

Uchrashuvdan so'ng xitoylik sport sharhlovchisi Dun Lu ijtimoiy tarmoqlarda video e'lon qilib, o'yindan keyingi mojaro vaqtida O'zbekiston terma jamoasi xodimlaridan biri xitoylik hujumchi Chjan Yuningning bo'ynidan bo'g'ib olganini davo qildi.
Dun Lu e'lon qilgan videosida holatni quyidagicha izohlagan: "O'yindan so'ng O'zbekistonning bir xodimi kelib, Chjan Yuningni bo'g'ib oldi. Bu haqiqatan ham haddan oshish edi. Chjan javob qaytarishga chog'landi, ammo yakunda o'zini qo'lga oldi. Shundan so'ng ikki tomon o'rtasida ommaviy tortishuv boshlandi. Chjan atrofdagilarga "u meni bo'g'ib oldi", deya ishora qildi va arz qilish uchun hakamni izlab ketdi".
Jurnalistning so'zlariga ko'ra, futbolchi dastlab hakamlar libosidagi boshqa shaxsning oldiga borgan, biroq u bosh hakam emasligini bilgach, haqiqiy hakamni topib, unga vaziyatni tushuntirgan. Biroq bosh hakam ortiqcha muammolardan qochish maqsadida bunga e'tibor qaratmagan va futbolchiga ketishni buyurgan. Hakamdan najot topmagan Chjan esa raqiblari tomon etiroz bildirishda davom etgan. Dun Lu o'z xabarini "Nima bo'lganda ham biz g'alaba qozondik, kimga qiyin bo'lganini o'zi biladi", degan xulosa bilan yakunlagan.



