Bo'ronlar sababli Portugaliya mashg'uloti bekor qilingan

Оқил Абдубарноев
22 iyun 2026, 16:27
AQSHning Palm-Bich mintaqasidagi bo'ronlar 2026 yilgi Jahon chempionatida Portugaliya terma jamoasining bosh qarorgohi joylashgan hududga o'z ta’sirini o'tkazmoqda. Bu esa odamlarni uyda qolishga chaqiruvchi qator ogohlantirishlar berilishiga sabab bo'ldi.

Juma va shanba kunlari tushdan keyin telekanallarda Palm-Bichdagi bo'ronlar haqida ogohlantiruvchi xabarlar paydo bo'la boshladi. Ularda odamlardan o'z uylarida qolish va derazalardan uzoqroq bo'lish so'ralgan.

Shuningdek, suv toshqinlari ehtimoli haqida ham ogohlantirishlar berilib, ayrim hududlardagi aholiga zarurat tug'ilganda balandroq joylarga chiqib olish tavsiya etilmoqda.

Noqulay ob-havo Palm-Bichdagi tayyorgarlikning dastlabki kunlaridayoq Portugaliya terma jamoasiga o'z ta’sirini o'tkazdi: momaqaldiroq sababli mashg'ulotlardan biri bekor qilindi, hatto ommaviy axborot vositalari vakillari ham hududni tark etib, o'z avtomobillariga yashirinishga majbur bo'lishdi.

O'sha kuni Portugaliya terma jamoasi mashg'ulotlarni FIFA tomonidan aynan shunday vaziyatlar uchun ajratilgan trenajyor zalida o'tkazishga majbur bo'ldi.

Mazkur voqeadan so'ng, mutasaddilar dastlabki rejani o'zgartirishdi va yuqori harorat kuzatilayotganiga qaramay, mashg'ulotlarni ertalab o'tkaza boshlashdi.

Portugaliya terma jamoasi joylashgan mehmonxonada ham futbolchilar va murabbiylar shtabi boshqalar qatori bir xil xavfsizlik choralariga amal qilishmoqda. Bo'ron haqida ogohlantirish berilgan vaqtlarda ularga mehmonxona tashqarisiga chiqish taqiqlanadi va bu holat har 30 daqiqada baholab boriladi.

Kunning asosiy qismida harorat 30 darajadan yuqori va namlik darajasi baland bo'lishiga qaramay, bo'ronlar tezlik bilan paydo bo'lmoqda, harorat pasayib, yomg'ir va momaqaldiroq o'zining bor kuchini ko'rsatmoqda.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Sicnoticias