

- O'yin haqida fikringiz?
- Qiziqarli o'yin bo'ldi, har ikki jamoa oxirigacha kurashdi. Birinchi bo'limda tezkor gol o'tkazib yubordik va ikkinchi bo'limda vaziyatni o'zgartira oldik. Mag'lubiyatga uchradik, g'alaba bilan "Lochin" jamoasini tabriklayman.
- Bahs oxirlarida jamoangiz gol urganida bir ochko qo'lga kiritilardi. Shu vaziyat haqida nima deya olasiz?
- O'yin uslubimiz asosan pozicion hujumga qaratilgan va ko'p hujum qilishni xohlaymiz. Vaziyatlardan foydalanish borasida muammolar bor va bu muammoni bartaraf etish qiyin bo'lyapti. Hujumchilarimizga sovuqqonlik yetishmayapti. O'tgan tur "FarDU" ham ikki-uch bor qarshi hujumga o'tib shundan foydalangandi. Bugun ham shunga o'xshash vaziyat bo'ldi. Siz aytgan oxirgi vaziyatda futbolchimiz gol urishi kerak edi.
- Gol ura olmaslik muammosi faqat hujumchilardami?
- Bizda jamoaviy kamchilik ko'zga tashlanyapti. Gol urish uchun qanotlardan to'p uzatish bor, lekin to'p etkazib berilgan joyda hujumchimiz yo'q. Yoki buning teskarisi: hujumchimiz ichkarida, ammo unga to'p yetib bormayapti. Mahorat, sovuqqonlik yetishmayapti. Mashg'ulotlarda bu borada individual ishlayapmiz.
- Dalerning golini mavsumning eng chiroyli uchta goli qatoriga kiritsa bo'ladimi?
- Daler bundan ham yaxshi o'ynay oladi. U ikkinchi davra oldidan safimizga qo'shildi. Biroz muddat jarohati sabab maydon tashqarisida qoldi va mana endi o'ziga kelyapti. Daler - mahoratli futbolchi.
- Odatda futbolchilar bilan bir yillik shartnoma tuziladi. Mavsum yakunida o'yinchilarning shartnomasi tugab jamoadan kyetib qolishi sizni xavotirga solmayaptimi?
- Aslida shunday ham bo'lib kelyapti. O'tgan yilgi tarkibimiz deyarli yo'q, bu mavsum yangi tarkib yig'ganmiz. Bir nechta futbolchimizda Superligadan takliflar bor. Ishimiz shu: futbolchilarni tarbiyalab terma jamoalar va klublarga etkazib berish. Futbolchilarimizning bizdan kyetib Superligada to'p tepayotgani o'z navbatida bizni ham xursand qiladi.
- Jamoangizda moliyaviy holat qanday? Oyliklar vaqtida berilyaptimi?
- Tashkilotchilik bo'yicha muammo yo'q, hatto bu borada ayrim Superliga klublaridan ham ustunmiz deya olaman. Futbolchilar uchun baza tashkil qilingan, yotoqdan muammo yo'q. Futbolchilarimiz olayotgan maosh bu yoshdagilar uchun etarli deb o'ylayman. Faqat futbol o'ynash kerak. Yaxshi imkoniyatlar yaratib berilgan ekan, bundan faqat foydalanish kerak.



