

Muzli suvda yigirma daqiqa
2026 yil 31 mart. Monterreyda tun. Maydonda shiddatli kurash – Iroq terma jamoasi Boliviya ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozonmoqda. Bu natija – butun bir xalqning qirq yil davomida diliga jo qilgan orzulari ro'yobga chiqayotgan tarixiy lahza edi.
Biroq bu buyuk zafarning bosh memori o'yin yakunini maydonda kutib olmadi. U 53-daqiqada millatga beqiyos quvonch ulashgan hal qiluvchi golni urdi-yu... uchrashuvning eng hayajonli, so'nggi soniyalarini stadionning sovuq va sukunatga cho'mgan kiyinish xonasida, mutlaqo yolg'iz holda o'tkazishga majbur bo'ldi.
"Almashtirilganimdan so'ng maydondagi qolgan daqiqalarni tomosha qilishga yuragim bardosh bermadi. Ruhiy bosim shu qadar kuchli ediki, kiyinish xonasiga kirib oldim va o'yin tugab, mundial yo'llanmasini qo'lga kiritgunimizga qadar 20 daqiqadan ortiq vaqtni muzday suvli vannada, yuragimni hovuchlab o'tkazdim".
Hakamning final hushtagi chalinishi bilan Iroq Jahon chempionatining so'nggi – 48-yo'llanmasini tarixiy tarzda qo'lga kiritdi. Ushbu gol butun sayyora bo'ylab ikki yarim yil davom etgan saralash bosqichining 2527-chi, yani eng oxirgi va hal qiluvchi goli sifatida zarhal harflar bilan muhrlandi. Lahzalar ichida Bag'dod ko'chalari tong ham otmasdan odamlar bilan to'lib-toshdi: butun mamlakatni zafar sururi chirmab oldi, rasmiy bayram e'lon qilindi, Qahramon jamoani esa Bosh vazirning shaxsan o'zi tantanali ravishda kutib oldi.
"Xalqimiz qanchadan-qancha og'ir sinovlarni, mashaqqatlarni boshdan kechirmasin, qalbimizdagi hayotga va ona Vatanimizga bo'lgan cheksiz muhabbat aslo so'nmadi va so'nmaydi".
Loysuvoq kulba
Ayman Husayn G'adbon al-Mafrajiy 1996 yilda Kirkuk viloyatining sukunatga cho'mgan Huvayja tumaniga qarashli As-Safra qishlog'ida dunyoga keldi. Oilaning bor tirikchiligi sodda va halol dehqonchilik hamda chorvachilik orqasidan edi. Ammo u tug'ilgan tuproqlar tinchlik nizomini tezda yo'qotdi – Huvayja 2003 yildan so'ng neft quvurlari muntazam portlaydigan, minalashtirilgan avtomobillar va yo'l chetidagi portlagichlar odamlarning mashum kundalik hamrohiga aylangan xavfli makonga aylandi. Keyinroq bu hudud ISHID changaliga tushib, 2014–2017 yillarda xalqaro koaliciyaning ayovsiz havo zarbalari ostida qoldi.
Iroqda dahshatli urush alanga olganida, Ayman bor-yo'g'i murg'ak etti yoshli bolakay edi.
"Ushbu xonadon – bolaligimning eng beg'ubor va aziz go'shasi. Garchi keyinchalik u yerdan ko'chib ketgan bo'lsak-da, qadamlarim hanuz tez-tez o'sha tomon oshiqadi. U yerda men uchun juda ko'p qadrli va yorqin xotiralar, ayniqsa, rahmatli otamning o'chmas siymosi yashaydi. Biz – qishloq bolalari, imkoniyatlar va futbol klublari yetishmovchiligidan juda ko'p qiynalganmiz, ammo futbolchi bo'lish haqidagi eng ezgu orzuim aynan shu tuproqda, shu uyda tug'ilgan".
Olis viloyatdan chiqib, professional futbolchi bo'lish mardonvor mashaqqat edi – futbolchi buni birgina mazmundor jumla bilan shunday izohlaydi:
"Chekka viloyatlardan katta klublar safiga yorib kirish Bag'dod yoki Basraga qaraganda chandon qiyinroq. Men Al-Havijada edim va yuragimda ulkan, ummondek orzular jo'sh urardi".

Ota
Otasi Iroq armiyasining matonatli oficeri edi. "Al-Qoida" jangarilari unga qayta-qayta tahdid qilib, harbiy xizmatni tark etishni talab qildi. Ammo u or-nomusi va qasamyodiga sodiq qolib, bu shartni qatiy rad etdi. 2008 yilda esa yovuz kuchlar uni shafqatsizlarcha otib o'ldirishdi.
O'shanda murg'ak Ayman bor-jog'i o'n ikki yoshda edi.
Iroqning "Samarra" telekanaliga bergan intervyusida u qalbini tilib yuborgan o'sha mudhish kunni shunday iztirob bilan eslaydi: oilasi otasiga uyga zarur buyumlarni olib kelishini aytish uchun qo'ng'iroq qilgan, ammo go'shakni begona odam ko'targan. Musibat xabarini eshitgan Ayman avvaliga bunga aslo ishongisi kelmagan va yig'lab, akasiga "bu yolg'on, otam o'lmagan!" degan. Keyinroq onasi go'shakni olib gaplashgachgina, sovuq va shafqatsiz haqiqat xonadonni og'ushiga olgan.
"Otam yangi qurilayotgan uyimiz uchun kerakli materiallarni sotib olishga ketgan edi. Oradan bir necha soat o'tgach, dahshatli xabar bilan qo'ng'iroq qilishdi – otamni otib o'ldirishganini va uning jasadi kasalxonada ekanini aytishdi. Uning yuragiga beshafqatlarcha o'q uzishgandi. Afsuski, otam mening futbol maydonida haqiqiy yulduzga aylanganimni ko'ra olmadi…"
Ona
Ota o'limidan keyin o'n ikki yashar bola futbolni tashlashga qaror qildi. Oilani boqish kerak edi. Onasi ruxsat bermadi.
"Oilaga yordamlashishim uchun futbolni tashlamoqchi bo'ldim, lekin onam rozi bo'lmadi."
Onasi unga shunday degan:
"Bu sening orzung. Men buni bilaman…"
U futbolchi bo'lishida eng katta motivaciya shu bo'lgani haqida keyingi intervyularida ham takror-takror gapiradi:
"Onam orzuimga erishishim va oilamizni boqishim uchun futboldagi yo'limni davom ettirishimga turtki berdi".
Bugun Kirkukda uning restorani bor. Nomi onasi atagan:
"Ha, onamni yaxshi ko'rganim uchun uning sharafiga nomlangan restoranim bor."
Huvayjaga borganida uni eng ko'p nima xursand qilishi haqidagi savolga ham javobi o'zgarmaydi:
"Ayniqsa, meni doimo qo'llab-quvvatlaydigan va o'ziga xos quvonch bilan qarshi oladigan onamning xursandchiligi men uchun juda qadrli".

Aka
Ota o'limidan keyin oilaning butun mas'uliyati va og'ir yuki katta akaning zimmasiga tushdi. U ham otasi kabi Iroq armiyasida xizmat qilardi.
2014 yil – Aymanning kattalar futbolida endigina bo'y ko'rsatib, nom chiqara boshlagan umidli paytlari edi. Ammo aynan o'sha yili ISHID guruhi hududga bostirib kirdi va oilani yana bir bor dog'da qoldirdi.
"2014 yilda 'ISHID' kirib kelgach, katta akamni o'g'irlab ketishdi va u haqda shu kungacha hech narsa bilmaymiz. Bu juda og'ir davrlar edi, uyimizni tashlab chiqishga majbur bo'ldik".
Akasi o'g'irlab ketilganidan bir necha daqiqa o'tib, ularning jigarband xonadoni shafqatsizlarcha bombardimon qilindi va kuli ko'kka sovurilib, butunlay vayron bo'ldi. Oila o'z tug'ilib o'sgan yurtida sarson-sargardon qochqinga aylanib, Kirkuk shahar markazidan panoh izladi.
Oradan o'n ikki yil o'tib, Monterreydagi o'sha tarixiy va hayot-mamot golidan so'ng, u ko'zida yosh bilan kameraga qarab, dunyodagi eng qadrli ikki insoniga yurak so'zlarini yo'lladi:
"Otamga: "Siz haqiqiy erkakni tarbiyaladingiz. Birga o'tkazgan vaqtimiz qisqa bo'ldi, lekin meni to'g'ri yo'lga soldingiz", – degan bo'lardim. Akamga esa shunday yuzlanardim: "Ukangizning milliy terma jamoa libosida o'ynayotganini ko'rishingizni juda istardim…"
Stadiondan mehmonxonagacha yugurgan yigit
Uning yo'li tartibli reja asosida emasdi. Yoshlar jamoalari, tizimli rivojlanish – bularning hech biri bo'lmagan.
"Men hech qachon yoshlar toifasida o'ynamaganman, balki to'g'ridan-to'g'ri havaskorlar jamoasidan asosiy jamoaga o'tganman".
Kirkukda oliy ligada ishtirok etadigan klub yo'q edi. Shuning uchun u noodatiy yo'ldan yurdi: viloyat ligasidagi "Al-Alam", keyin "Tuz", so'ng Kurdiston ligasining ikkinchi divizionidagi "G'az ash-Shamal" – asosan kuchli kurd klublarining zaxira o'yinchilaridan tashkil topgan divizionni tanladi.
"Boshlanishi juda qiyin kechgan. Bir nechta klublarda ko'rikdan o'tdim, lekin qabul qilishmadi. Keyin 'Gaz as-Shamal' klubida o'ynadim va undan so'ng 'Dohuk' jamoasiga o'tdim".
"Dohuk" uning Iroq Premer-ligasiga birinchi professional jamoasi edi. Klubning yordamchi murabbiyi, Iroq terma jamoasining sobiq sardori Xolid Muhammad Sabbor uni o'zi taklif qildi. Shartnomaga ko'ra, futbolchi 18 million iroq dinori (taxminan 14 ming dollar) va oyiga 1,2 million dinor (taxminan 920 dollar) maosh olgan.
O'sha kun haqidagi xotirasi intervyularda eng yorqin lavha:
"'Dohuk' bilan shartnoma imzolagan kunimdagi quvonchim hech esimdan chiqmaydi, xursandchilikdan stadiondan mehmonxonagacha yugurib borganman."
Pul uning uchun ikkinchi darajali edi:
"Rostini aytsam, tekinga o'ynashga ham tayyor edim".
Ammo "Dohuk"da maoshlar oylab to'lanmadi. Kurdiston mintaqasidagi moliyaviy inqiroz klubni er bilan yakson qildi va Ayman 2014 yil oxirida jamoadan ketgan olti futbolchidan biri bo'ldi. U Bag'dodga yo'l oldi.
Kulgiga qolgan yillar
U bergan vadasining ustidan chiqdi. Taxminan 2016–2017 yillar… Endigina yigirma yoshni qarshilagan Ayman televizion intervyuda ishonch bilan: "Maqsadim – Iroqni jahon chempionatiga olib chiqish", dedi. "Buni uddalay olasizmi?" degan savolga esa qalbidagi umid bilan "Inshaalloh" deb javob qaytardi.
O'shanda uning bu so'zlarini eshitib, ko'pchilik ustidan kulgandi.
Chunki shafqatsiz raqamlar unga qarshi so'zlardi: dastlabki 30 ta xalqaro o'yinida u atigi 2 bor raqib darvozasini ishg'ol qila olgandi, xolos.
2018 yilda Tunisning "Sfaksien" klubi unga yiliga 450 ming dollarlik uch yillik jozibador shartnoma taklif etdi. Ammo hujjatlardagi alamli xato sabab u mavsumning birinchi yarmida maydonga tushish huquqidan mahrum bo'ldi. Shartnoma bekor qilindi, kompensaciya to'lanmadi. Ayman adolat so'rab FIFAga murojaat qildi va uzoq davom etgan sud jarayonida haqligini isbotlab, 50 ming dollar undirib oldi.
2021 yilning 30 noyabri… Arab kubogi doirasidagi O'monga qarshi o'yin Ayman uchun navbatdagi og'ir sinovga aylandi. Uchrashuvning so'nggi daqiqalarida 0:1 hisobida yutqazayotgan Iroq penalti tepish huquqini qo'lga kiritdi. Aymanning zarbasini darvozabon qaytardi. Baxtiga, hakam darvozabon chiziqdan oldinga chiqib ketgani sababli zarbani qaytarishga qaror qildi. Aynan shu soniyalarda bosh murabbiy Jelko Petrovich chiday olmay, bevosita maydonga yugurib kirdi va to'pni boshqa futbolchiga topshirishni talab qildi. Gol urildi, Iroq mag'lubiyatdan qutulib qoldi. Ammo murabbiyning yosh hujumchiga nisbatan bunday shafqatsiz munosabati aks etgan kadrlar butun dunyo telekanallarida qayta-qayta namoyish etildi.
2023 yil Marokashning "Raja"sida ham uning ishi yurishmadi: Iroq va Marokash o'rtasidagi diplomatik keskinlik tufayli u oilasini olib kela olmadi, besh o'yinda gol ura olmadi va shartnomani bekor qilishni so'radi. O'sha mavsum "Raja" usiz chempion bo'ldi.
"Buni vaqtinchilik bir davr deb bildim va undan o'tib oldim. Hozir odamlarning mehri eng muhimidir".
"Abu Tabar"
Iroq muxlislari unga bergan laqab begona quloqqa dahshatli eshitiladi.
"Abu Tabar" (arabchadan tarjima qilganda "Bolta ko'targan odam" yoki "Boltaning otasi") – 1970-yillar boshida Bag'dodni vahimaga solgan, o'z qurbonlariga balta bilan hujum qilgan mashum qotilning laqabi edi. Bu – Iroq jamoatchiligi xotirasidagi eng qora, eng vahimali nomlardan biri bo'lib qolgan.
Ammo Aymanga bu nom tamomila boshqacha – raqib darvozasiga aniq va ayovsiz yo'l topgani, hatto yarimta imkoniyatni ham ishonchli golga aylantira olgani uchun qahramonona, ijobiy manoda berildi. Keyinroq hujumchining o'zi ham har safar gol urganida "balta solish" harakatini xotirjam takrorlay boshladi – shu tariqa u bir paytlar odamlarning yuragiga vahima solgan qo'rqinchli laqabni o'zining yorqin brendiga aylantirdi. Ingliz matbuotida buni "The Hatchet Man" deb tarjima qilishadi; iroqliklar esa uni mehr va iftixor bilan shunday ataydilar.
Qizig'i shundaki, Iroq futbolining avvalgi buyuk hujumchisi Yunus Mahmud ham aynan Huvayjadan edi. 2015 yildan beri muxlislaru mutaxassislar Aymanga uning munosib vorisi sifatida qarab kelishadi. Ammo ushbu taqqoslashga Aymanovning o'zi hamisha ehtiyotkorlik va kamtarlik bilan javob qaytaradi:
"Bazilar shunday deyishadi. Biz ilk bor Milliy terma jamoa yig'inida uchrashganmiz. U ulkan tajriba va boy tarixga ega buyuk futbolchi sifatida menga juda qimmatli maslahatlar bergan. Umid qilamanki, men ham Iroq futboli uchun u qilgan buyuk xizmatlarni takrorlay olaman".

Quvonch va o'q
2023 yilning yanvari… Iroq zamini uzoq kutilgan zafar quchdi – mamlakat mezbon sifatida Fors ko'rfazi kubogini boshi ustida baland ko'tardi. Turnir to'purariga aylangan Ayman uchun bu haqiqiy zafar quchish onlari edi. Basra stadioni esa o'z bag'riga sig'may, muxlislar ummoniga aylandi.
"Muxlislarning tashrifi hayratlanarli edi, stadion ichida 65 ming, tashqarisida esa bir million odam bor edi. Yomg'ir ostida o'tgan Saudiya Arabistoniga qarshi o'yinda bolalar va oilalarni ko'rdik. Maydonga tushganingizda, ularni xursand qilish uchun boringizni berasiz".
Ammo ushbu umumxalq bayrami ortida alamli bir fojia ham yashiringandi: g'alaba sharafiga havoga otilgan beshafqat o'qlardan biri begunoh bolakayga tegdi. Iroqning qayg'uli voqeligida bunday og'riqli hodisalar, afsuski, yangilik emas edi.
"Men Qatarda edim. Onam va akam menga Ibrohim ismli bolaning videosini yuborishdi. U adashib kelib qolgan o'q tufayli boshidan jarohat olgan va mendan yordam so'rayotgan edi. Onam menga: 'Uni o'z ukangdek ko'r', – dedi".
Onasining bu so'zlari Aymanning yuragini titratib yubordi. U bir soniya ham ikkilanmadi:
"Men uning raqamini olib, jurnalist Asad bilan bog'landim. Jamoadoshim Ibrohim Boyish bilan uning davolanish xarajatlarini o'z zimmamizga oldik".

Ikki kun ichida qahramondan aybdorgacha
2024 yil yanvar, Osiyo kubogi. Turnir oldidan murabbiylar shtabi Aymanni tarkibga kiritgani uchun keskin tanqid qilingan edi: Iroqdan tashqarida o'zini ko'rsata olmagan hujumchi terma jamoa hujumini boshqara olmaydi, degan fikrlar yangradi.
19 yanvar. Yaponiya bilan o'yin. U birinchi taymda ikki gol urdi. Iroq 42 yil ichida birinchi marta Yaponiyani mag'lub etdi. Hakamning hushtagidan keyin u yig'lab yubordi, u o'yinni shamollash bilan o'tkazgandi. 2007 yilgi chempion terma jamoa sardori Nashat Akram esa buni boshqacha izohladi: bu ko'z yoshlari erkak kishining dardi – karerasi davomida duchor bo'lgan bosim va haqoratlarning aks-sadosi edi.
O'sha turnirda u bir Osiyo kubogi turnirida olti gol urgan ilk iroqlik futbolchiga aylandi.
O'n kundan so'ng esa hammasi ag'dar-to'ntar bo'ldi.
29 yanvar, 1/8 final. Iroq – Iordaniya. O'yinning birinchi bo'limida Iordaniya futbolchisi Yazan an-Naymat gol urgach, ular maydon tashqarisida davra qurib o'tirib, qo'llari bilan Iordaniyaning eng mashhur milliy taomi – mansafni eyish harakatini taqlid qilishgan. Bu o'z vatani, madaniyati va ananaviy taomini ulug'lash, ramziy manoda "Iroqni mag'lub etdik, endi bayram qilamiz" degan manoni anglatgan.
Ikkinchi bo'limda Iroq hujumchisi Ayman Husayn gol urib, Iroqni 2:1 hisobida oldinga olib chiqqan. U golni nishonlash uchun Iordaniya futbolchilarining harakatini aynan qaytarib, maydonga chordana qurib o'tirgan va chap qo'li bilan "o't eyish" yoki ularning "mansaf eyish" harakatini mazax qilish maqsadida taqlid qilgan.
Eronlik bosh hakam Alirizo Fag'oniy Ayman Husaynning bu harakatini raqibni kamsitish, tribunalarni provokaciya qilish va vaqtni ataylab cho'zish deb baholagan. Hakam unga ikkinchi sariq kartochkani ko'rsatib, maydondan chetlatgan.
U libosini echmagan edi. Maydonni ham tark etmagan edi. O'n kishi bilan qolgan Iroq 95-daqiqada gol o'tkazib yubordi, 97-daqiqada esa uzoq masofadan yo'llangan aniq zarba Iroqni mag'lubiyatga duchor qildi – 2:3.
O'sha harakat ortida hech qanday reja bo'lmaganini u keyinroq podkast suhbatida ochiq aytdi:
"Men hech qanday reja qilmagan edim. Gol urganimdan so'ng libosimni echmoqchi bo'ldim, ammo sariq kartochkam borligi esimga tushib, fikrimdan qaytdim. Maydonga cho'kkaladim va biroz nafas rostlash uchun beixtiyor o'sha harakatni amalga oshirdim".
