“Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan” - Ixtiyor Karimov

Aslanov Jasurbek
21 sen 2026, 20:10
Proliganing 20-turidan o'rin olgan “Paxtakor FJ” - “Sho'rtan” (0:4) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Ixtiyor Karimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Ixtiyor aka, o'yin haqida qisqacha fikrlaringizni bildirib o'tsangiz...
- “Paxtakor Farm” jamoasi yosh futbolchilardan tashkil topgan. Ularga o'yin uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz o'zimizga har bir o'yinda uch ochko olishni maqsad qilib qo'ygandik va bu natijaga erishdik. O'yin yaxshi o'tdi.

- Jamoani qabul qilib olganingizdan beri bu ketma-ket uchinchi g'alabangiz bo'ldi. Bu jamoa sizga begona emas, akademiya tizimidan kelyapsiz. Hozirgi holat qanday, jamoaning kayfiyati va Superligaga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? 
- Kayfiyatimiz yaxshi. Yaypandagi o'yindan oldin ozgina tushkunlik bor edi, chunki o'z uyimizda “Lochin” jamoasiga yutqazganimizdan keyin shunday kayfiyat hukmron edi. Lekin Yaypandagi g'alabadan keyin bolalar yana o'z kuchiga ishona boshladi. Vazifa - Superligaga chiqish qilib qo'yilgan. Biz o'shanga qarab sekin-sekin boryapmiz.

- Yarim himoyachi Bekzod Suvonov haqida so'ramoqchi edim. Uning potenciali yuqori futbolchi ekanligini bilamiz, lekin unga ko'p maydon vaqti berilmayapti. O'tgan turda ham zaxiradan tushib asist qayd etdi. Bu borada nima deya olasiz? 
- Bekzod Suvonov biz uchun kerakli futbolchi. Futbolda shunday o'yinchilar bo'ladiki, ikkinchi bo'limda maydonga tushib o'yinni o'zgartira oladi. Bekzod ham ana shunday futbolchilar sirasiga kiradi. Shuning uchun biz uni har doim ikkinchi bo'limda maydonga tushirishga harakat qilyapmiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia