Runi Lisandroning intervyusi haqida: "U jamoadoshlarini kuchli emas deyapti, bu ularga nisbatan hurmatsizlik"

Aslanov Jasurbek
14 okt 2026, 11:46
"Manchester Yunayted"ning sobiq hujumchisi Ueyn Runi himoyachi Lisandro Martinesni "Atletiko"dan uchratilgan mag'lubiyatdan (0:2) so'ng klubdagi vaziyat haqida aytgan keskin gaplari uchun tanqid qildi.

- Menimcha, Martinesda hammasi oldindan tayyorlab qo'yilgan edi. Nima uchun u aynan shu o'yindan so'ng intervyu berdi? O'zi tashabbus ko'rsatdimi? Uning umuman gapirganini juda kamdan-kam eshitaman.

Bu narsa oldindan rejalashtirilganga o'xshardi, go'yoki u o'z atrofidagilar bilan chiqib shu gaplarni aytish kerakligini muhokama qilganday. Bu juda achinarli, chunki hamma futbolchilar bir yoqadan bosh chiqarib jipslashishi kerak bo'lgan mahalda, tepada nimalar bo'layotgani haqida gapirib bo'lmaydi. Og'ir damlarda futbolchilar, murabbiy va murabbiylar shtabi birga bo'lishi zarur. Aks holda, bu kabi bayonotlar shunchaki kiyinish xonasini parchalab yuborishi mumkin.

Fikrimcha, bu jamoadoshlarga nisbatan ham hurmatsizlikdir. U sheriklari haqida hurmatsizlik bilan gapirib, ularni kuchli emas demoqda. Yani u o'z jamoadoshlarining saviyasi pastligini aytmoqda, bu esa aniq hurmatsizlik.

Rostini aytganda, bunday gaplarni aytishga yagona haqli inson Brunu bo'lsa kerak, chunki u sardor. Va hatto o'shanda ham bunday masalalar yopiq eshiklar ortida hal qilinishi kerak. Futbolchilar murabbiy bilan gaplashadi, murabbiy esa rahbariyat bilan. Lekin ushbu intervyu klub hozirda tushib qolgan vaziyatdan chiqishga hech qanday yordam bermaydi.

Endi bu beradigan yagona narsa - jamoa atrofida yanada ko'proq shov-shuv: futbolchilar norozi, ular beqaror va jamoadoshlariga ishonmaydi. Bu umuman yordam bermaydi, - dedi Runi Amazon Prime efirida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Manchester Evening News