Rashid G'ofurov: "Penalti belgilanishi kerak bo'lgan vaziyatni 100% o'z ko'zim bilan ko'rdim, lekin hakamning qarorini muhokama qila olmaymiz"

Оқил Абдубарноев
10 avg 2026, 23:13
"Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov Proliga 14-turidan o'rin olgan "Metallurg"ga qarshi o'yindan keyin (1:1) matbuot anjmunanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikringiz.

– Bugungi o'yinga keladigan bo'lsak, juda ham tomoshabop va chiroyli bahs bo'ldi. Maydonga kelgan barcha muxlislar o'yindan juda xursand bo'lishdi. Biroq natijadan qoniqish hosil qilishmagani aniq, chunki ular o'z jamoasining g'alaba qozonishini xohlashgan edi. Biz uchun ham g'alaba juda muhim edi, anchadan buyon zafar quchganimiz yo'q. Yigitlarga rahmat, oldilariga qo'yilgan vazifani bajarib, tengma-teng o'ynashdi. Hatto g'alaba qozonsak ham bo'lardi. To'g'risini aytish kerak, bugun raqib jarima maydonchasi atrofida ko'plab xavfli vaziyatlarni yaratdik. So'nggi paytlarda gol uradigan shunday vaziyatlar ko'p bo'lmoqda. O'yinni ko'proq nazorat qilishga harakat qilyapmiz, lekin so'nggi zarba, yani hujum yakuni yetishmayapti.

– Bugun mehmonda kuchli raqib "Metallurg"dan bir ochko oldinglar. Bu bir ochko jamoani qoniqtiradimi yoki g'alaba uchun maydonga tushganmidingiz?

– Aslida, bugungi o'yinning holatidan kelib chiqib aytsam, durangga qoniqmadim. Sababi, g'alaba qozonib ketsak ham bo'lardi. Agar biz ikkinchi bo'limni o'z maydonimizda himoyalanib o'tkazib, to'liq tazyiq ostida qolganimizda va bekobodlik muxlislar qarshisida raqib o'yinni nazorat qilganida, bu bir ochkoni g'alabaga teng deb hisoblagan bo'lardik. Lekin o'zingiz ko'rdingiz, g'alaba qozonsa bo'ladigan o'yin namoyish etdik. Qulay vaziyatlar yaratildi, shundan kelib chiqib aytamanki, biz ikki ochko yo'qotdik. Raqib yaxshi jamoa, biroq ushbu holatdan kelib chiqqanda, yutib ketsak ham bo'lardi.

– Jamoangiz, ayniqsa, ikkinchi bo'limda ancha faol harakat qildi. Bu holat raqibga berilgan qizil kartochka bilan qanchalik bog'liq deb o'ylaysiz va aynan o'sha vaziyatga munosabatingiz qanday? Bu yerda to'p himoyachining qo'liga tegdi, lekin ushbu vaziyat uchun ko'rsatilgan qizil kartochka qanchalik adolatli bo'ldi?

– Qizil kartochka vaziyatiga kelsak, uning qanchalik to'g'ri yoki noto'g'ri berilganini hakamning o'zi hal qiladi. Buning menga umuman ahamiyati yo'q. Sababi, raqib bir kishi kam bo'lib qoldimi yoki tengma-teng o'ynayapmizmi, bundan qati nazar, biz meyorda harakat qilayotgan edik. Albatta, raqib bir o'yinchi yo'qotganidan so'ng, bizda ruhiy ko'tarilish yuz berdi, ularda esa, aksincha, pasayish kuzatildi. Bir o'yinchining kamligi ularga ruhiy jihatdan ta’sir ko'rsatdi. Qizil kartochkani bilmadim-u, lekin o'n bir metrlik jarima to'pi belgilanishi kerak bo'lgan vaziyatni yuz foiz o'z ko'zim bilan ko'rdim. Mayli, bu hakamning ishi. Biz uni muhokama qila olmaymiz.

– Bugun o'tkazib yuborilgan golda, bundan oldingi turlarda o'zini yaxshi ko'rsatgan va Championat.asia talqinga ko'ra o'tgan turning eng yaxshi posboni deb topilgan darvozaboningizning aybi bor, deb o'ylaysizmi? Yaqin burchakdan o'tkazib yuborilgan bu golga qanday izoh berasiz?

– Albatta, darvozabonning aybi bor. Sababi, to'p uning qo'li ostidan o'tib ketdi. To'g'ri, uni ham ozgina tushunish kerak: maydonga suv sepilgani uchun chim sirpanchiq bo'lib qolgan, shu sababli to'pni ushlab qolishga qiynaldi. Biroq buni men aytmagan taqdirimda ham, o'tkazib yuborilgan golda darvozabonning xatosi borligi ko'rinib turibdi. Har qanday mutaxassisdan so'rasangiz ham, yaqin burchakdan va qo'l ostidan to'p o'tkazib yuborish – bu xato. Nachora, shunday bo'lishi kerak ekan, mayli.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia