Samandar Mavlonqulov nega zaxiradan maydonga tushirilib, yana almashtirildi? U FIFAga xat yozdimi?

Оқил Абдубарноев
17 iyul 2026, 14:00
"Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev "Nasaf"ga qarshi o'yinda hujumchi Samandar Mavlonqulovni nega zaxiradan maydonga tushirib, keyin yana almashtirganiga izoh berdi.

22 yoshli futbolchi 60-daqiqada Narimonjon Ahmadjonov o'rniga o'yinga qo'shildi, biroq 84-daqiqada uning o'rniga Sardor Abdunabiev maydonga tushirildi.

"Mavlonqulov, adashmasam, FIFAga xat yozdi. Maosh ololmayotgani sababli ketishi haqida xabar bergan. Lekin u buni o'yindan ikki kun oldin yozdi. Men o'z futbolchilarimga ishonaman va bunday narsalarga e'tibor bermaslikka harakat qilaman. Uni jamoaga yordam bersin deb maydonga tushirgandim. Lekin uni ayblay olmayman, chunki u "Bunyodkor"ga o'ynash va pul ishlash uchun kelgan professional futbolchi. Ruhiy jihatdan uni tushunishim mumkin. Unga qiyin bo'lganini va ruhan o'yinga kirisha olmaganini ko'rdim. Boshqa yigitlar esa harakat qilib kurashishdi. Shuning uchun jamoa manfaati yo'lida shunday qaror qabul qildim. Hamma futbolchilar kurashmoqda, Samandar esa katta ehtimol bilan bir oyog'i bilan boshqa jamoada. Bu yerda qo'rqinchli narsa yo'q, biz yosh futbolchilar bilan oldinga intilaveramiz", dedi 44 yoshli mutaxassis.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia