Ro'ziqul Berdiev: "O'yindan keyin Alibekka, agarda gol urmaganingda, jazoning zo'rini olarding, deb aytdim"

10 okt 2026, 00:11
Superliganing 23-turi doirasida "Nasaf" - "Dinamo" (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev o'z fikrlarini bildirdi.

- Qisqa qilib aytganda ochiq o'yin bo'ldi. Bu ikkala jamoa uchun ham hos. Biz bunda chiroyli g'alabaga erishdik. Buni muxlislar ham ko'rdi. G'alaba bilan barchani tabriklayman. Birinchi bo'limda "Dinamo" jamoasi qarshi hujumlarda yaxshi harakat qildi va bir qancha vaziyatlarga ega bo'ldi. Agarda birinchi bo'limda bitta gol urganimizda, ikkinchi bo'lim boshqacha o'tardi. Balki "Dinamo"ning jismoniy tayyorgarligi sababdir, ikkinchi taymda biz ko'proq imkoniyatga ega bo'ldik. Bir ikki vaziyatdagi qarshi hujumlarni hisobga olmasak, "Dinamo" ko'proq himoyalandi. Birinchi golimizdan keyin pozicion xatolikka yo'l qo'ydik va bunda "Dinamo" futbolchisi yaxshi harakat qildi. Biz oxirigacha kurashdik va g'alabaga erishdik.

- Bir vaziyatda to'p "Dinamo" futbolchisining qo'liga tekkandek bo'ldi va stadion larzaga keldi. Bu holatni ko'rdingizmi?

- Bunday vaziyatga hakamlarning o'zini qarashlari bor. Odatda bunday vaziyatlarga hakamlar penalti bermayapti. Namangandagi o'yinimizda ham Norchaevning qo'liga to'p tekkanda, masofa yaqinligi va qo'lini olib qocha olmasligini hisobga olishdi va hakamlar shunday qaror chiqarishdi. Bu holatni aniq ko'rmadim-ku, lekin doimo qaror bir xil bo'lmoqda.

- O'sha holatda VARga ham murojaat qilinmadi.

- Balki VARdagilar ham holatni ko'rib, hulosa chiqarishgandir.

- O'yinda e'tibor bersak, Murtozaev yaxshi harakat qildi. Sardor Bahromovda esa charchoq borligi ko'rindi. Uni almashtirsangiz kerak, deb o'ylagandik.

- Sardor Yaponiyadagi musobaqani to'liq o'tkazdi. Shu sababli charchoq bo'lishi tabiiy. O'yinga qo'yganimiz sababi esa unda o'yin tonusi yaxshi. Chunki u o'sha o'yinlarda faol harakat qildi. Bugun ham to'psiz holatlarda yaxshi o'ynadi. Faqat shu darvoza tomon kamroq zarba berdi. Lekin katta mehnat qildi. Dilshod esa markaziy himoyachi yoki qanot futbolchisi bo'lib ham o'ynay oladi. Uning kuchi ko'p. Shu sababli Sharof Muhiddinovga dam berib, uni o'yinga tashladik. Ha, ayrim vaziyatlarda uning paslari yaxshi bo'lmadi-ku, kerakli paytda golli pas amalga oshirdi.

- Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisini aniqlash Sizga yuklatilganida, kimni tanlagan bo'lardingiz?

- Hal qiluvchi golni urgan Alibek Davronovni aytsam, bizga urilgan golda uning xatosi bor edi. Shu sababli o'yindan keyin Alibekka, agarda gol urmaganingda, jazoning zo'rini olarding, deb aytdim. Markazdagi futbolchilar qora mehnat bo'yicha katta mehnat qilishyapti. Shu sababli bugungi o'yin bo'yicha "Nasaf"ni eng yaxshisi deb qo'ya qolaylik. Bugun jamoa xarakter ko'rsatdi. Bu jamoaning xarakterini ko'rsatadigan juda muhim narsa. Butun jamoani maqtab qo'yaylik.

- Yussuf Otubanjoda sifat paydo bo'lgandek.

- Oldin ham aytganman u raqib jarima maydonida kutilmagan harakatlari bor. Uning bugungi g'alabada foydasi tegdi. Hujumni keskinlashtirishda yaxshi ishladi. Uning harakatlari bilan standartlar ishladik. G'alabada uning yordami tegdi.

- Paata Gudushaurining o'yini bizga yoqdi. Kelajakda uni jamoada qanday ko'ryapsiz?

- Ko'ramiz. Hali bunga vaqt bor. Ularning ko'pchiligini shartnomasi yil oxirigacha. Shu sababli vaziyatni ko'ramiz.

- "Nasaf"ning bir yo'la ikkala darvozaboni milliy termaga jalb qilinmoqda. Bu keyinchalik jamoaga qiyinchilik tug'dirmaydimi?

- Ha, qiyinchilik bo'ladi. Tayyorgarlik olib bordik-ku, lekin yarim jamoamiz bunda qatnashmadi. Abduvohid o'yinga bir kun qolganda tarkibga keldi. Koreya va Yaponiyada bo'lgan futbolchilarga ob-havoning qanchalik ta’sir qilishini ham o'ylab ko'ring. Bu borada havotir ham bor edi. Bugun kurashganimizni natija va raqibdan ustunlik qilganimiz bilan ko'rsatsak bo'ladi. Bu o'yin jismoniy tarafdan ham muhim edi. Shu sababli g'alaba bilan tabriklayman. Muxlislar barcha o'yinlarimizda stadionga kelib, qo'llab-quvvatlayapti va bu futbolchilarga kuch bermoqda. Keyingi o'yinimiz xalqaro o'yin. Bu uchrashuv uchun barcha qashqadaryoliklarni taklif qilaman. Kelinglar, g'alaba uchun kurashamiz.

- Abduvohid Ne'matovga avvallari horijdan takliflar bo'lgan. Hozirda uning chet elga ketish ishtiyoqi bormi?

- Bilmadim. Bu haqda u bilan gaplashmadim. Vaziyat qanday bo'lishiga qarab, u bilan gaplashamiz. Bunga qadar ham unga zo'r takliflar bo'lgan, buni shaxsan bilaman. Lekin u jamoadan ketishni istamagan. Klubiga sadoqat ko'rsatadigan futbolchilar bor va ulardan xursand bo'lamiz. Abduvohidni bilasizlar, u kuchli xarakterga ega futbolchi. Xatolari ham bo'lib turadi. Lekin u ruhan sinib qolgani yo'q. Bu futbolchining kuchli xarakterga ega ekanligidan dalolat. Barcha futbolchilarimizga omad tilaymiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia