

“Murakkab uchrashuvda yakunda g'alabani ilib ketganimiz uchun futbolchilarni alohida etirof etish kerak. 90 daqiqa ichida rejalashtirgan jihatlarimiz maydonda ko'ringan paytlar uchradi, shu bilan birga, bu keyingi bahs uchun saboq chiqarishimiz kerak bo'lgan o'yin bo'ldi. Endi tiklanish jarayonini to'g'ri olib borib, finalga puxta tayyorgarlik ko'rishimiz zarur.
Bunday turnirlarda ro'yxatdagi barcha 23 futbolchi bilan bir jamoa bo'lib kurashamiz. O'yinchilar a'lo darajada edi va men ularni yarim finalga to'liq ishonch bilan maydonga tushirdim. Tarkibni to'liq o'zgartirishdan aniq maqsad bor edi, ammo oldinda final bo'lgani sababli buni hozircha oshkor qilmayman.
Raqib avvalgi o'yin uslubini o'zgartirgani bois, dastlab himoyaviy poziciyaga o'tib qolgandek bo'ldik. Bunday ehtimolni kutgandik. Shogirdlarimga raqib shiddat bilan bosim o'tkazsa ham, 90 daqiqalik o'yin rejasiga amal qilib, asosiy vaqtda g'alaba qozonish kerakligini tushuntirgandim. To'p o'tkazib yuborishimiz ehtimoldan xoli emasdi, garchi buni istamagan bo'lsak-da. Ammo raqibga ruhiy ustunlik va shiddat berib qo'yganimiz, xulosa chiqarishimiz kerak bo'lgan jihat bo'ldi. Ikkinchi bo'limda esa yigitlar to'pni va bahs tizginini o'z nazoratiga ola bilishdi. Bu jihatni munosib baholagan holda, finalga ham xuddi shunday yaxshi kayfiyatda yo'l olamiz”, – dedi yaponiyalik murabbiy.
Yaponiya hal qiluvchi final bahsida turnirning so'nggi uch karra g'olibi bo'lgan Koreyaga qarshi 16 yillik tanaffusdan keyingi ilk oltin medallar uchun bahs olib boradi.



