Anvar G'ofurov: "Balki o'yinimiz zo'r chiqmagandir, lekin muhimi g'alaba qozondik"

19 iyul 2026, 00:07
Superliga 12-turidan o'rin olgan "Andijon" – "Surxon" (1:2) uchrashuvidan keyin "Surxon" bosh murabbiyi Anvar G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Oson o'yin bo'lmasligini bilgandik. "Andijon"da murabbiy o'zgarganidan so'ng jamoada o'sish bo'ldi va biz ham shunga qarab hozirlik ko'rdik. O'zimiz xohlagan o'yin uslubimiz bor va raqibga shu uslubni taklif qildik. Balki o'yinimiz zo'r chiqmagandir, lekin muhimi g'alaba qozondik. Albatta, xato va kamchiliklar bor, o'zgartirishimiz kerak bo'lgan jihatlar ko'p. Futbolda xatosiz hech narsa bo'lmaydi.

- Asosiy darvozabon Merganovning holati qanday?

- Unda miya chayqalishi bor. Shifokorlar tashxisidan keyin nima bo'lgani aniq ko'rinadi.

- Tanaffus paytida "Surxon" yetakchilari jamoani tark etishiga nima asosiy sabab bo'ldi?

- Bu savolga to'liq javob bera olmayman. Chunki jamoamizdan ketgan har bir futbolchining bu borada o'z fikri bor. Ular o'z xohishiga ko'ra ketishdi. Kimdir ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish, kimdir moliyaviy tomonni ko'zlab ketdi. Vaziyat hammada turlicha. Mening ishim jamoani shug'ullantirish va o'yinga tayyorlash. Safimizda yoshlar bor, shular bilan ishlaymiz. Nima ro'y bermasin, "Surxon" baribir bo'ladi va o'z faoliyatini davom ettiradi.

- Behruz Karimov xatto qaydnomada yo'q edi.

- Behruzga Jahon chempionatidan keyin dam berdik. U qishdan beri umuman dam olgani yo'q. Bir necha bor terma jamoalarga chaqirildi, keyin milliy jamoa bilan JCHga yo'l oldi. O'zini tiklab olishi uchun unga dam berishni lozim topdik. Balki tez orada boshqa chempionatga yo'l olishi ham mumkin. Biz esa boshqa futbolchilar bilan ishlashda davom etyapmiz.

- Bugun "Surxon" safida bir nechta yoshlar maydonga tushdi. Ularning o'yini borasida fikringiz?

- Yoshlar borasida ham o'z rejalarimiz bor. Kimdir debyut qildi, kimdir o'zini ko'rsatishga intildi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia