Bir klubda o'ynagan O'zbekiston va gabonlik futbolchilar

Оқил Абдубарноев
26 mar 2026
O'zbekiston va Gabon terma jamoalarining Toshkentdagi o'zaro o'yini oldidan muxlislar e'tiborini tortadigan fakt mavjud.

Ikki terma jamoaning asosiy figuralari yaqin o'tmishda Eronning mashhur "Istiqlol" klubida bir jamoa sharafini himoya qilishgan. Aniqrog'i, Gabon terma jamoasi yarim himoyachisi Dide Ndong Eronda O'zbekiston milliy terma jamoasining ikki yetakchisi – Jaloliddin Masharipov va Rustam Ashurmatov bilan elkama-elka to'p tepgan.

Eronning "Istiqlol" klubi so'nggi yillarda markaziy osiyolik va afrikalik legionerlarni faol ravishda o'z safiga qo'shib oldi. Xususan:

Jaloliddin Masharipov 2024 yilning boshida tehronliklar safiga borib qo'shilgan.

O'sha yilning avgust oyida jamoa markazini kuchaytirish maqsadida Gabon terma jamoasi a'zosi, ilgari Angliyaning "Sanderlend" hamda Fransiyaning "Loryan" va "Dijon" klublarida to'p surgan Ibrohim Dide Ndong bilan shartnoma imzolandi.

2025 yilning iyul oyiga kelib esa "Istiqlol" o'z mudofaa chizig'ini yana bir o'zbekistonlik yulduz – Rossiyaning "Rubin" klubidan transfer qilingan Rustam Ashurmatov bilan mustahkamladi.

Shu tariqa, 2025/2026 yilgi mavsumning birinchi yarmida – 2025 yilning avgustidan to 2026 yilning yanvariga qadar bu uchchala futbolchi Eron Pro-ligasi va Osiyo Chempionlar Ligasida bitta jamoa sharafini himoya qildi. Dide Ndong joriy yilning yanvar oyida klubni tark etganiga qaramay, ularning birgalikdagi faoliyati ikki terma jamoa o'rtasidagi eng mustahkam va jonli "ko'prik" bo'lib qolmoqda.

Bu uchlikning ampulasi maydonda o'ziga xos zanjirni hosil qilgan. Rustam Ashurmatov markaziy himoyada jamoa qalqoni vazifasini bajarsa, Dide Ndong tayanch yarim himoyachisi sifatida mudofaa va hujumni bog'lab turuvchi "qora mehnat" ustasi bo'lgan. Jaloliddin Masharipov esa hujumkor vinger sifatida oldingi chiziqda harakat qilgan.

589067092_18541183444006395_1342150250854944766_n.jpg

Yuqoridagi "uchlik"dan faqatgina Rustam Ashurmatov FIFA Series turniri uchun chaqiruv olgan.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston – Gabon uchrashuvi 27 mart kuni “Bunyodkor” stadionida bo'lib o'tadi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia