

- O'yin haqida fikringiz…
- Avvalambor tashkilotchilik uchun rahmat aytmoqchiman. Universitet qoshida shunday yaxshi jamoa tashkil qilingan, bu ham quvonarli. O'yin haqida gapiradigan bo'lsam, biz qayta qurish davrini boshdan kechiryapmiz, o'z formamizni sekin-asta tiklab boryapmiz. Bugungi g'alaba juda yoqimli bo'ldi, yigitlar ko'rsatmalarni bexato bajarishga harakat qilishdi. Haqli g'alabaga erishdik deb o'ylayman. O'z navbatida raqib ham yaxshi o'yin namoyish etdi.
- "Kattaqo'rg'on" o'z oldiga jiddiy maqsad qo'ygan jamoalardan. Shunday ekan, har bir detalni inobatga olishga to'g'ri keladi. Lekin o'tgan turda ko'rdikki, "Metallurg" bilan uy uchrashuvi o'tkazilmadi. Shu haqda nima deya olasiz?
- Futbol faqat maydondagi o'yindan iborat emas. Futbol butun bir organizm, o'yinni yaxshi o'tkazish uchun har tomonlama ishlash kerak bo'ladi. Biz Kattaqo'rg'on uchun yaxshi jamoa tuzishni maqsad qilganmiz. Buning uchun esa vaqt kerak. "Metallurg" bilan bahs nima uchun o'z vaqtida boshlanmaganini klubimiz rahbariyati o'rganib chiqdi. O'ylaymanki, biz bu sahifani yopdik va ortga qaytmoqchi emasmiz. Oldinga qarab ishlashda davom etamiz.
- O'zbek futbolining yorqin vakili sifatida bugungi Elit OCHL o'yinlaridan oldin nima deya olasiz?
- To'g'risi, o'zim ham "Paxtakor" va "Neftchi" ishtirokidagi uchrashuvlarni intiqlik bilan kutyapman. Har ikki jamoamizning ijobiy natijasidan umidvorman. To'g'ri, Saudiya klublariga qarshi o'ynash og'ir bo'ladi, ammo "Paxtakor" bilan "Neftchi"ning tarkibi ham o'ziga yarasha kuchli. Bizning klublar bemalol Osiyo jamoalariga boshog'riq bo'la oladi. Har ikki jamoamizga omad tilab qolaman.
- Murabbiylik faoliyatingiz yorqin chiqdi. Biz sizni Superliga klubida kutgandik, ammo Proligada ish boshladingiz. Bu qanday sodir bo'ldi?
- Ish boshlashdan oldin "Kattaqo'rg'on" rahbariyati bilan uchrashdim, ularning taklifi va g'oyalari nihoyatda qiziqarli bo'ldi. Klubning kelajakka oid yaxshi rejalari bor. Agar kutganimda Superligadan ham taklif tushardi. Men uchun muhimi, ish amaliyotiga ega bo'lish va o'z mehnatim bilan jamoa o'sishiga yordam berish.


