Ro'ziqul Berdiev: "Penaltini Bobir amalga oshirishini kutmagandim"

Aslanov Jasurbek
24 okt 2026, 22:23
Superliganing 25-turidan o'rin olgan "Nasaf" – "So'g'diyona" (2:1) o'yinidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikrlaringiz...
– Muxlislarimiz va jamoamizni g'alaba bilan tabriklayman! Hisob 2:0 ko'rinishiga kelganidan so'ng, yigitlarga mavsum so'ngi yaqinlashayotganini ta'kidladik. Natijani saqlab qolish va keyingi bahslar uchun kuchni tejash talab etilardi va yigitlar bunga e'tibor qaratishdi. Biroq, o'yin oxirida "So'g'diyona" yaratgan xavfli vaziyatlar bizni biroz xavotirga soldi. Shuni hisobga olmaganda, muhim g'alabaga erishdik. "So'g'diyona" – kuchli jamoalardan biri. Ularning tarkibida individual mahorati yuqori futbolchilar ko'p, ayniqsa, standart vaziyatlardan unumli foydalanishadi. Buni bugungi o'yinda ham ko'rsatishga harakat qilishdi. Biz shogirdlarimizga aynan shunday vaziyatlarda xavfli o'yinchilardan ehtiyot bo'lishni uqtirgan edik va ular bu vazifani uddalashdi. O'yin qiyin kechgan bo'lsa-da, g'alaba qozondik.

– Sharof Muhiddinov va Adenis Shalaning maydonga tushishi o'yinning qaysi jihatlarini jonlantirdi?

– Bilasizmi, bazi yigitlarda charchoq alomatlari sezilgani va keyingi o'yinlarga kuch saqlash maqsadida rotaciyalarni amalga oshirdik. Maydonga tushganlar o'yinni kuchaytirishi kerak edi. Biroq, Shala ilk bor zaxiradan maydonga tushgani uchunmi yoki hayajon sababmi, o'yinga to'liq kirishib keta olmadi. Asosiy maqsadimiz futbolchilarga dam berish va o'yin tempini yanada oshirish edi. Ammo, yuqorida takidlaganimdek, asosiy e'tiborni himoyaga qaratib qo'ydik. Zaxiradan maydonga tushirishning yana bir sababi – uchrashuvlar orasidagi vaqt juda qisqa bo'lib, qayerdadir kuchimizni tejashimiz zarur edi. Shu bois Zafarmurod, Sharof va Shala kabi futbolchilarga dam berdik. O'ylaymanki, yigitlar o'zlarida etarli motivaciya va keyingi o'yin uchun kuch topa olishadi.

– Bu galgi penaltini Bobir Abdixoliqov ijro etdi. Bu futbolchining shaxsiy tashabbusi bo'ldimi?
– Ochig'i, Bobirdan kutmagan edim. Lekin unga qoyil qolish kerak – mas'uliyatni o'z zimmasiga olib, penaltini ishonchli tarzda amalga oshirdi. Albatta, bundan xursandmiz. Unga so'nggi o'yinlarda gol zarurligini o'ziga ham aytgan edim. Menimcha, bu to'g'ri qaror bo'ldi va u jamoa g'alabasiga o'z hissasini qo'shdi.

– "Nasaf" bugun 4-o'ringa ko'tarilib oldi, mavsum yakunlanishiga ham oz vaqt qolmoqda. Sizningcha, jamoa 3-o'rinni "Navbahor"dan tortib olish imkoniyatiga egami?
– Oldinda yana 5 ta tur bor. 6 ochkolik tafovut, nazarimda, ancha katta farq. Shunga qaramay, imkon qadar yuqoriroq o'rinlarni egallashga harakat qilamiz. Qolgan 5 ta uchrashuvni munosib o'tkazsak, turnir jadvalidagi holatimiz ancha yaxshilanadi. Ko'rib turganingizdek, 5-6 ta jamoa 4-5 o'rinlar atrofida ketma-ket bormoqda. Biz asosiy e'tiborni o'yinlarni sifatli o'tkazish va yuqoriroq natija qayd etishga qaratishimiz lozim.

– Davralar oralig'ida legionerlarning transferi omadsiz chiqqanidan norozi ekaningizni bildirgan edingiz. Mavsum yakunida ular bilan shartnoma masalasi qanday hal etiladi? Masalan, butun mavsum davomida ularning harakatlaridan qoniqish hosil qilmadingiz, biroq hozir Shalada o'zgarish bor, bugun Pata ham yuqori ball oldi. Umuman olganda, ular olib qolinadimi yoki jamoani tark etadimi?
– Men norozi bo'lmaganman, shunchaki klubning imkoniyatlaridan kelib chiqib fikr bildirgan edim. Mening maqsadim bundan-da kuchliroq legionerlarni taklif qilish edi. Shala masalasiga kelsak, u maydonda juda katta hajmdagi qora mehnatni bajaradi. O'ylaymanki, klub uni olib qolishga harakat qiladi. Legionerlarimiz u qadar ko'p emasligining sababi barchaga ma'lum, buni qayta gapirishning hojati yo'q. Klubning keyingi rejalari va maqsadlaridan kelib chiqib, tarkib shakllantiriladi. Kimdir qolishi, kimdir ketishi tabiiy hol. Shu bois hozircha bu borada aniq bir fikr bildira olmayman.

– Navbatdagi savolim bevosita o'yinga emas, balki "Nasaf" tarixiga tegishli. Yaqinda "Nasaf"ning 2003 yildagi tarkibi e'lon qilinganini o'qidim va izohlarda ko'pchilik o'sha paytdagi o'yinlarni sharhlagan Hasan Temirovning iboralarini yodga olgan ekan. U kishi siz ishtirok etgan bahslarni ham sharhlagan. Hasan akaning sizga nisbatan ishlatgan qanday tarif yoki terminlari yodingizda qolgan?
– Oradan ancha yillar, qariyb 25 yil o'tibdi. Biroq yaxshi eslayman, Osiyo Chempionlar Ligasidan oldingi musobaqa – Osiyo Kubok egalari kubogi turnirida guruhdan chiqib, 4-o'rinni egallagan edik. Negadir shu natijani kamdan-kam eslashadi. O'shanda Hasan akaning men haqimda aytgan bir parcha sharhi bor edi: "Sardorimiz oldinga intilyapti, mehnat qilyapti". Shu joyini kesib olib, o'ziga ham tashlab bergandim, bu video holigacha telefonimda saqlanadi. Hasan Temirov biz uchun faxrli insonlardan biri, o'z ovozi va uslubiga ega betakror sharhlovchi. Futbolimiz rivoji va uni yoritishga juda katta hissa qo'shgan. Vaqti kelib, murabbiylar siz jurnalistlar haqida ham xuddi shunday iliq fikrlarni bildirishadi, chunki bu jarayonda sizlarning ham mehnatingiz bor. Hasan akani hammamiz yaxshi ko'ramiz va hurmat qilamiz. Ayniqsa, standart vaziyatlardagi hayajonli ovozi hanuzgacha qulog'imiz ostida jaranglaydi. Muxlislar uning aynan mana shunday jo'shqinligini sog'inishadi. Uning "Balli, Berdiev!" degan jumlasi hamon yodimda. Menda o'sha paytdagi eski kassetalar saqlanib qolgan, vaqt topib, o'sha lavhalarni sizlarga ham ulashaman.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia