

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv qiyin o'tishini bilardik, sababi "Olimpik Mobiuz" bilan doim qiyin o'tgan. O'yinni yaxshi boshladik va chiroyli hujum orqali gol urib oldik. Ikkinchi bo'limda qarshi hujum tufayli gol o'tkazdik. Menimcha, bu vaziyatda darvozabonimiz diqqat-e'tiborni yo'qotib qo'ydi. Shundan so'ng ozgina qiynaldik va keyin yana gol urib g'alaba qozondik. Yigitlarga o'yin uchun rahmat. Bugun futboldan ko'ra ko'proq kurashga boy o'yin bo'ldi.
- Ikkinchi taymda shogirdlaringiz ustunlikni raqibga berib qo'ydi.
- "Olimpik Mobiuz" bilan menimcha, ochiq futbol o'ynash xato bo'lardi. Chunki ular ham yaxshi jamoa. Shu bois qarshi hujum variantini maqul ko'rdik. Oldinda tezkor o'yinchilarimiz bo'lgani uchun tezroq to'pni etkazib berishga harakat qildik.
- Jamoangiz gol o'tkazib ham vaziyatni o'nglay oldi. "Lochin"ni irodali jamoa deb hisoblaysizmi?
- Qo'ldan kelgancha iroda ko'rsatishga harakat qilyapmiz. Raqiblarni kuchli va kuchsizga ajratmagan bo'lardim, baribir hamma bilan qiyin bo'ladi.
- Davron Umirovning yo'qligi qanchalik ta’sir qildi?
- Davron tayanch yarim himoyamizda o'ynaydigan eng yaxshi futbolchilardan biri. Albatta, uning o'rni bilinyapti. Himoyada to'psiz o'yin va to'p bilan o'yinda ham uning yordami ko'p tegadi.
- "Lochin" kuchli uchlikka kira oladimi?
- Hammasi o'z qo'limizda. "Kattaqo'rg'on" va "FarDU" bilan uyda o'ynaymiz. Hammasi o'zimizga bog'liq. Beshlikka kirish o'zimizning qo'limizda, lekin uchlikka harakat qilamiz.
- Jamoa mavsumni "Geolog"da yakunlaydimi yoki keyingi bahsni yangi stadionda o'tkazadimi?
- Menimcha, yangi stadionda o'ynasak kerak.



