan bo'lardi. Biz ularning xususiyatlariga qarab, raqibning qanotlardagi ustunligini yopish uchun qanot o'yinchilarini tanladik. Ammo bir vaqtning o'zida, yuqorida takidlaganimdek, biz juda orqaga chekinib ketdik. Bu holatdan chiqib, birinchi bo'limdagi kabi ularning maydonchasida o'ynashimiz kerak edi.
– Jamoangizning ikki xil qiyofasini qanday tushunish mumkin? Birinchi bo'limda jamoa ko'proq tashabbusga ega bo'ldi, ikkinchi bo'limda esa tashabbusni O'zbekiston terma jamoasiga biroz berib qo'ydi, ammo shunga qaramay tezkor o'tishlar orqali ikkita gol urdi. Sizga jamoangizning qaysi qiyofasi ko'proq maqul: to'pni nazorat qiladigan hukmron o'yinmi yoki ikkinchi bo'limdagidek samarali o'yinmi?
– Juda yaxshi savol. Jamoamizning asosiy xususiyati – bu tashabbuskor bo'lish, qanot himoyachilarini oldinga surgan holda, to'p nazorati orqali raqib maydonchasida o'ynash. Gap shundaki, ularning himoya bloki juda tartibli harakat qildi. Biz vaziyatlarni yakunlashda unchalik aniq bo'lmadik va keyinchalik bu bizga qimmatga tushdi. Ular tezkor o'tishlar va vertikal o'yin orqali harakat qila boshlashdi, bizni orqaga yugurishga majbur qilishdi va bu jismoniy tomondan bizni qiynab qo'ydi. Lekin menga raqib maydonida o'ynaydigan va to'p nazoratida ustunlik qiladigan Kolumbiya ko'proq yoqadi. Shuning uchun bazan maydonga ikkita "10-raqam"ni tushiramiz: Xames va Jon Ariasni, yoki Xuanfer, Karraskal, Kampaz kabi to'p bilan juda yaxshi muomala qiladigan o'yinchilarni.
– Hozirgi vaqtda Kolumbiya guruh peshqadamiga aylandi. Gvadalaxarada yana go'yoki o'z uyingizdadek o'tadigan keyingi o'yinga qanday ruhiyatda tayyorgarlik ko'rasiz?
– Xuddi shu ruhda. Biz bugun ko'rganimizdek, dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi tengma-teng va ajoyib o'yin o'tkazgan juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Oldimizda ikkita juda muhim va og'ir o'yin turibdi. Ular boshqacha xususiyatlarga ega, shuning uchun strategiya ham boshqacha bo'lishi mumkin.
– Kolumbiyaning o'yin uslubini, ustunlik qilganini va qiyinchiliklarga qaramay natijaga erishganini ko'rgandan so'ng, Portugaliya va Kongodan qanday taktik reja kutyapsiz?
– Portugaliyaning uslubi biznikiga o'xshash – to'p nazorati orqali ustunlik qilish. Kongo esa ko'proq tezkor o'tishlar, qanotlardan uzun uzatmalar, tezlik va himoyadan tez chiqib ketish orqali o'ynaydi. Bu ikkita turli xil uslub, ammo o'ylaymanki, biz uchun juda qiyin ikki o'yin bo'ladi va ularga bor kuchimiz bilan tayyorlanishimiz kerak.
– Agar maydonni beshta yo'lakka bo'lsak, Kolumbiya ikkita chetki va markaziy yo'lakda bir xil hujumkorlik namoyish etdi. Bu siz jamoada ko'rishni istagan muvozanatmi yoki hujumda variantlarni topishda yigitlarning o'yinni to'g'ri o'qiy olgani bilan bog'liqmi?
– Qanotlar orqali o'ynash qiyin bo'lishini bilardik, garchi gol qanot o'yinchisining markazga yorib kirishi natijasida urilgan bo'lsa ham. Biz bilardikki, qanotlarda ular ikkitadan futbolchi qo'yishadi. Shuning uchun Puerta va Jon Arias orqali ichki hududlarda o'yin topishimiz kerak edi. O'ylaymanki, ular buni juda yaxshi bajarishdi. Bazi kombinaciyalarni amalga oshirdik, biroq ular gol bilan yakunlanmadi. Sabrli bo'lish kerak edi. Yuqorida aytganimdek, ular uzun uzatmalar bilan o'ynashni boshlab, bizni orqaga qaytishga majbur qilganda, biz buni jismonan his qildik va shuning uchun o'zgarishlarni amalga oshirdik.
– Yuqorida aytganingizdek, gol bilan yakunlanishiga bir baxya qolgan vaziyatlar bo'ldi. Ishonchli natijadan tashqari, Kolumbiya vaziyatlardan foydalanish ustida qanchalik ishlashi kerak?
– Buning ustida doimiy ravishda ishlaymiz. Ayniqsa, baland tog'li sharoitda o'ynashga kelganimiz uchun, darvozaga ko'proq zarba berish va xavfli uzatmalarni amalga oshirishni kelishib olgandik. Bazan to'pni haddan tashqari ko'p nazorat qilish yoki to'pni yo'qotishdan qo'rqish tufayli orqaga pas berdik. Yaxshi poziciyalarga yetib borardik, lekin yana orqaga qaytardik. Qisqa paslar bo'ldi, ammo hech kim hujumni yakunlamadi. O'ylaymanki, bizga shu jihat biroz yetishmadi.
– Xamesning o'yini bugun eng yaxshisi bo'lmadi. Bu jismoniy holat bilan bog'liqmi yoki faqat futbolga oidmi?
– O'ylaymanki, O'zbekiston 5-4-1 tizimida o'ynagani uchun bo'shliqlarni yaxshi yopishdi. Xamesning eng kuchli tomoni – chiziqlar orasiga beriladigan paslar. Shunday bo'lsa-da, u yomon o'yin o'tkazmadi. Ehtimol, u har doimgidek gollarda yoki xavfli vaziyatlarda asosiy rol o'ynamagan bo'lishi mumkin, lekin 60-65-daqiqalargacha juda yaxshi harakat qildi. U bizga to'p nazoratida ko'p yordam berdi, chunki u orqaroqqa qaytib, to'p so'raydi. Bu esa o'yinning bazi vaziyatlarida bizga juda kerak edi.


