"Mundial Allplay bilan": Avtobus haydovchisidan jahon chempionati qahramoniga aylangan 40 yoshli "kichik buvi" bilan yaqindan tanishamiz

Оқил Абдубарноев
16 iyun 2026, 23:10
Ayni damda u klubsiz qolgan.

Jahon futboli tarixida muayyan sport musobaqalari faqatgina maydondagi natijalar bilan emas, balki insoniyatning irodasi, madaniy o'ziga xosligi va global ijtimoiy-iqtisodiy tengsizliklarga qarshi kurashi ramzi sifatida ham yodda qoladi.

2026 yilgi Jahon chempionatining guruh bosqichi doirasida bo'lib o'tgan Kabo-Verde va Yevropaning amaldagi chempioni Ispaniya terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv aynan shunday voqealardan biri bo'ldi. Ushbu tarixiy to'qnashuvning mutlaq qahramoni, futbol olamida "Vozinya" taxallusi bilan tanilgan 40 yoshli darvozabon Jozimar Joze Evora Dias bir necha soat ichida qahramonga aylandi.

Jozimar Joze Evora Dias 1986 yil 3 iyunda Kabo-Verde respublikasining San-Visente orolida joylashgan Mindelu shahrida dunyoga kelgan.

Vozinyaning otasi harbiy xizmatchi bo'lgan va futbolga katta qiziqish bildirgan. Dastlab u o'g'liga Argentina milliy terma jamoasi va "Real Madrid" klubi afsonasi Xorxe Valdano sharafiga "Valdano" deb ism qo'yishni rejalashtirgan edi. Biroq Kabo-Verde rasmiy hukumat organlari bu ismni ro'yxatga olishni qatiyan rad etishgan. Shundan so'ng, otasi 1986 yilgi Jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi safida yorqin o'yin ko'rsatgan, asli "Botafogo" klubi himoyachisi bo'lgan Jozimar Ijinu Pereyra sharafiga o'g'liga Jozimar ismini bergan.

"Vozinya" taxallusining tarixi esa uning oilaviy sharoiti bilan bevosita bog'liq. Otasi harbiy xizmatda band bo'lgani, onasi esa oilani moliyaviy taminlash uchun tinimsiz mehnat qilgani sababli, Jozimar asosan bobosi va buvisining qo'lida tarbiya topgan. U bolaligida ko'chada o'zidan ancha katta va kuchli bolalar bilan futbol o'ynagan. Tez-tez kaltaklanib, yig'lagan holda buvisini yordamga chaqirgan. Portugal tilida "kichkina buvi" manosini anglatuvchi "Vozinha" so'zi aynan shu davrda mahalla bolalari tomonidan unga laqab sifatida berilgan. Bu taxallus keyinchalik, u Angoladagi "Progresso" klubida o'ynayotgan vaqtida boshqa bir Jozimar ismli darvozabon bilan chalkashmaslik maqsadida rasmiy futbolchilik nomi sifatida mustahkamlanib qoldi.

Ko'pgina professional sportchilar yoshligidanoq maxsus akademiyalarda infratuzilmaviy sharoitlar ichida tarbiyalanadi. Ammo Vozinyaning professional sportga kirib kelishi nihoyatda murakkab, ko'p bosqichli va to'siqlarga to'la bo'lgan. Afrikaning g'arbiy sohilidan qariyb 600 kilometr uzoqlikda joylashgan, aholisi yarim million atrofidagi Kabo-Verde arxipelagida yosh futbolchilar uchun imkoniyatlar cheklangan edi.

Vozinya o'z orolidagi eng iqtidorli darvozabonlardan biri bo'lishiga qaramay, yoshligida bo'yi pastligi sababli murabbiylar tomonidan tez-tez rad etilgan. (Bugungi kunda uning bo'yi 1.89 metrni tashkil etadi). Futbol orqali daromad topish imkonsiz bo'lgan davrlarda u kundalik hayotda tirikchilik qilish maqsadida jamoat transportida avtobus haydovchisi va elektrik bo'lib ishlagan. Mehnat faoliyati davomida orttirilgan bu tajribalar uning xarakterida qattiqqo'llik, qiyinchiliklarga dosh berish va mehnatkashlik xususiyatlarini shakllantirdi. Bunday hayotiy tajriba futbolchining maydondagi psixologik bosimlarni engib o'tishida asosiy katalizator vazifasini o'tadi.

U professional faoliyatini faqatgina 2012 yilda, 25 yoshga to'lganida boshladi. Bu ko'rsatkich sport olami uchun o'ta kech hisoblansa-da, uning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi yuqori darajada saqlanib qolgan edi. Dastlab Kabo-Verdening mahalliy "Batuke" va "Mindelense" klublarida o'ynagan Vozinya ko'p o'tmay xalqaro maydonga yo'l oldi.

Vozinyaning klublardagi faoliyati o'ziga xos sport migraciyasini aks ettiradi. U Angolaning "Progresso" jamoasida ilk jiddiy tajribasini orttirdi va keyinchalik Yevropaning turli ligalarida o'z o'rnini topishga harakat qildi. Moldovaning "Zimbru", Kiprning AEL, Slovakiyaning "Trenchin" hamda Portugaliyaning "Jil Visente" va "Shavesh" klublarida to'p tepdi.

Portugaliyaning ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi "Shavesh" klubi safiga u 2024 yilda braziliyalik darvozabon Hugo Souzaning o'rniga kelib qo'shilgan edi. Jahon chempionati boshlanishi arafasida uning transfer qiymati futbol bozorida bor-yo'g'i 50,000 evro atrofida baholandi. Bundan tashqari, musobaqa startiga ikki hafta qolganda uning "Shavesh" bilan imzolagan shartnoma muddati yakuniga etdi va u turnirda rasman erkin agent maqomida ishtirok etmoqda. Ushbu omillarning barchasi Vozinyaning Ispaniyaga qarshi ko'rsatgan qahramonligini yanada dramatik tusga olib kiradi.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul". Promokodni faollashtirish HAVOLASI

Kabo-Verde milliy terma jamoasi tarixida Vozinyaning o'rni beqiyosdir. U 2012 yildan buyon terma jamoaning asosiy darvozaboni va yetakchilaridan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bazan terma jamoadagi faoliyatini yakunlash haqida o'ylagan bo'lsa-da, aynan Jahon chempionatida ishtirok etishdek ulkan orzusi uni bu yo'ldan qaytardi va u mehnat qilishda davom etdi.

2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida Kabo-Verde misli ko'rilmagan mudofaa intizomini namoyish etdi. Vozinya saralash bosqichining barcha 10 ta uchrashuvida maydonga tushib, jami 8 ta to'p o'tkazib yubordi. E'tiborli jihati shundaki, bu gollarning teng yarmi (4 tasi) Kamerunga qarshi bitta o'yinda kiritilgan edi. Qolgan o'yinlarda u 7 marta o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi (jumladan, uy stadionida o'tgan barcha 5 ta o'yinda "quruq o'yin" o'tkazdi). Bu taktik mustahkamlik Kabo-Verdega Jahon chempionati tarixida turnirga yo'llanma olgan eng kichik (aholi soni bo'yicha uchinchi eng kichik) davlatlardan biri bo'lish imkonini berdi.

2026 yil 15 iyun kuni AQSHning Jorjiya shtati, Atlanta shahridagi "Mercedes-Benz Stadium" o'yingohida "H" guruhining birinchi turi doirasida Ispaniya va Kabo-Verde terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv start oldi. Mutaxassislar va butmeykerlar Yevropaning amaldagi chempioni hamda turnir favoritlaridan biri bo'lgan Ispaniyaning yirik hisobdagi g'alabasini kutishgan edi. Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente o'z tasarrufida musobaqadagi eng kuchli tarkibga ega ekanligini takidlagan bo'lib, maydonda "Oltin to'p" sohibi Rodri, shuningdek, Fabian Ruis, Pedri kabi yulduzlar harakat qilmoqda edi.

