"Sabah"ning zafariga hech kim ishonmagandi. Bu yerda shunchaki "avtobus" qo'yib yotishmaydi" - Umarali Rahmonaliev bilan suhbat

30 apr 2026, 20:17
So'nggi yillarda o'zbekistonlik futbolchilarning xorij chempionatlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki muxlislarimizni quvontirib kelmoqda.

Ana shunday vakillarimizdan biri, bugungi kunda Ozarbayjonning "Sabah" klubi sharafini munosib himoya qilayotgan legionerimiz Umarali Rahmonalievdir.

​Biz futbolchi bilan bog'lanib, uning Ozarbayjondagi faoliyati, chempionlik uchun imkoniyatlar, terma jamoamizdagi muhit hamda Fabio Kannavaro bilan ishlash taassurotlari haqida suhbatlashdik.

​- Dastlab "Sabah"dagi faoliyatingiz haqida to'xtalsangiz. Kuzatuvlarimizga ko'ra, barqaror o'yin namoyish etib, gollar urmoqdasiz...
- Assalomu alaykum. Ochig'ini aytsam, hozirda jamoada o'zimni juda yaxshi his qilyapman. Menimcha, qachonki futbolchi maydonda o'zini erkin sezsa va xato qilishdan qo'rqmay harakat qilsa, o'yini ham qovushib, gollar ham o'z-o'zidan kelaveradi. Murabbiylar shtabi haqida gapiradigan bo'lsam, u yerda top darajadagi mutaxassislar yig'ilgan. Ular maydonda aynan nima qilish kerakligini, o'yinni qanday rejalar asosida tashkil etishni juda batafsil tushuntirib berishadi.

- Murabbiy bilan munosabatlar va u kishining talablari qanday?
- Murabbiylarimizning strategiyasi Yevropaning yetakchi jamoalari uslubi bilan bir xil - asosiy urg'u to'p nazoratiga qaratiladi. Shu bilan birga, har bir raqibga qarshi individual yondashib, kichik bo'lsa-da alohida rejalar asosida tayyorgarlik ko'ramiz.

photo_2026-04-30_20-14-14.jpg

​- "Sabah" bilan Ozarbayjon chempionligi va kubogida g'olib chiqishga yaqin turibsiz. Umuman, mahalliy klublarning darajasi va raqobati fonida imkoniyatlar qay darajada?
​- Ha, oldimizga qo'yilgan vazifani bajarishimizga oz qoldi. Bu yil jamoamiz juda yaxshi shakllandi, har bir poziciyada liganing eng kuchli ijrochilari harakat qilmoqda. Ozarbayjon chempionatida 12 ta jamoa bo'lsa, shundan 10 tasi shunchaki himoyada "avtobus" qo'yib yotish emas, balki futbol o'ynashga harakat qiladi. "Qorabog'" jamoasining darajasini esa hamma yaxshi biladi. Bir faktni aytishim kerak: yil boshida bizning chempionlik va kubok uchun asosiy da'vogar bo'lishimizga hech kim ishonmagan edi. Allohga shukur, bugun shu maqsadlarni uddalashga juda yaqinmiz.

​- Mahalliy aholi va OAVning futbolga qiziqishi qay darajada?
​- Aynan shu yildan boshlab ichki chempionatga bo'lgan qiziqish sezilarli darajada ortdi. Avvalgi yillarda bu borada pasayish bor edi, desak ham bo'ladi. Buning sababi - oxirgi 11 yilning 10 tasida "Qorabog'" chempionlikni nishonlab kelganida bo'lsa kerak. Hozir esa intriga kuchaygan.

photo_2026-04-30_20-14-15 (2).jpg

​- O'zbekiston terma jamoasining oxirgi yig'inida qatnashdingiz. Fabio Kannavaro bilan ishlash qanday taassurot qoldirdi? Uning uslubi va ishga munosabati sizga maqulmi?
​- Yig'in juda yuqori kayfiyatda o'tdi. Hamma oldinda turgan mas'uliyatni va bizni nima kutayotganini tushungan holda tayyorgarlik ko'rdi. Murabbiylar shtabi o'zlari xohlayotgan strategiyalarni bizga maksimal darajada tushuntirishga harakat qilishmoqda.

- Italiyalik mutaxassis indvidual gaplashdimi?
- Kannavaro har bir futbolchi bilan alohida, individual tarzda gaplashib, yaqindan yordam berishga intiladigan murabbiy ekan. Uning ishga bo'lgan munosabati va uslubi shaxsan menda yaxshi taassurot qoldirdi.

​- O'zbekiston Superligasini kuzatib boryapsizmi? Ortda qolgan 10 ta tur haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
​- Barcha o'yinlarni bo'lmasa-da, bazi uchrashuvlarni kuzatib boryapman. Ko'pchilik kutganidek, "Paxtakor" va "Neftchi" liderlikni qo'lga olgan. Shuningdek, "Navbahor"ning jamoaviy o'yinni yo'lga qo'yish borasidagi ishlari ko'zga tashlanyapti. "Bunyodkor" esa ko'proq natija uchun harakat qilayotgandek taassurot qoldirmoqda. Umuman olganda, chempionatimiz saviyasi oxirgi yillarda ancha o'sgani sezilib turibdi.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

photo_2026-04-30_20-14-15 (3).jpg


Manba: championat.asia