Yuriy Utkulbaev: "Tez orada xatolardan xulosa chiqarib chiroyli o'yin ko'rsatishni boshlaymiz"

Administrator
27 may 2026, 23:35
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Kattaqo'rg'on" (3:0) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi. Bunda "Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Yuriy Utkulbaev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?


- Birinchi navbatda raqibni haqli g'alaba va keyingi bosqichga chiqqani bilan tabriklayman. Bu o'yin bizga dars bo'ldi, o'zimiz uchun kerakli xulosa chiqarishga harakat qilamiz. Stadionga jamoamizni qo'llab turish uchun kelgan muxlislarga rahmat. Ijobiy natija ko'rsatishga harakat qildik. Endilikda o'z o'yinimizni yanada yaxshilash ustida ish olib boramiz.

- "Kattaqo'rg'on"da yaqinda ish boshladingiz. Jamoaga kelishingiz qanday ro'y berdi?
- Menga taklif tushdi, taklifni qabul qildim va keldim.

- O'z oldingizga qanday maqsad qo'yasiz?
- Jamoamiz bilan Superligaga chiqish. Buning uchun har bir bahsni yutishga va yakunda biz uchun kerakli bo'lgan o'rinni olishga harakat qilamiz. To'g'ri, bugungi yirik mag'lubiyatdan keyin bu gaplarim g'alaati eshitilishi mumkin, lekin Proligada shunday vazifa qo'yilgan.

- Hamyurtimiz Vagiz Galiulin bilan "Rubin"da ishlaganingizdan xabarimiz bor. Bundan tashqari o'zbek futboli borasida qanday ma'lumotga egasiz?
- Galiulindan tashqari Davron Mirzaev ham jamoamizda o'ynagan. Ma'lumotga kelsak, tez orada ko'proq ma'lumotga ega bo'laman deb o'ylayman. O'zbek futboli texnikaga tayangan holda rivojlanib borayotganini ko'ryapmiz. Terma jamoaga Jahon chempionatida omad tilayman. Bundan hammamiz xursandmiz. Rossiya uchun O'zbekiston begona emas, biz qo'shnilarmiz. Shu bois ko'pchilik O'zbekistonga muxlislik qiladi.

- Bugun jamoangiz uch nafar markaziy himoyachi bilan o'ynadi. "Kattaqo'rg'on" avvalgi bahslarda to'rt nafar himoyachi bilan o'ynab kelayotgandi. Taktikani o'zgartirdingizmi?
- Shuni aytishim mumkin, agar 4 nafar himoyachi bilan o'ynaganimizda hisob yanada yirik ko'rinish olardi.

- O'z paytida darvozabon bo'lgansiz. Jamoangiz uchta gol o'tkazganiga qarab darvozabon xatosi bor deb o'ylaysizmi?
- Men ko'proq taktik xatolar haqida gapirishni xohlayman. Alohida birorta o'yinchi yoki darvozabonga aybdor sifatida qaramayman. Bugun biz raqib oldida kuchsiz edik. Bir nechta xatolarga yo'l qo'ydik. Tez orada xatolardan xulosa chiqarib chiroyli o'yin ko'rsatishni boshlaymiz.

- "Kattaqo'rg'on" uy uchrashuvlarini o'tkazadigan Samarqanddagi stadionda bo'ldingizmi?
- Hozircha yo'q. Men to'g'ri Toshkentga keldim va jamoani shu yerda qabul qilib oldim.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: Championat.asia