"Neftchi"ga qarshi o'yin oldidan "Traktor"ning Eron chempionatidagi uchrashuvi qoldirildi

Оқил Абдубарноев
29 okt 2026, 19:05
Eronning "Traktor" klubi va "Fajr Seposi" o'rtasidagi mamlakat chempionatining 11-tur uchrashuvi boshqa muddatda o'tkaziladi.

Eron Professional futbol ligasi tashkiloti qaroriga ko'ra, 29 oktyabr kuni Sheroz shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan bahs belgilangan sanada bo'lib o'tmaydi.

Bunga Eron klublarining Osiyo musobaqalaridagi tig'iz taqvimi va xalqaro safarlar bilan bog'liq qiyinchiliklar sabab bo'lgan. Tashkilot Eronning xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgan klublariga tayyorgarlik uchun qo'shimcha vaqt berish maqsadida ayrim uchrashuvlarni boshqa muddatga ko'chirishga qaror qilgan.

"Traktor" va "Fajr Seposi" o'rtasidagi bahsning yangi sanasi keyinroq e'lon qilinadi.

Shu tariqa, Tabriz klubining navbatdagi rasmiy uchrashuvi Farg'onaning "Neftchi" jamoasiga qarshi bo'lib o'tadi.

Ma'lumot uchun, "Traktor" va "Neftchi" o'rtasidagi Elit Osiyo Chempionlar Ligasi turniri 4-tur uchrashuvi 2 noyabr kuni O'mon poytaxti Maskatdagi "Sulton Qobus" sport majmuasida o'tkaziladi.

"Traktor" mazkur musobaqaning avvalgi turida BAAning "Al Ayn" klubiga 1:2 hisobida mag'lub bo'lgandi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: footballi.net