Qirg'izistonlik ekspert: "Biroz xafsalam pir bo'ldi, O'zbekiston ochko oladigandek ko'ringandi"

Iskandarov Abdulaziz
18 iyun 2026, 11:39
O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi yurishini boshladi.

Startda Kolumbiya raqiblik qilgan o'yinda vakillarimiz mag'lubiyatga uchradi (1:3). Saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov bu borada qirg'izistonlik futbol eksperti Tengelbes Musaevning fikrlari bilan qiziqdi.

- Kolumbiya bilan o'yin qanday taassurot qoldirdi?

- To'g'risi, biroz hafsala pir bo'ldi. Chunki o'yin davomida O'zbekiston milliy terma jamoasi raqibning maqomi va kuchiga qaramay, ochko qo'lga kirita oladigandek taassurot uyg'otgandi. Shunga qaramay, sizni Jahon chempionatlaridagi tarixiy, ilk gol bilan tabriklayman. Ushbu gol jamoaga yanada katta kuch va ishonch bag'ishlashi shubhasiz.

- Birinchi bo'limda Jahon chempionati salobati bosdimi yoki boshqa sababmi?

- Bunday yuqori darajadagi turnirlarda diqqat-e'tiborni bir soniyaga bo'lsa-da yo'qotish yoki detallarga beparvo bo'lish qimmatga tushishi mumkin. Kichik bir xato ham gol bilan jazolanadi. Bundan tashqari, musobaqadagi ilk uchrashuv, odatda, doim eng qiyini bo'lib kelgan.

- Garchi mag'lubiyatga uchragan bo'lsakda, qanday ijobiy jihatlarimiz ko'zga tashlandi?

- Bugun o'yindagi juda yaxshi tashkilotchilikni alohida etirof etgan bo'lardim. Chiziqlar o'rtasida katta uzilishlar kuzatilmadi, jamoa juda zich harakat qildi. Bundan tashqari, hujum chizig'ida ham aniq tizim ko'zga tashlandi - mening nazarimda, bir qator vaziyatlar va xavfli yaqinlashishlar sodir etildi.

- Portugaliya bilan o'yindan kutilmalar haqida...

- Yangi gap aytmagan bo'laman: hozir eng muhimi - keyingi bahsgacha iloji boricha tezroq tiklanib olish. Bu ham jismoniy, ham ruhiy taraflama juda zarur.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia