

- O'yin haqida fikringiz?
- Hammaga xayrli kech. Sizlar bilan yana ko'rishib turganimdan xursandman. Bugun matbuot anjumaniga ko'pchilik kelibdi, bu ham yoqimli. Demak, futbolga befarq emassizlar. Qolaversa, orangizda Jahon chempionatida ishlab kelganlar bor, terma jamoamiz o'yinlarini yoritib borganingiz uchun rahmat.
- "Bunyodkor" uy uchrashuvini "Olimpiya" stadionida o'tkazdi. "Bunyodkor" stadionining hozirgi holati qanday? Jamoa qachon o'z maydoniga qaytadi?
- Stadion bo'yicha savolni mamuriyatga berganingiz maqul. Men bosh murabbiyman va qachon qaytishimizni bilmayman. Bu borada aniq gap ayta olmayman.
- Jamoada vaziyat qanday? Yaxshi tomonga o'zgarish bormi yoki "Titanik"ka o'xshab cho'kib boryaptimi?
- Biz "Titanik" emasmiz. Oxirigacha kurashamiz. Men bu haqda yigitlarga ham aytdim. Vaziyat hamon og'ir, o'tgan yil dekabrdan beri maosh olmagan futbolchilar bor. Klubimiz prezidenti vaziyatni o'nglashga harakat qilmoqda, buning uchun xursandmiz. Futbolchilarimiz maydonga chiqib o'zlarini ko'rsatishga harakat qilyapti. Faqat shuni aytishim mumkin, dekabrdagi holatdan beri hech narsa o'zgargani yo'q.
- Samandar Mavlonqulov zaxiradan tushdi, biroq yana zaxiraga olindi.
- Mavlonqulov ichki vaziyat haqida FIFAga yozdi. U ikki kun oldin xat yo'lladi. Lekin men o'z futbolchilarimga ishonaman. Uni jamoamizga yordam berishi uchun maydonga tushirdim. Ikkinchi tomondan uning holatini yaxshi tushunib turibman. U jamoaga futbol o'ynash va shu orqali pul topish uchun kelgan. Samandar ruhiy tomondan o'yinga kirishib keta olmadi, shu bois yana zaxiraga oldim. Oldin hech bunday qilmagandim, bu men uchun birinchi bor shunaqa bo'ldi. O'ylashimcha, Samandar boshqa jamoa haqida o'ylayapti va uning holatini tushunaman.
- Klubdagi mavjud vaziyatdan kelib chiqib taktika haqida so'rashning mavridi bo'lmasa kerak. Shu bois boshqa savol bermoqchiman. Ma'lumki, siz o'z vaqtida Italiyada faoliyat olib borgansiz va italyan futbolini yaxshi bilasiz. Italiyadan ko'p yaxshi murabbiylar chiqqan. Lekin shunday bo'ldiki, Italiya terma jamoasi qatorasiga uchta Jahon chempionatini o'tkazib yubordi. Murabbiylardan Karlo Anchelotti Braziliya, Vinchenco Montella Turkiya bilan vazifani ado eta olmadi. Shundan kelib chiqib Siz Italiya futboli va italiyalik murabbiylar bilan nima ro'y beryapti deb o'ylaysiz?
- Bu savolga aniq javob yo'q. Men Italiyaga ilk bor 2000-yillar boshida "Yuventus" o'rinbosarlari safiga borgandim. Asosiy jamoadan chaqiruv olganimda Kubok o'yinida ishtirok etganman. O'shanda Trezege, Del Pero, Davids, Buffon kabi yulduzlar bor edi. Italiya futbolining o'z madaniyati bor edi, vaqt o'tib shu madaniyat yo'qolib bordi. Har bir mamlakatning o'z futbol madaniyati bor. Italiyaliklar ispan futboli ortidan quvishga, shunday o'ynashga harakat qilishdi, lekin o'xshamadi. Ham o'xshamadi, ham o'z madaniyatini yo'qotdi. Italiya futboli har doim metin himoyasi bilan dong qozongan. Kannavaro, Maldini - bular super avlod edi. Keyingi yillarda yaxshi himoyachilar chiqmay qo'ydi. Ispaniyada futbol butkul yangicha tus oldi, ular bu ishni bolalar futbolidan yo'lga qo'yishdi. Hozirgi ispan futboli iqtidorlar makoni. Portugaliya ham shular jumlasidan. Vaqti kelib O'zbekiston ham ular qatoriga chiqadi deb umid qilaman.

- Abdumavlon Abdujalilov mavsum avvalida darvozani qo'riqlagandi. Keyinchalik Federiko Botti darvozada tura boshladi. Bugun ko'rdikki, yana Abdumavlonga imkon berildi.
- Bu ham moliyaviy holat bilan bog'liq. Yig'inni boshlaganimizda qiyinchilik sabab Federiko o'z vaqtida qaytib kela olmadi. Mashg'ulotlar ketayotgandi va Abdumavlon safimizda edi. U ham maosh olgani yo'q, lekin mashg'ulotlarda astoydil ishladi. U professional, shu bilan birga kuchli darvozabon. Mag'lubiyatga uchragan bo'lsak-da, Abdumavlon o'z ishini yaxshi bajardi deb o'ylayman.
- O'zbekistonda "Barselona" futbol akademiyasi filiali ochilishi mumkinligi haqida xabar chiqdi. Bu borada nima deya olasiz? Shunday akademiya bizda ham tashkil qilinsa buning qanday plyus va minus tomonlari bo'ladi?
- Bu juda yaxshi savol va savol uchun rahmat. Albatta, har bir o'zgarish va rivojlanish investiciya talab qiladi. "Barsa" akademiyasi dunyoda qanchalik mashhur ekanini hammamiz bilamiz. Bizda ham rivojlanish bo'lishi uchun ko'proq pul sarflashga to'g'ri keladi. Balki buning mevasini o'n yildan keyin ko'raramiz. "Barselona" akademiyasidan mutaxassislar kelib dars berishini yaxshi deb o'ylayman, faqat biz bunga qanchalik tayyormiz, hamma gap shunda. Bizda bolalar futboliga e'tibor oshyapti, buni ko'rayotganimdan xursandman. Agar ularning metodikasi butun O'zbekiston bo'ylab shaharlar va viloyatlarda ham qo'llanilsa, yanada yaxshi o'yinchilar yetishib chiqadi.