Uchrashuv davomida Ispaniyaning pozicion hujumlari ketma-ket zarbalar bilan yakunlandi, ammo har safar ularning qarshisida Vozinya metin devor vazifasini bajardi.

Uchrashuv 0-0 hisobida yakunlandi. Vozinya o'yin davomida jami 7 ta murakkab seyv amalga oshirdi va haqli ravishda "Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi" mukofotini qo'lga kiritdi. Ushbu natija orqali Kabo-Verde Jahon chempionati tarixida o'zining ilk ochkosini qo'lga kiritdi.

Bu o'yin orqali 40 yoshli Vozinya futbol tarixida o'chmas iz qoldirdi:

  • U Jahon chempionatida debyut qilgan tarixdagi ikkinchi eng yoshi ulug' futbolchiga aylandi (birinchi o'rinda misrlik darvozabon Essam El Xadari, u 2018 yilda 45 yoshida debyut qilgan).

  • U Jahon chempionatidagi ilk debyut o'yinida o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan eng yoshi ulug' darvozabon rekordini o'rnatdi.

  • FIFA ma'lumotlariga ko'ra, Vozinya 2026 yilgi mundialda 40 yoshdan oshgan holda ishtirok etayotgan sanoqli sakkiz futbolchidan biri hisoblanadi.

Hakamning so'nggi hushtagi yangragach, maydonda kuchli emotsional portlash yuz berdi. Vozinya tiz cho'kib, ko'z yoshlarini tiya olmadi. Jozimarni jamoadoshlari o'rab olib, tabriklashga tushishdi. Uning bu ko'z yoshlari faqatgina sportdagi tarixiy muvaffaqiyat hayajoni emas, balki uzoq yillik qiyinchiliklar, yo'qotishlar va chuqur ijtimoiy adolatsizliklar mahsuli edi.

O'yindan keyingi miks-zonada muxbirlarga bergan intervyusida u o'zining hissiyotlarini va diqqatga tortadigan fikrlarini quyidagicha bayon qildi:

"O'yindan keyin yig'ladim, chunki bolaligimda meni bobom va buvim katta qilishgan edi, lekin, afsuski, ular bu yerda emas. Ular bir necha yil oldin vafot etishdi. Ular men uchun, mening hayotim uchun hamma narsani qilishgan edi. Ushbu muvaffaqiyatimni ko'rishlarini juda xohlardim".

Biroq jurnalistlar va muxlislarni larzaga solgan asosiy jihat boshqa edi - uning onasi shunday tarixiy lahzada stadionda bo'la olmagan, bunga esa siyosiy va iqtisodiy to'siqlar sabab bo'lgan edi:

"Onam ham viza bilan bog'liq muammolar tufayli bu erga kela olmadi. Viza uchun to'lashimiz kerak bo'lgan katta miqdordagi pul sababli, biz bu ishga vaqtida ulgura olmadik. Men uning bu yerda bo'lishini juda-juda xohlagan edim, ammo baribir juda baxtiyorman".

Ma'lumotlarga ko'ra, 2026 yil yanvar oyida AQSH hukumati Kabo-Verde fuqarolari uchun viza olish tartibini keskin murakkablashtirib, mamlakatga kirish uchun qo'shimcha ravishda 15,000 AQSH dollari miqdoridagi qaytariluvchi kafolat pulini to'lashni majburiy qilib qo'ygan edi. Bunday ulkan mablag' kichik orol davlatdagi oddiy oila tugul, Ikkinchi divizionda o'rtacha maosh oluvchi 40 yoshli darvozabon uchun ham jiddiy moliyaviy yuk hisoblanadi. Natijada, dunyoning eng yirik sport bayramida o'z o'g'lini qo'llab-quvvatlashni orzu qilgan ona infratuzilmaviy va siyosiy to'siqlar sababli uyda qolishga majbur bo'ldi.

Ushbu adolatsizlikka qaramay, Vozinya o'zining milliy g'ururi va jamoaviy birdamligini ta'kidlab, quyidagi ta’sirchan so'zlarni qo'shimcha qildi:

"Bizning eng yaxshi qurolimiz – birdamligimiz. Oilamizga qanday munosabatda bo'lsak, jamoada ham shundaymiz va bu bizning eng katta kuchimizdir. Hamma bizni Jahon chempionatiga shunchaki vaqt o'tkazish va zavqlanish uchun kelgan deb o'yladi. Lekin yo'q, biz o'zimizga bo'lgan hurmatni talab qiladigan jamoamiz. Garchi bu bizning birinchi ishtirokimiz bo'lsa-da, biz bu erga raqobatlashgani va o'z vatanimiz uchun kurashgani keldik. Bu muvaffaqiyat butun xalqimiz uchun!"

Sportning global raqamli makon bilan integraciyalashuvi doirasida Vozinyaning hikoyasi marketing va media olamida o'rganilishi kerak bo'lgan klassik hodisaga aylandi. Uchrashuv boshlanishidan oldin Jozimarning Instagram tarmog'idagi rasmiy sahifasida bor-yo'g'i 50,000 atrofida obunachi mavjud edi. U o'zining vatani Kabo-Verde va Portugaliyaning ikkinchi ligasi muxlislaridan tashqari hech kimga tanish emasdi. Biroq o'yin davomida uning super-seyvlari va Ispaniyaga ko'rsatayotgan qarshiligi internet olamini larzaga keltirdi.

Bu jarayonda Braziliyaning mashhur raqamli translyatsiya platformasi – "CazéTV" YouTube kanali, uning boshlovchilari Kasimiro va Luis Felipe Freytaslar hal qiluvchi rol o'ynashdi. Translyatsiyaning qizg'in pallasida Kasimiro o'z millionlab tomoshabinlariga qarata shunday chaqiriq bilan chiqdi:

"Odatda biz muxlislardan o'z kanalimizga obuna bo'lishlarini so'raymiz. Lekin bu safar unday qilmaymiz. Men sizdan Vozinyaning sahifasiga kirib, unga obuna bo'lishingizni so'rayman. U hozir Ispaniyani to'xtatib qolmoqda, u butun dunyoni hayratda qoldirmoqda va birinchi bo'limning mutlaq qahramoniga aylandi. Chatdagilar Vozinya deb yozmoqda. Nima uchun unga manaviy yordam va e'tibor bermasligimiz kerak?".

Bu chaqiriqdan so'ng raqamli makonda haqiqiy "cunami" yuz berdi. Bir necha soat ichida Vozinyaning obunachilari soni 1 millionga, keyinroq 3.1 millionga, oradan besh soat o'tib 3.5 millionga, kun oxiriga kelib esa 5.5, hatto 6 millionga qadar o'sib ketdi. Kabo-Verdening butun aholisi 500,000 ekanligini hisobga olsak, darvozabonning obunachilari soni uning vatani aholisidan 12 barobar ko'payib ketgan edi. Bu ko'rsatkich orqali u musobaqa boshlanishidan oldin viral bo'lgan yangi zelandiyalik futbolchi Tim Peynning (5.8 million obunachi) rekordini ham ortda qoldirdi.

photo_2026-06-16_12-35-09.jpg

Matbuot anjumanidan so'ng jurnalistlardan biri Vozinyaga telefon ekranini tutib, uning sahifasidagi obunachilar sonini ko'rsatganida, darvozabon bunga ishonqiramay, kulib yubordi:

"Bu shunchaki aql bovar qilmas holat... Umid qilamanki, ular mening sahifamni buzib kirishmagan yoki bloklab qo'yishmagan," – deya hazil qildi u.

Ushbu tarixiy natijadan so'ng Vozinya va uning jamoadoshlari "H" guruhining keyingi turlarida Urugvay va Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib borishadi va endilikda ular turnirning pley-off bosqichiga chiqish uchun real imkoniyatga ega.

 "JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul"

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

 

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia