

Avvalroq internetda 7 iyun kuni Gvadalaxaradagi mashg'ulot chog'ida jurnalistlar Son Hyun Minning harbiy xizmatdan ozod etilganini masxara qilgan videolar paydo bo'lgan edi. "Los-Anjeles" klubi futbolchisi Janubiy Koreyaning Chexiya ustidan qozonilgan g'alabasidan (2:1) so'ng matbuot bilan muloqot qilishdan bosh tortdi. Shundan so'ng futbolchilar ishtirokidagi ommaviy tadbirlar ham bekor qilindi.
"Koreya futbol assotsiatsiyasi Gvadalaxaradagi mashg'ulot bazasida bazi OAV vakillari tomonidan bildirilgan noo'rin izohlar yuzasidan afsusda ekanini bildiradi. Jamoa Janubiy Koreya nomidan chiqish qilib, xalqning ishonchini oqlash uchun bor kuchini sarflamoqda. Biroq mashg'ulot bazasida bazi OAV vakillari o'rtasidagi noo'rin suhbatlarning oshkor bo'lishi jamoada katta hayrat va xafsalasizlik uyg'otdi", – deyiladi Janubiy Koreya futbol federatsiyasi xabarida.
Tashkilot "jurnalistlar mehnatini va OAVning rolini hurmat qilishini" bildirib, "Koreya futbol assotsiatsiyasi jamoani himoya qilishga ustuvor ahamiyat berishda davom etishini va sog'lom media muhitini yaratishga intilishini" qo'shimcha qildi.
Keyinroq Son mahalliy matbuot vakillaridan shaxsiy uzrlarni qabul qilgani ma'lum bo'ldi. Biroq futbolchilarning OAV bilan odatiy muloqotga qaytishi hozircha so'roq ostida – yakuniy qaror terma jamoa ichidagi muhokamalardan so'ng qabul qilinadi.



