

– Bugungi o'yin haqida fikringiz qanday?
– Bugungi raqibimiz "G'azalkent" jamoasida yaxshi, iqtidorli yigitlar yig'ilganini bilardik, o'yin qiyin bo'lishini ham oldindan sezgan edik. Shunga qaramay, yigitlar o'yinni yaxshi boshlashdi. Birinchi bo'limda ham, ikkinchi bo'limda ham qulay vaziyatlarga ega bo'ldik, afsuski, ozgina sovuqqonlik yetishmadi. Ikkinchi bo'limda kutilmaganda himoyachilarimiz diqqat-e'tiborni yo'qotib qo'yishdi va gol o'tkazib yubordik. Reja bo'yicha ikkinchi bo'limda maydonga yangi futbolchilarni tushirib, o'yinni kuchaytirmoqchi edik, lekin, ko'rganingizdek, qizil kartochka sababli maydonda kamchilik bo'lib qoldik. Shunga qaramay, ikkinchi bo'limda zaxiradan qo'shilganlar o'yinni kuchaytira olishdi va hisobni tenglashtirdik. Yana vaziyatlar yaratildi, afsuski, ulardan foydalana olmadik. Umuman olganda, bugun jangovar durang bo'ldi, desam ham bo'ladi.
– O'tkazib yuborilgan birinchi golda himoyachilarning xatosi bo'ldimi yoki darvozabon kech qoldimi?
– Biz buni ko'p bora takidlaganmiz: to'p qanotda bo'lganda va jarima maydoniga uzatma amalga oshirilayotganda, albatta, futbolchilar raqib bilan birga o'ynashi kerak. Himoyachilar ham to'pni, ham raqibni nazorat qilishi lozim. Bu vaziyatda ko'proq himoyachilar xato qildi, deb o'ylayman. Raqib futbolchisiga bemalol zarba berish imkonini yaratib berishdi.
– To'pni to'xtatib olish va uni aniq uzatma bilan sheriklariga etkazishda hozir jamoaning qaysi a'zolarida kamchiliklar ko'rinyapti?
– Biz professional jamoamiz, shunday ekan, futbolchilar mas'uliyatli bo'lishi talab etiladi. To'p bilan muomala qilish masalasiga kelsak, aslida futbolchi to'pni boshqarishi kerak. Afsuski, bir-ikkita shunday o'yinchilarimiz borki, ularning ism-sharifini aytib o'tirmayman, haligacha to'p ularni boshqaryapti. Ular to'p bilan muomalada qiyinchilikka duch kelishyapti, bunga esa qo'shimcha vaqt sarflanmoqda. Natijada tezkor hujum tashkil qilishga imkon qolmayapti.
– O'tgan intervyularda jamoa stadioni ochilishi haqida aytib o'tgan edingiz va PFL mas'ullari ham kelib stadionni ko'rishdi. Qanday xulosaga kelindi va u qachon ochiladi?
– Navbatdagi uy o'yinimizda ochiladi. Menimcha, stadionni qabul qilishdi. Hozir uning holati a'lo darajada. Faqatgina ayrim tashkiliy ishlar qolgan, stadionni chiroyli qilib ochish niyatidamiz. Xudo xohlasa, keyingi turlarni ushbu maydonda o'tkazamiz.
– Agar bugun "Lochin" g'alaba qozonganda, ikkinchi o'ringa ko'tarilib olardi. G'alaba qozonish uchun bugun nima yetmadi, deb hisoblaysiz? O'tkazib yuborilgan birinchi gol xalaqit berdimi?
– Albatta, u ham xalaqit berdi. Bundan tashqari, birinchi bo'limda ham, ikkinchi bo'lim boshida ham qulay vaziyatlardan foydalana olmadik. Agar biz birinchi bo'lib gol urganimizda, o'yin ancha osonroq kechardi va qarshi hujumda o'ynash imkoniyatimiz ortardi. Afsuski, gol o'tkazib yuborganimizdan so'ng qizil kartochka sababli o'n kishi bo'lib qoldik va vaziyatni o'zimiz uchun qiyinlashtirdik. Aslida 70-75-daqiqalardan keyin raqibning yosh futbolchilarida baribir charchoq alomatlari sezila boshlashini bilardik.
– "Lochin" xarakterli jamoami yoki gol o'tkazib yuborgandan so'ng, so'nggi daqiqalarda natijani tenglashtirish yoki g'alaba qozonishga qiynalyaptimi?
– Bu futbolchilarning ruhiyatiga bog'liq holat. Gol o'tkazib yuborilgandan keyin o'zida kuch topa olish muhim. TerDU jamoasi bilan bo'lgan uchrashuvni ham ko'rdingiz, juda qiyin o'yin bo'ldi. Ko'p o'yinlarda hisobni tenglashtiryapmiz va g'alaba ham qozonyapmiz. Ayrim o'yinlarda esa, afsuski, buning uddasidan chiqa olmayapmiz. Bu o'sha vaqtda yigitlarning ruhiyati qandayligiga bog'liq. Maydonda murabbiy hech qanday amaliy yordam bera olmaydi. Biz faqatgina o'zgarishlar orqali, maydonga tushirilgan yangi kuchlar bilangina o'yinni kuchaytirishimiz mumkin.
– Bugungi o'zgarishlar o'zini oqladimi?
– O'zgarishlarni ko'rdingiz, ular o'yinga yaxshi qo'shildi. Alisher Xayrullaev va Diyor Asomiddinov ham faol harakat qilishdi. Aynan ularning ishtirokida tashkil etilgan hujum yakunida gol urdik. Demak, o'zgarishlar o'zini oqladi. Bundan ham yaxshiroq o'ynab, o'yinni yanada kuchaytirsa bo'lardi, lekin, afsuski, bazi vaziyatlarda – yana kuch qo'shish kerak bo'lgan joyda ular o'zlarida etarlicha kuch topa olishmadi.



