

"Birinchi bo'limni yomon o'tkazdik. Raqibga imkoniyat berib qo'ydik. Lekin vaziyatlar bor edi, penaltidan foydalanganimizda boshqacha bo'lar edi. 0:2 hisobi raqib uchun yaxshi imkoniyat. Ikkinchi bo'limda esa yaxshiroq harakat qildi. Hujumga e'tibor berib, erkinroq o'ynadik. Menimcha, bizga omad yetishmadi. Ikkinchi bo'lim bo'yicha baho bersak, bugun mag'lub bo'lishga loyiq emas edik", - deya gap boshladi Ro'ziqul Berdiev.
- Bahromov va Abdiholiqovni asosan asosiy tarkibda ko'rar edik, ammo ular bugun ikkinchi maydonga o'yinga qo'shilishdi. Buning sababi nimada?
- Sardorga biroz dam berishga qaror qildik. Bunga qadar u juda zich taqvim ostida o'ynagandi. Bobirni esa so'nggi o'yinlardagi ishtiroki tufayli maydonga tushirdik. Hujumchi o'z vazifasini yaxshi bajarmayaptimi, uni zaxiraga olishimiz kerak. Keyingi o'yinlar haqida ham o'ylashimiz kerak edi.
- Penaltini boshqa futbolchi ijro etsa bo'lmasmidi?
- Men Sharof tepsa kerak deb o'ylagandim. Mashg'ulotlarda ham ko'p marotaba penalti tepar edi. Negadir Abduvohid penalti tepishga qaror qildi.
- "Nasaf"da juda ko'p imkoniyatlar bo'ldi. Ulardan unumli foydalana olmaganingizga nima sabab bo'ldi?
- Ruhiy jihatdan tayyor bo'lish. Birinchi goldan so'ng yigitlarda hayajon sezilgandek. Bilmadim, sabab nimada. Jamoada bugun hayajon bor edi. Oddiy gollarni o'tkazib yubordik. Bu haqda har doim gapiramiz, ammo maydonga chiqqanda barchasi unutilib ketyapti. E'tibor bergan bo'lsangiz 0:2 hisobida ortga bo'lgan bo'lsak ham tanaffusdan so'ng ko'p vaziyatlar yaratdik. Futbolchilar shoshilinch holat va hayajon ustida noto'g'ri qarorlar qabul qilishdi. Standartlardan yaxshiroq foydalansak bo'lardi. Bo'yi uzun yigitlar ko'p-ku. Kombinaciyalr orqali o'ynaydigan vaqti esa zarba yo'llayapmiz.
Raqib haqida ham gapirib o'tishimiz kerak. Raqib ancha mahoratli jamoa ekanligi va tarkibida o'ta iqtidorli futbolchilar bor ekanligini isbotladi. Lekin shunga qaramay, jamoamiz o'yini raqibnikidan qolishmadi. Ikkita oddiy golni hisobga olmaganda.
- Bir qarashda o'z darvozasini tashlab kelib, penalti tepish juda katta tavakkal. Vaziyat bo'yicha sizning fikringiz qanday?
- Abduvohid so'nggi o'yinda penaltini amalga oshirgani balki boshqa futbolchilarga ham ta’sir o'tkazgandir. Biz ko'rsatma berganimizda, kimda ishonch bo'lsa, o'sha tepishi kerak deb aytamiz. Dastlab to'pga Sharof kelgan edi, ammo yakunda zarbani Ne'matov ijro etdi. Bu tavakkalchilik. Agar penaltidan gol urganida barchasi to'g'ri bo'lib chiqardi. Bu klubning ichidagi qaror. Yigitlar shunday qaror qabul qilishdi.
- Ne'matovga bo'lgan tanqid ko'payadi. Ne'matov MTJda ham bosim ostida o'ynab kelyapti. Bugungi vaziyatdan so'ng darvozabon poziciyasiga bo'lgan munosabatingiz o'zgaradimi? Boshqa darvozabonlarga imkon beriladimi?
- Abduvohidga hech qanday bosim yo'q. U barchasiga bardosh bera oladi. Bizda zaxira bor. Vaziyatga qarab qaror qabul qilamiz. Bilmadim, balki siz menga "kommentariya"dagi fikrlarni aytishingiz mumkin. Lekin futbolchilar umuman "kommentariya"larni o'qimaydi. Biz jamoaga ishonamiz. Ne'matov ko'plab o'yinlarni yutib bergan. Ne'matovga biz tarafdan hech qanday bosim bo'lmaydi. Agar kimdir Abduvohidga "negativ" yozsa, bu bizning muammo emas.



