

– Bugungi o'yin haqida o'z fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– Bugun juda ham g'alaba qozonishni xohlagan edik. Bilmadim, bu nima bilan bog'liq, lekin bugun yigitlar o'z darajasida o'yin ko'rsata olishmadi.
– "Olimpik-MobiUz"ning oxirgi to'rtta-beshta o'yinni oladigan bo'lsak, "Lochin" bilan o'yindan keyin jamoa juda ham yaxshi formaga kirib olgan edi va asosan, yirik hisobda yutib kelayotgan edi. Bugun nimagadir o'ziga o'xshamadi. Bu nima bilan bog'liq, balki raqibning kuchi bilanmi?
– Balki raqib ham kuchli harakat qildi, buni ham tan olamiz, lekin baribir hal qiluvchi epizodlarda yutqazdik. Ayniqsa, oldingi chiziqda, hujumda o'ynayotgan o'yinchilarimizga agressiya yetishmadi, oxirgi zarbalarda yutqazdik, oxirgi paslar yetib bormadi. Bugun, aytganingizdek, men kutgan yoki ularning o'z darajasidagi o'yinini hech kim ko'rsata olmadi. Bu nimadan kelib chiqqanini tahlil qilamiz. Balki uch-to'rtta o'yindan beri bir xil tarkib o'ynayapti, kimdadir charchoq bordir. Balki boshqa sababdir, buni ko'rib chiqamiz.
– Bugungi uchrashuvda ko'p xatolarga yo'l qo'yildi. Misol uchun, "Olimpik-MobiUz" atrofidagi jamoalarga nazar soladigan bo'lsak ham, misol uchun, "Metallurg" ham, "Yaypan" ham o'zaro durang o'ynadi. Yani raqiblar ochko yo'qotgan turda sizlar bundan foydalana olmadinglar, xuddi "Sho'rtan" "Aral" ochko yo'qotganidan foydalana olmagani kabi. Bu qanchalik yoqimsiz va alamli?
– Juda ham yomon. Aytyapman-ku, biz o'z uyimizda o'ynayapmiz. "Sho'rtan" – kuchli jamoa, lekin biz faqat g'alaba uchun tayyorgarlik ko'rgan edik. Raqibdan qo'rqish yo'q edi. Aytganimdek, o'yinchilarim o'z darajasidagi o'yinni ko'rsata olishmadi. Juda ko'p epizodlarda yutqazdik, shuning hisobiga, o'ylashimcha, yutqazishimiz ham mumkin edi. Ayrim vaziyatlarda omad ham bizga ozgina kulib boqdi. Bilmadim, nima bilan bog'liq, lekin bugungi o'yindan ko'nglim umuman to'lmadi.
– Oxirgi savolim: bugun bir necha o'yindan beri bir xil tarkib tushyapti, balki charchoq bilan bog'liqdir, deb aytib o'tdingiz. Keyingi turda jamoani ancha jiddiy sinov kutib turibdi. Yani bu – oxirgi o'yinlarda ko'pchilikning nazariga tushgan "G'azalkent" bilan to'qnashuv va siz hozir etirof etgan o'sha charchoq bo'lajak o'yinga qay darajada ta’sir o'tkazishi mumkin?
– "G'azalkent" – kuchli jamoa, men ularni hurmat qilaman. Kuchli tarkibga ega. Tarkibi yosh, deyishingiz mumkin, lekin eng kuchli, sifatli o'yinchilar yig'ilgan. Shuning hisobiga ular yaxshi natija ko'rsatib kelyapti. Ularning oxirgi o'yinlarini ko'rib chiqdik va unga ham tayyorgarlik ko'ryapmiz. Tiklanish ustida jiddiy ish olib boramiz. O'ylaymanki, "G'azalkent" bilan o'yinga biz yana avvalgidek kuchli bo'lib qaytamiz.

– Abdug'ofur Haydarovning ketishi bo'yicha ham hozir savol bo'layotgandi. U yaxshi o'ynab turgandi, bugungi turda ketdi, degan xabar chiqdi.
– To'g'ri, ketdi, uni majburlab olib qolishni istamadik. Ketishni xohladi. Yaxshi formaga kirdi, o'zini tikladi. Yaxshiroq taklif chiqdiki, u kyetib qoldi. Endi bu biz uchun yo'qotish, ishimiz shu – harakat qilamiz, boshqasiga imkoniyat beramiz, boshqa o'yinchilarni tayyorlashga harakat qilamiz.
– Uning o'rnini shu yerda kim bilan to'ldirish mumkin?
– Hozir ko'rganingizdek, uning o'rnini to'ldiradigan yigit endi o'ynashni boshlayapti. U ham yosh, 2007 yil, u ham U-20 terma jamoasiga jalb qilinadigan o'yinchi. Ko'rinib turibdi, ko'p o'yin amaliyoti yo'q, oxirgi o'yinlarda o'ynayapti, lekin baribir o'yin tonusida emas. O'ylaymanki, bir-ikkita o'yindan keyin u o'ziga keladi va Haydarovning o'rnini bosadi.
– Oxirgi savolim. Bizlarda jarohat olgan o'yinchilarning jarohatdan qaytishi qanchalik tezlashmoqda yoki asosiy tarkibga tushishi mumkin?
– Bizda jiddiy yo'qotish bor, yilning boshidan bu holat yuz bergan. Biz o'sha jamoani yiqqan paytimizda, oldingi chiziqqa umuman boshqa yigitlarni jalb qilgan edik. Afsuski, ular boshidagi ikkita-uchta tur o'ynashdi, shundan beri o'ynagani yo'q. Oldinda o'ynayotgan uchta o'yinchimiz ham jarohatda. Ular bu haftadan mashg'ulotlarni boshladi. Nasib qilsa, keyingi o'yinlardan sekin-asta asosiy tarkibga, asosiy guruhga qo'shilishni boshlaydi.



