Asror Aliqulov: "Bunday o'yinlarda futbolchilardan faqat xarakter talab qilinadi"

Оқил Абдубарноев
10 avg 2026, 21:50
"Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov Proliga 14-turidan o'rin olgan "Olimpik-MobiUz"ga qarshi o'yindan so'ng (0:0) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqida o'z fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– Birinchi navbatda, o'yinning shiddatli kechishini oldindan kutgan edik. Chunki "Olimpik Mobiuz" – hozirgi yosh jamoa hisoblanadi. Ular pressing va kurashlarga boy o'yin ko'rsatishini bilardik. Shu sababli biz ham himoyadan hujumga o'tish va standart vaziyatlarda yaxshi holatlarni yaratdik. Biroq gol ura olmasang, g'alaba qozonib bo'lmaydi. Bugun qulay imkoniyatlar bo'lishiga qaramay, ulardan foydalana olmadik.

Hujumda tajovuzkorlik va shiddat yetishmaganligi sababli, uzun uzatmalar va hujumga o'tish jarayonida ko'pgina yakkama-yakka kurashlarni boy berdik. Raqib esa yuqori pressing uyushtirib, orqa chiziqdagi birga-bir holatlarni o'z foydasiga hal qildi. Standart vaziyatlarda ham xatolarga yo'l qo'ydik, ayrim hujumlarimiz esa kichik qo'polliklar tufayli to'xtatildi. Ikkala jamoa ham g'alabani maqsad qilgan edi, durang kimga foyda keltirganini aytish qiyin.

– Bugun tomoshabop va hujumkor futboldan ko'ra, ko'proq kurashlarga boy o'yin guvohi bo'ldik. Bu nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?

– Bu "Olimpik"ning bosim uyushtirishi bilan bog'liq. Biz himoyachilarga bunday bosimdan chiqib ketish vazifasini topshirgan edik. To'p oshirishlarda ko'pincha yakkama-yakka holatlar yuzaga keldi. Bu jamoa markaziy himoyachilarimizga ham doimiy bosim o'tkazdi. Agar yakkama-yakka kurashlarda yutqazsak yoki to'pni saqlab qola olmasak, raqibda yaxshi hujumlar uyushtirish imkoniyati paydo bo'lishi tabiiy edi.

Bugun hujumchilarimizda tajovuzkorlik yetishmadi. Bundan tashqari, maydon chimining balandroqligi ham ta’sir ko'rsatdi. Shuning uchun ko'proq uzun uzatmalar orqali o'ynashga, hujumlarni asosan qanotlardan tashkil qilishga harakat qildik.

1000141341.jpeg

– Bugun Proliga peshqadami – "Aral" ochko yo'qotdi. Ammo jamoangiz bunday imkoniyatni yo'qqa chiqardi, bu alamli bo'lsa kerak?

– Ayrim vaziyatlarda ko'pgina futbolchilarimizda sovuqqonlik va kuchli xarakter yetishmayapti. Biz ularga bunday shiddatli o'yinlarda xarakter ko'rsatish kerakligini uqtiryapmiz. Chunki bu mavsumda Proligadagi yosh jamoalar tajribali yoki sekinroq harakat qiladigan futbolchilarga umuman vaqt va bo'shliq qoldirishmayapti. Hamma joyda kurash, hamma joyda pressing kuzatilmoqda.

O'zingiz ham ko'rdingiz, maydonning har bir qarichi uchun kurash kechdi. Raqib kichik qo'polliklar bilan bo'lsa-da, hujumlarimizni to'xtatib qoldi. Bunday holatlarda futbolchilardan faqat va faqat xarakter talab qilinadi. Bugungi o'yinda darvozabonning harakatlarini ham alohida etirof etishim kerak, u bir nechta xavfli vaziyatlarda jamoani muqarrar gollardan qutqarib qoldi.

– Hozirgi kunda Proligadagi yosh jamoalar – "Olimpik Mobiuz", "Respublika futbol akademiyasi", "G'azalkent", "Paxtakor-farm" kabi jamoalarning o'yinlari kutilganidan ham shiddatli kechmoqda. Bir paytlar Proligamiz Birinchi liga bo'lgan davrlarda "Paxtakor-farm" va "Bunyodkor-farm" jamoalari bo'lardi va ularga qarshi o'ynash boshqacha edi. Bu borada qanday fikrdasiz?

– Bir necha yil oldingi futbol bilan hozirgisining o'rtasida katta farq bor. Oldinlari Proligadan Superligaga yo'llanma olish boshqacharoq edi, bunday yuqori temp va pressing kamroq kuzatilardi. Lekin hozirgi kunda "Respublika futbol akademiyasi", "G'azalkent", "Olimpik" va hatto quyi o'rindagi jamoalar ham zamonaviy futbol talablariga to'liq moslashgan. Ular raqibga bo'sh hudud ham, qaror qabul qilish uchun vaqt ham berishmaydi. Doimiy pressing va kurashlar sababli, bu yilgi Proliga avvalgi mavsumlardan mutlaqo farq qiladi deb o'ylayman.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia