Eldor Moyliev: "Hakam birinchi sariq kartochkada adashdi"

Оқил Абдубарноев
21 avg 2026, 17:10
"Lochin" bosh murabbiyi Eldor Moyliev Proliganing 16-turidan o'rin olgan "QMU Jayxun"ga qarshi o'yindan keyin (1:0) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz qanday?

– Qiyin g'alabaga erishdik. O'yinni yaxshi boshladik. Jamoaning hujumlari va yaratgan vaziyatlari ko'ngildagidek kechayotgan edi. Biroq tarkibimizda kutilmaganda olingan qizil kartochka o'yinimizni o'zgartirib yubordi. Bitta hujumchini maydondan olishga majbur bo'ldik. Ikkinchi bo'limda asosan himoyalandik va tartibli o'ynashga harakat qildik. Yigitlarga katta rahmat, ular kuchli iroda ko'rsatib, muhim g'alabaga erishishdi.

– Qizil kartochka haqida fikringiz qanday? Bu borada hakamga etiroz ham bildirdingiz.

– Hakamga etirozimiz shundan iboratki, u birinchi sariq kartochkani berishda adashdi. Menimcha, kartochkani Saidovga emas, boshqa futbolchiga ko'rsatishi kerak edi. Ikkinchi vaziyat esa bevosita ko'z oldimda sodir bo'ldi, holatni biroz yumshatsa bo'lardi. Hakam avvalgi xatosini bilib turib, to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka berib yubordi. O'yinning yarmidan ko'pida kamchilik bo'lib qoldik va shu sababli qiynaldik. U vaziyatda sariq kartochka bersa ham bo'lardi yoki birinchi sariq kartochka noto'g'ri berilgani uchun shunday qarorga keldi, deb o'ylayman.

– O'tgan turda ham "Lochin" qizil kartochka olgan edi. Ketma-ket ikki turdan beri futbolchilaringiz chetlatilyapti. Bu o'yinlarning shiddatli kechayotganidan dalolatmi yoki futbolchilarda shunday qo'pollik qilishga moyillik kuchlimi?

– Yo'q, o'tgan turdagi qizil kartochkani kechirish qiyin. O'tgan safargi vaziyat biroz og'irroq edi, futbolchining xatti-harakati noto'g'ri bo'ldi va biz bunday harakatlarni oqlamaymiz. Bugungisi esa o'yin ichidagi tabiiy holat, yani ikkita sariq va qizil kartochka. Bu futbolda uchrab turadigan vaziyatdir.

– "Lochin"da hozir barqarorlik kuzatilmayapti. O'z uyida "Termiz"ni mag'lub etdi, keyin "Paxtakor-farm"ga yutqazib qaytdi. Bugun esa yana "Jayxun"ni mag'lub etyapti.

– Takidlaganimdek, "Paxtakor-farm"ga qarshi o'yinda 90 daqiqa davomida hujum qilgan bo'lsak-da, qarshi hujumlarda va standart vaziyatlarda o'z xatolarimiz tufayli osongina gollar o'tkazib yubordik. O'yinimizga kelsak, jamoaga yangi qo'shilgan yigitlar hali to'liq moslashib keta olishgani yo'q. Ularda jismoniy holat bo'yicha ham muammolar bor yoki balki bizning o'yin falsafamizni tushunish biroz qiyin kechyapti. Hali o'z o'yinimizni to'liq ko'rsata olganimiz yo'q, shuning uchun ham barqarorlik yetishmayapti.

– Biryo'la uchta futbolchini almashtirdingiz. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad nima edi?

– Markazda uch nafar futbolchini qoldirgan edik va ularning ortidan yana bir tayanch yarim himoyachisini tushirdik. Markazdagi uch o'yinchimiz ikkala qanotga – chapga va o'ngga ham tinimsiz harakat qilib, maydonda juda katta hajmdagi ishni bajarishdi. Shuning uchun ularning uchalasida ham birdaniga charchoq alomatlarini sezdik va ularni maydondan oldik. Ular himoyada juda yaxshi harakat qilishdi.

– "Lochin" jamoasi qachongacha "Geolog" stadionida o'ynaydi? Jamoaning o'z maydoni haqida qanday yangiliklar bor?

– Maydonimiz tayyor. Ochilish marosimini chiroyli va ko'rkam o'tkazishga harakat qilamiz. Yaqinda "G'azalkent" jamoasi bilan bo'ladigan o'yinda stadionning ochilish marosimini o'tkazishni rejalashtirganmiz.

– Demak, 6 sentyabrda?

– 6 sentyabrda. Ungacha ochilish marosimi bo'lib o'tadi. Shundan boshlab qolgan o'yinlarni o'z maydonimizda o'tkazamiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia