Ixtiyor Karimov: "Aral"ni yutmaganimizda bizga juda og'ir kelardi"

Administrator
27 okt 2026, 22:08
Proliga 24-turdan o'rin olgan "Sho'rtan" – "Aral" uchrashuvidan so'ng "Sho'rtan" bosh murabbiyi Ixtiyor Karimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Bugungi uchrashuv biz uchun og'ir kechishini bilgandik. Jamoani 90 daqiqa kurashga tayyorlagandik. Bitta qulay imkoniyatimiz bo'ldi va shundan foydalananib gol urdik. Bu g'alaba biz uchun juda muhim hisoblanadi. Raqibimiz "Aral"ni Superligaga chiqqani bilan tabriklayman va keyingi mavsum ularga omad tilab qolaman.

- Bugun jamoangiz keskin futbol namoyish etdi. Bu raqib o'yin uslubidan kelib chiqib belgilandimi?
- O'yin ahamiyati yuqori edi deb bejiz aytmadim. Bu biz uchun muhim bellashuv edi. Agar ushbu bahsni yutmaganimizda bizga juda og'ir kelardi. Ko'rsatilgan matonat uchun yigitlarga rahmat aytib qolaman.

- Avvalgi bahsda Yuriy Klochkovning zarbalari unchalik o'xshamagandi. Lekin baribir ishonch bildirib asosiy tarkibda tushirdingiz.
- Bugungi g'alabada barcha futbolchilarimizning o'rni bor, shu jumladan Klochkovning ham. U jarohatdan keyin ancha payt davolandi va futbolni juda sog'inib qolgandi. Biz unga imkon berdik, chunki futbolchimizga ishonamiz. U esa maydonga tushib gol urib g'alaba keltirdi.

- Taqvim bo'yicha "Sho'rtan" keyingi turni mehmonda "Respublika FA" jamoasiga qarshi o'tkazishi kerak. Lekin bizga ma'lum bo'lishicha, o'yin G'uzorda o'tkazilar ekan.
- Bizga farqi yo'q: xoh uyda, xoh safarda o'ynayveramiz. Rahbariyat nima qaror qabul qilsa shunga amal qilamiz.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia