

- O'yin haqida fikringiz?
- Bugun taktikani o'zgartirib besh himoyachi bilan bahsni boshladik. Boshida o'xshab turgandi, lekin himoyachilar va darvozabonimiz xatosi bilan gol o'tkazdik. Ikkinchi taymda hujumkorlikni oshirib gol urdik. Ammo yozgi o'quv-mashg'ulot yig'ini o'tkazmaganimiz o'z ta’sirini ko'rsatib, yana gollar o'tkazdik. Ochig'i, kuchimiz etmay qoldi. Oddiy xatolarga yo'l qo'ydik. Hujumga chiqamiz deganda bizga gol urishdi. Balki bunda mening ham xatoyim bordir.
- Dilshod Xushbaqov namoyish etayotgan o'yin haqida fikringiz?
- Dilshod Xushbaqov jamoamizdagi eng tajribali futbolchi hisoblanadi, u ko'p o'yinlarda yordam berib kelmoqda. Bugun ham yordam berish uchun astoydil harakat qildi. Jarohati bor edi, shu bois mashg'ulotlarga qaytganiga endi uch-to'rt kun bo'ldi. Bugun golli uzatma amalga oshirdi, agar hisob 2:1 payti vaziyatdan foydalanganida balki o'yin umuman boshqacha tus olardi.
- Oraliq tanaffusda jamoani tark etganlar haqida gapirib o'tsangiz.
- Etti nafar futbolchi safimizni tark etdi. Moliyaviy muammo borligi uchun futbolchilar boshqa klublarga ketishdi. Yaxshi jamoalardan taklif tushsa, ushlab turmaymiz deb maqsad qilganmiz.
- Oldingizga rahbariyat tomonidan qanday vazifa qo'yilgan?
- To'g'risi, aniq vazifa qo'yilmagan. O'tgan yil jamoamizga e'tibor yaxshiroq edi, bu yil ancha susayib qoldi. Biz ham yaxshi o'yin namoyish etishga harakat qilyapmiz. Bazan hammasini noldan boshlashga to'g'ri kelyapti. Birinchi davrada yomon o'ynamadik, lekin hozir o'zimizni ko'rsata olmayapmiz. Termiz davlat universitetidan 7-8 nafar futbolchini jalb etganmiz. Ular ham o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishyapti.