"Hakamning vaqtni cho'zish bahonasida menga ikkinchi sariq kartochka ko'rsatish qarori meni hayratda qoldirdi".
"Bu shunday og'ir zarba bo'ldiki, kiyinish xonasida o'yinning qolgan qismini tomosha qila olmadim".
Bosh murabbiy Xesus Kasas matbuot anjumanida: katta turnirda golni nishonlagani uchun futbolchini maydondan chetlatib bo'lmaydi, dedi.
Pasportdagi muhr, ichki qon ketish, aeroport
Uning yo'lidagi to'siqlar hamisha futbol qoidalari bilan bog'liq bo'lmagan.
2022 yil yanvar oyida bo'lib o'tgan Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi Livanga qarshi o'yin oldidan Ayman Husayn va uning jamoadoshi Amjad Atvan Livan rasmiylari tomonidan mamlakatga kiritilmagan. Bunga ularning pasportida Falastin hududiga (Isroil nazorat-o'tkazish punktlari orqali) kirganlikni anglatuvchi Isroil muhri/tamg'asi borligi sabab bo'lgan. Iroq terma jamoasi boshqaruv direktori G'ays Muhan bu muammoni rasman tasdiqlagan edi. Mamlakatlar o'rtasidagi diplomatik muzokaralardan so'ng futbolchilarga Livanga kirish uchun maxsus ruxsatnoma berilgan va Ayman Husayn o'sha o'yinda Iroqning yagona golini urib, jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qolgan (hisob 1:1).
2024 yil 5 sentyabr kuni Jahon chempionati saralashi doirasida Basrada O'monga qarshi o'yin bo'lib o'tgan. Ayman Husayn uchrashuvning 13-daqiqasida Iroqqa g'alaba keltirgan yagona golni urgan. Biroq o'yin davomida u ko'krak qafasidan juda og'ir jarohat olgan.
Shunga qaramay, u og'riqqa chidab, 84-daqiqagacha maydonda kurashgan. O'yindan so'ng uning ahvoli keskin yomonlashgach, zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan va unda o'pka sohasida ichki qon ketishi (gemotoraks) aniqlangan. Vaziyat o'ta jiddiy bo'lgani uchun u tez yordam samolyotida qo'shni Kuvaytga olib ketilib, o'sha yerda zudlik bilan jarrohlik amaliyotini o'tagan. Ushbu matonat uni Iroq xalqi ko'zida haqiqiy milliy qahramonga aylantirdi.

2026 yil 6 iyun. Iroq terma jamoasi Chikagoning O'Hara aeroportiga qo'ndi. AQSH chegara xizmati xodimlari Ayman Husaynni ushlab qolib, etti soat so'roq qildi, shundan keyingina mamlakatga kiritdi. Jamoa fotografi Talal Saloh esa mamlakatga kiritilmay, Iroqqa qaytarib yuborildi. Hujumchining o'zi bu haqda izoh bermadi.
"Orzuning barbod bo'lishidan qo'rqyapman"
2026 yil mart, Monterrey. Iroq mavsum davomida urush tufayli yig'ilishda ham qiynalgan, charter reys bilan Meksikaga o'yindan bir hafta oldin yetib kelgan edi. Ayman esa mavsum boshidan beri jarohat bilan kurashardi va bazilar uning jarohatini bahona deb hisobladi.
"Mavsum boshidan beri meni bezovta qilib kelayotgan jarohatdan forig' bo'ldim... Tibbiy shtab va murabbiy keyingi muhim o'yinlarni o'tkazib yubormasligim uchun menga dam berishni maqbul ko'rishdi. Lekin men terma jamoa uchun o'zimni majburlab bo'lsa-da o'ynashga harakat qilgandim".
Hal qiluvchi o'yin oldidan bosh murabbiy Grem Arnold undan bir savol so'radi va javob g'ayrioddiy darajada ochiq bo'ldi:
"Hal qiluvchi Boliviyaga qarshi o'yindan oldin u mendan hissiyotlarim haqida so'radi. Men unga: 'Bu orzuning barbod bo'lishidan qo'rqyapman', – deb ochiq aytdim."
"Shunda murabbiy yordamchisi men bilan o'tirib, hayvonlar (arslon va burgutning tulkiga qarshiligi) o'xshatishi orqali psixologik usul qo'lladi va o'zimga bo'lgan ishonchni orttirib, qo'rquvni engishimga yordam berdi."
Uch kundan so'ng u muhim va tarixiy gol muallifiga aylandi.
Foksboro: bir kechada ikki tarix
16 iyun, Foksboro. Iroqning jahon chempionatidagi ilk o'yini – Norvegiyaga qarshi.
39-daqiqada Amir al-Ammariy uzatmasidan so'ng Ayman bosh bilan hisobni tenglashtirdi. Bu gol – 1986 yildan beri jahon chempionatida iroqlik futbolchi urgan ilk gol edi (birinchisi Ahmad Radiyga tegishli). O'sha o'yinning 90+6-daqiqasida qahramonimiz o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi. Hisob 1:4.
Shu bilan u jahon chempionatlari tarixida 1978 yilda Erni Brandts, 2018 yilda Mario Mandjukichdan keyin bir o'yinda ham gol, ham avtogol urgan uchinchi futbolchiga aylandi. Iroq guruhda ochko to'play olmadi.
"Futbolda ilojsiz narsaning o'zi yo'q. Texnik tafovutlarni jismoniy tayyorgarlik va taktik intizom orqali yo'qqa chiqarish mumkin".
Talaba
U universitetda tahsil oldi: Mustansiriya universitetining Talim fakultetida geografiya yo'nalishini tamomladi.
So'ngra Sportdagi faoliyatini ilmiy asosda davom ettirish maqsadida, 2024 yilning fevral oyida Iroqdagi taniqli Al-Farahidiy universitetining Jismoniy tarbiya va sport fanlari fakultetiga qabul qilingan.
E'tiborli jihati, ushbu fakultetda Iroq futboli afsonasi va terma jamoaning sobiq sardori Yunus Mahmud professor-o'qituvchi sifatida faoliyat yuritadi. Shu sababli Iroq matbuoti Aymanning o'qishga kirishini "Maydondagi ustoz va shogird endi universitet auditoriyasida" deya ramziy manoda yoritib chiqqan edi.
"Tartib-intizom juda muhim, shuning uchun erta uxlayman. O'yinlar vaqtida diqqatimni jamlash uchun soat 22:00 yoki 23:00 da telefonimni o'chirib qo'yaman".
Futbolchi mashhurlikka oddiy qaraydi:
"Mashhurlik – bu Allohning nemati. Garchi bu holat bazan erkinlikni cheklab qo'ysa ham, odamlarning mehribonligi meni xursand qiladi".
Toshkent
2026 yilning 4 avgust kuni "Paxtakor" 30 yoshli hujumchi bilan yil oxirigacha shartnoma imzolaganini e'lon qildi.
Uning "Paxtakor" tarkibiga tez moslashishiga shubha yo'q, sababi klubda yana ikki iroqlik – Bashar Resan va Zaid Tahsin to'p tepadi.

Orzular ijobatini ko'ra olmagan ikki kishi
Uch mamlakat chempionati, to'rt karra to'purarlik, Fors ko'rfazi kubogi, Iroq chempionati tarixidagi eng qimmat transfer, Olimpiada va jahon chempionatidagi gollar va qirq yillik mundial orzusining ijobati…
Ammo bu buyuk muvaffaqiyatlar Ayman Husaynning hayoti va qalbidagi eng og'ir, hech qachon to'ldirib bo'lmaydigan mana bu shaxsiy yo'qotishlar va fojialar kemtigini aslo yopa olmaydi
"Otam va akam shu yerda bo'lishlarini va meni ko'rishlarini orzu qilardim".
Iroqni jahon chempionatiga olib chiqqan yulduzning dunyoga aytar so'zi shunday:
"Butun dunyoga aytar so'zim shuki, futbol xalqlarni birlashtiradi va ularni jipslashtiradi. Biz o'z mamlakatimizda va butun dunyoda barcha uchun tinchlik hamda xavfsizlik bo'lishiga umid qilamiz".
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



