"O'yin boshlangach, Ronaldu qahramonim emas, raqibimga aylanadi" – Ashurmatov va Hamdamov portugaliyalik afsona bilan Toshkentdagi uchrashuvni yodga oldi

Оқил Абдубарноев
22 iyun 2026, 19:10
Portugaliyalik futbol afsonasi Krishtianu Ronaldu 2009 yilning dekabr oyida Toshkentga tashrif buyurgan edi. Ushbu tarixiy voqea doirasida jahon futboli yulduzi "Bunyodkor" akademiyasi yosh tarbiyalanuvchilariga mahorat darsi o'tib bergan.

O'shanda Ronaldu o'zbekistonlik yosh futbolchilar bilan birga maydonga chiqib, to'p surgan va o'zining boy tajribasi bilan o'rtoqlashgan edi. Bu tashrif akademiya tarbiyalanuvchilari uchun haqiqiy bayramga va bir umrlik unutilmas xotiraga aylangan. Ular orasida bugungi kunda O'zbekiston terma jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etayotgan Rustam Ashurmatov va Doston Hamdamov bor edi.

2026 yilgi Jahon chempionati O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun o'zgacha ahamiyat kasb etmoqda. Musobaqa doirasida vakillarimiz jahonning eng kuchli jamoalaridan biri – Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv nafaqat millionlab muxlislar, balki bolaligida Ronaldu bilan bir maydonda to'p tepgan va bugungi kunda terma jamoamizning asosiy o'yinchilariga aylangan futbolchilarimiz uchun ham juda muhimdir.

Rustam Ashurmatov:

"Ronalduning tashrifi kutilmagan hodisa bo'lgandi. U O'zbekistonga kelib, biz bilan futbol o'ynagan. O'shanda biz 13 yoshda edik. Shundan beri ko'p narsa o'zgardi. Ulg'aydik, tajriba orttirdik va ko'plab uchrashuvlarda maydonga tushdik. Endi esa maydonda nafaqat Ronalduga, balki butun Portugaliya terma jamoasiga qarshi to'p tepamiz. Biz doimo Jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilganmiz va har qanday yulduzga qarshi o'ynashga tayyormiz. Endi biz shu yerdamiz. Butun xalq bizga ishonmoqda. Maydonga tushib, mardonavor harakat qilishimiz va bor mahoratimizni ko'rsatishimiz kerak. Biz endi 13 yoshli bolakay emasmiz. Dastlabki uchrashuvdayoq gol urganimiz bizga yanada ko'proq ishtiyoq va ishonch bag'ishladi. Keyingi o'yinlarda faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz. Ronaldu kelgan paytlari biz futbol nima ekanligini endigina kashf qilayotgan edik. Hozir esa Jahon chempionatidamiz".

Doston Hamdamov:

"Bu unutilmas lahza edi. O'sha paytlarda Ronaldu o'z shon-shuhratining eng cho'qqisida edi. Bor kuchimizni ishga solamiz. Munosib qarshilik ko'rsatamiz. Ronaldu – mening kumirim. Unga qarshi maydonga tushish – orzuimning ushalishi. Biroq Portugaliyaga qarshi o'yin boshlangach, u qahramonim emas, balki raqibimga aylanadi".

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: FIFA