Ilyos Zeytulaev: "Mavsumdagi eng yaxshi o'yinimizni o'tkazdik"

Aslanov Jasurbek
22 iyul 2026, 00:30
Superliga 13-turidan o'rin olgan "Buxoro" – "Bunyodkor" (1:0) uchrashuvidan keyin "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytulaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Shuni aytishim mumkin, bugun mavsumdagi eng yaxshi o'yinimizni o'tkazdik. "Buxoro" "chag'ilmas yong'oq" ekanligini bilardik, bu haqda o'yindan oldin yigitlarga ham aytgandim. Nima uchun eng yaxshi o'yinimiz? Matbuotda biz haqimizda ko'p gapirilyapti va futbolchilarimiz qanday holatda ekanini ko'pchilik biladi. Shundan kelib chqiqqan holda o'yinimizni juda yaxshi chiqdi deb ayta olaman. Yigitlar - professional, ularga etirozim yo'q, maydonda bor kuch bilan harakat qildik.

- Hozirgi vaziyat qanday?

- Vaziyat og'ir, juda-juda og'ir. Mahalliy futbolchilar ham, xorijliklar ham, murabbiylar shtabimiz ham dekabr, yanvar, fevral, mart, aprel, may, iyun, iyuldan beri qiyin davrni boshdan kechiryapmiz. Hammamizda shartnoma bor, afsuski, shartnomada belgilangan summani ololmayapmiz. Biz ham, futbolchilar ham ishlayapmiz, maydonda ter to'kyapmiz. Jamoamizni olti nafar futbolchi tark etdi. Yana 3-4 nafar o'yinchi kyetib qolishi mumkin. Shu bois bizni yaxshi tushunishlarini xohlardik. Hammaning oilasi, bola-chaqasi, o'ziga yarasha tashvishlari bor. Aytib o'tganimdek, vaziyat juda og'ir.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia