

- Niderlandiya bilan uchrashuv haqida qanday fikrdasiz?
- Avvalambor, AQSHga xush kelibsizlar! Endi biz mezbon bo'lib qoldik, adashmasam, sizlar kecha keldingiz (kuladi).
Kanada bilan bahs bizga dars bo'lgandi. O'shanda qilgan xatolarimizni bugungi o'yinda qilmaslikka harakat qildik va qisman bunga erishdik. O'yindan o'yinga kuchayib borishimiz kerak, shunday bo'lyapti ham. Bugungi raqib Kanadadan kuchliroq edi. Ayrim xatolarga qaramay, munosib o'yin ko'rsatdik. JCHda bu xatolarni yanada kamaytiramiz.
- Siz va Eron chempionatida to'p tepadigan boshqa futbolchilar taxminan 4 oy o'yin amaliyotisiz qolib ketdi. Mashg'ulot o'tkazib bordingiz, ammo o'yin amaliyoti baribir o'z so'zini aytadi. Bu qanchalik qiyin bo'ldi? Hozirgi holatingiz qanaqa?
- Hozirgi holatim ancha yaxshi. Jismonan chempionat davom etayotganidan ham ko'ra yaxshiroq holatdaman. Psixologik jihatdan ham muammo yo'q. Shuning uchun bir nima deyish qiyin. Lekin o'yindan o'yinga holatimiz yaxshilanmoqda.
- AQSHdagi ob-havo va iqlim haqida qanday fikrdasiz? Ko'pchilik shu haqda gapirmoqda...
- Amerikada havo yaxshi. Menimcha, O'zbekistonda bundan-da issiq. Bunaqa havoga o'rganganmiz. To'g'ri, Meksikadagi birinchi o'yin qiyin o'tadi. Biroq professionalmiz, qo'limizdan kelganicha mehnat qilamiz. Ehtimol, Kolumbiya bu iqlimda ko'proq o'ynagan bo'lishi mumkin. Lekin maydon tekis - to'p yumaloq. Hammasini o'yin ko'rsatadi.
- Jamoadagi muhit qanaqa? Masalan, Kannavaro JCHni ko'rgan inson...
- Muhit zo'r. O'yindan o'yinga kuchayib boryapmiz. Bir jamoaga aylanganmiz. Hamma bir-birini qo'llab-quvvatlashga, kamchiliklarni bartaraf etishga urinyapti. Bizga kelgan doktorlar, massajchilar va murabbiylar ham ko'mak berishmoqda. Bir so'z bilan aytganda, bitta kuchga aylanganmiz.



