

"Jamoamiz uchun mazkur Osiyo o'yinlari, albatta, g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi, zero u qitamizdagi o'ziga xos o'ringa ega, nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi. Osiyo kubogi kabi ushbu turnirda ham o'z oldimizga eng oliy maqsadlarni qo'ygan holda, muxlislarimizni xushnud etish vazifasi belgilangan.
Albatta, milliy terma jamoamizning 1994 yilgi va undan keyingi ishtiroklari haqida ko'p eshitganmiz, shuningdek, o'sha yilgi shonli chempionlikka bag'ishlangan filmlarni ham tomosha qilganmiz. Biz aynan shunday g'alabalarni ko'rib, ular haqida eshitib ulg'ayganmiz, desak mubolag'a bo'lmaydi. So'nggi bor Qatarda bo'lib o'tgan musobaqada jamoamiz uchinchi o'rinni qo'lga kiritganiga ham guvoh bo'lganman.
Shubhasiz, bor e'tiborimiz mazkur turnirga qaratilgan. Oldingi musobaqalarda yo'l qo'yilgan kamchiliklar va xatolarimizni chuqur tahlil qilib, ushbu musobaqaga yuqori darajada tayyorgarlik ko'rdik. Bu borada, avvalo, xalqaro tajriba orttirish muhim o'rin tutadi. AQSH, Yaponiya va Xitoy terma jamoalari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvlardagi yo'l qo'ygan nuqsonlarimizni sarhisob qilib, ularni bartaraf etish maqsadida Osiyo o'yinlariga puxta hozirlik ko'rdik.
Bizning eng oliy maqsadimiz – Los-Anjeles Olimpiadasiga yo'llanma olishdir. Bundan avvalgi Parij Olimpiadasini ham yigirma yoshgacha bo'lgan terma jamoamiz bilan birgalikda kuzatdik. U yerdagi muhit va ko'tarinki kayfiyat beqiyosdir. Hozirda biz ham shunday darajaga erishish yo'lida tinimsiz mehnat qilib, ulug'vor maqsadlar sari intilmoqdamiz.
Mashg'ulotlarimiz, barchada bo'lgani kabi, dastlab chigalyozdi mashqlaridan boshlanadi. So'ngra asosiy e'tibor o'z poziciyamizni egallash, reakciya, to'g'ri joy tanlash va to'pga birinchi bo'lib chiqish kabi muhim jihatlarga qaratiladi. Ushbu yo'nalishlar bo'yicha murabbiylarimiz bilan maslahatlashgan holda maxsus mashg'ulotlar olib boramiz.
Osiyo miqyosidagi so'nggi uchrashuvlarimiz xotiramda yaxshi saqlanib qolgan. Xususan, Janubiy Koreya va Eron terma jamoalariga qarshi kechgan o'yinlarda Vatanimiz shanini munosib himoya qilganimiz men uchun g'oyat ahamiyatlidir. Darvoza daxlsizligini saqlab qolishda, albatta, oldingi chiziq vakillarining ham xizmati katta. Umumiy muvaffaqiyatning asosiy qismini himoya va yarim himoyadagi harakatlar taminlaydi, desak yanglishmaymiz.
Ayni paytda milliy terma jamoamiz barcha chiziqlar va poziciyalar bo'yicha to'laqonli shakllangan jamoa sanaladi. Tarkibga eng iqtidorli yigitlar jalb etilgan bo'lib, ularning har biri o'z poziciyasida mamlakatning eng kuchli futbolchilaridan biridir. Shubhasiz, jamoada sog'lom raqobat muhiti hukm surmoqda. Har bir o'yinchi o'z o'rniga ega bo'lish uchun munosib tarzda kurash olib bormoqda. To'g'ri, o'zaro do'stlik rishtalari birinchi o'rinda turadi, biroq sog'lom va haqqoniy raqobat ham mavjud.
Yoshligimda afsonaviy Iker Kasilyasning ishtirokidagi o'yinlarni zavq bilan tomosha qilardim. Uning ajoyib seyvlari va haqiqiy sardorlik xususiyatlari menda katta taassurot qoldirgan. Bugungi kunda esa Manuel Noyer, David Raya va Tibo Kurtua kabi mahoratli darvozabonlarning o'yin uslubidan ilhomlanaman va ularning darajasiga chiqishga intilaman. Zamonaviy futbolda darvozabonlarga nisbatan talab va tendenciyalar o'zgardi. Endilikda darvozabondan nafaqat yuqori reakciya, balki oyoqda yaxshi o'ynash va o'yinni teran o'qiy olish qobiliyati ham talab etiladi. Biz mana shunday yangilanishlarga moslashib bormoqdamiz.
Bunday yuksak darajaga erishish uchun, albatta, tinimsiz va mashaqqatli mehnat talab etiladi. Biz o'z ustimizda ishlashda davom etyapmiz va, Yaratganning irodasi bilan, yaxshi natijalarga umid qilmoqdamiz. O'z kuchimga va salohiyatimga bo'lgan ishonchim qatiydir.
Aziz muxlislarimizdan terma jamoamizni qo'llab-quvvatlashlarini va uchrashuvlarimizni bevosita kuzatib, bizga madadkor bo'lishlarini so'rab qolamiz. Sizlarning yuksak ishonchingizni oqlash uchun bor kuch-g'ayratimizni safarbar etamiz", dedi Muratbaev.



