

– Tayyorgarlik jarayoni qanday o'tmoqda?
– O'zingiz ko'rib turganingizdek, tayyorgarlik jarayoni yaxshi kechmoqda. O'zimizga kerakli yuklamalarni olyapmiz va ko'proq jismoniy holatimizni yaxshilashga e'tibor qaratmoqdamiz. To'g'ri, legionerlarimiz hozircha safimizda emas, lekin shunga qaramay, Jahon chempionatiga munosib holatda yetib borish uchun ularsiz ham mashg'ulotlarni tizimli ravishda olib borishimiz zarur.
Shaxsiy holatimga kelsak, u juda yaxshi. Jamoa to'liq yig'ilgunga qadar ham individual mashg'ulotlar o'tkazdik va formamizni ancha tiklab oldik. Yig'in boshlangandan so'ng kichik jarohat sababli biroz vaqt yakka tartibda shug'ullanishimga to'g'ri keldi. Biroq hozir barchasi joyida va bemalol umumiy guruhda, jamoadoshlarim bilan birgalikda mashg'ulotlarda ishtirok etyapman.
– Terma jamoamiz yig'iniga 40 ga yaqin o'yinchi jalb etildi, Jahon chempionatining yakuniy qaydnomasidan esa 26 nafar futbolchi o'rin oladi. Bunday kuchli raqobat muhiti jamoaga qanday ta’sir ko'rsatmoqda?
– Birinchi o'rinda shuni takidlash kerakki, raqobatning borligi juda yaxshi holat. Chunki raqobat mavjud bo'lgan joyda har bir o'yinchi o'zining maksimal imkoniyatlarini ishga solishga va borini berishga harakat qiladi. Bu esa butun jamoamiz uchun faqat foyda keltiradi. Qolaversa, futbolchilar o'zlarini eng yuqori darajada ko'rsata olsa, bu murabbiylar shtabi uchun ham yakuniy tarkibni tanlash jarayonini osonlashtiradi. Shu sababli biz buni mutlaqo "normal" holat deb qabul qilamiz va bundan faqat xursandmiz.
Xorijlik muxbir (Portugaliya): – Men portugaliyalikman, shu sababli bo'lajak turnirdagi raqibingiz haqida savol bermoqchi edim. Portugaliyadagi muxlislar O'zbekiston terma jamoasi haqida etarlicha ma'lumotga ega emaslar. Portugaliyaliklar O'zbekiston terma jamoasidan qanday o'yin kutishlari mumkinligi va o'zingizning ushbu bahslardan umidlaringiz haqida qisqacha aytib o'tsangiz.
– Eng avvalo, biz o'z jamoamizni va o'yinimizni ko'rsatamiz. Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalari uchun biz maydonda o'ziga xos "boshog'riq" bo'lishga va kuchli qarshilik ko'rsatishga harakat qilamiz.
– Ayni paytdagi mashg'ulotlarda asosiy e'tibor nimaga qaratilmoqda? Ko'proq hujumkor o'yin uslubi ustida ishlanyaptimi yoki himoyaviy taktikagami?
– Hozirgi mashg'ulotlarimiz jarayonidan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, birinchi navbatda jismoniy tayyorgarligimizni eng yuqori cho'qqiga olib chiqish ustida ishlayapmiz. Chunki oldinda bizni dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi o'yinlar kutib turibdi. Bunday raqiblar bilan munosib kurashish uchun, eng avvalo, jismoniy holatimiz benuqson bo'lishi talab etiladi. Shundan so'nggina taktik va texnik jihatlarimizni yanada takomillashtirishga o'tamiz. Lekin o'zimizning taktik-texnik salohiyatimizni maydonda to'liq namoyish etishimiz uchun ham, birinchi o'rinda jismoniy imkoniyatlarimiz belgilangan talablarga to'liq javob berishi shart.



