

Unda qarshiliklar ustozi Ro'ziqul Berdiev va yarim himoyachi Oybek Rustamov ishtirok etdi.
“Tayyorgarligimizni odatdagidek olib bordik. O'tgan safargi o'yindan keyin yigitlarni tiklashga, bo'lajak o'yinga tayyorlashga harakat qildik. Yigitlarga kerakli axborotlarni berdik. O'ylaymanki, hamma tarafdan bu o'yinga tayyormiz. Ertaga hal qiluvchi o'yinlardan birini o'tkazamiz. Shuning uchun tayyorgarligimiz jiddiy va bu o'yinga g'alaba uchun 100 foiz, kerak bo'lsa undan ko'p foizda maksimal harakat qilishimiz kerak”, – dedi Berdiev.
“Ro'ziqul aka aytib o'tganlaridek, ertangi o'yinga tayyorgarligimiz yaxshi bo'ldi. Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilamiz”, – dedi Rustamov.
- Raqibni qay darajada o'rgandingiz?
- Raqibni juda ham yaxshi bilamiz. Yaqin yillarda ularga qarshi o'ynagandik. O'sha tarkibdan bizga qarshi bahs yuritganlar hozir ham bor. Bu jamoada tajriba katta va o'z mamlakatining yetakchi jamoasi hisoblanadi. Ayni paytda chempionatida birinchi o'rinda ketmoqda. Oxirgi o'yinlarini yirik hisoblardagi g'alabalar bilan tugatib, Qarshiga yaxshi kayfiyatda keldi. Ular 3 kun oldin kelgan. Ob-havoga moslashish uchun mashg'ulotlarini Qarshi shahrida olib bordi. “Al Kuvayt” - o'yinni yaxshi tashkil qiladigan, tezkor futbol o'ynaydigan jamoa. Shuning uchun ertangi bahsga jiddiy yondashamiz.
- Raqibning qaysi jihatlari “Nasaf”ga xavf tug'diradi?
- Hozir aytib o'tganimdek, raqib ancha tezkor, texnikaga yondashib o'ynaydigan futbolchilari bor, jamoaviy o'yini ham shunga yarasha shakllangan. Hujum chizig'ida malakali va tajribali o'yinchilar o'ynaydi. Bu - ularning ustun taraflari. Yigitlarga bu borada etarlicha tushuncha berganmiz.
- Superliga o'yinlarida Sharof Muhitdinov bilan Adenis Shalani zaxiradan maydonga tushirdingiz. Ularni bu o'yin uchun saqlaganmidingiz?
- Xuddi shunday. Ularni ertangi bo'ladigan o'yinga e'tiborga olib, nafaqat ikkalasiga, boshqa o'yinchilarga ham kuchimizni tejagan holda dam bergan edik. O'ylaymanki, ertaga maydonda ularning yordami tegadi.
- “Nasaf”ning guruhdan chiqish imkoniyatlarini necha foizga baholaysiz?
- Turnir muhim pallasiga kirdi. Maqsadga erishadigan, natija qiladigan payt keldi. Albatta, shuning uchun bizni faqat g'alaba qoniqtiradi. SHHylaymanki, yigitlar bor kuch-mahoratini ishga solishadi. Albatta, baholashga hali erta, lekin ertangi o'yin ko'p narsani hal qiladi.
- Oybekka savol: Siz "Nasaf"da birinchi yil o'ynayapsiz. OCHL 2 o'yinlarining qaysi taraflari sizga kuchli hayajon beryapti?
- OCHL 2 turnirida o'ynash hamma futbolchining orzusi deb o'ylayman. Hayajon hammada bo'lishi mumkin. Bu ligaga chiqqandan keyin bizda hayajon yo'qoladi. Hozirgi kunda Superligamiz ham yaxshi darajada, raqobat kuchli. Deyarli kuchsiz jamoa yo'q. Darajasi ozgina farq qiladi xolos. Xudo xohlasa, ertaga g'alabamiz orqali muxlislarni shod etamiz.
Eslatib o'tamiz, uchrashuv 28 oktyabr kuni Qarshidagi “Markaziy” stadionida 18:45 da boshlanadi.



