

- O'yin haqida fikringiz?
- Qiyin kechgan bahsda xarakter ko'rsata oldik, buning uchun yigitlarga rahmat. Shunday bo'ldiki, o'yinning ko'p qismini himoyada o'tkazdik, raqib jamoa to'p bilan yaxshi muomalada bo'ldi. Himoyaga alohida e'tibor qaratganimiz tufayli gol o'tkazmasdan maqsadimizga erishdik. Goldan keyin ham ikki-uchta vaziyatga ega chiqdik. Yana bir bor futbolchilarimizga rahmat.
- Raqib jamoa bosh murabbiyi moliyaviy muammolar haqida gapirdi. Bu borada sizning jamoangizda vaziyat qanday?
- Bilishimcha, hozir ko'p jamoalar oson bo'lmagan davrni boshdan kechiryapti. Stabil holatdagi klublar nihoyatda kam bo'lsa kerak. Klubimiz rahbariyati qo'ldan kelgan jamoaga yordam berib kelyapti. Rahbariyat klub haqida qayg'uryapti, buning uchun alohida rahmat aytsak arziydi. O'z navbatida biz ham mutasaddi kishilarni xursand qilishga harakat qilyapmiz.
- Transfer bozori hali ochiq. Jamoaga yangi futbolchilar kelishi mumkinmi?
- Hozircha rejamiz yo'q. Jarohat olgan futbolchilar bor, ularning sog'ayishini kutyapmiz. Murabbiy sifatida men ham chiziqlarni kuchaytirishni xohlardim, lekin hozirgi kunda transfer siyosati olib borayotganimiz yo'q. Har holda hozircha vaziyat shunday.



