

Bahsdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Farhod Nishonov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- O'yin haqida
- Muhim 3 ochkoni qo'lga kiritdik. Yigitlarga rahmat, aytilgan vazifani yaxshi bajarishga harakat qilishdi. Xato-kamchiliklarimiz bo'ldi, lekin oxirgi daqiqagacha kurashdik. O'zimiz uchun muhim ochkoga ega bo'ldik.
- O'yin oxirida jamoa hisobda oldinda borayotgan bo'lsa ham, yana hujumga bordi. Qarshi hujumda gol o'tkazib yuborishdan qo'rqmadingizmi?
- Tarkibimizda tezkor o'yinchilar bor. Ularlan oxirigacha futbol o'ynashlarini talab qilamiz. Himoyachi tushirish varianti ham bor edi, lekin hujumchi tushirishga qaror qildik. Bu o'yinda qarorimiz to'g'riligini isbotladi, chunki oxirida gol uradigan vaziyatga chiqib bordik. Agar foydalanganimizda, xotirjam tugatishimiz mumkin edi. Bu normal holat, futbolchilar bilan tavakkal qilib turish kerak.
- "Olimpik-MobiUz"da Superligaga chiqish imkoniyatlari paydo bo'ldi. So'nggi ikki turdan oldin qanday fikrdasiz?
- Imkoniyatimiz o'zimizning qo'limizda turibdi. O'zi mavsumning boshida ochko yo'qotdik, keyin o'rtada o'sha uzoq FIFA kuni bo'lganda ko'p ochko yo'qotdik. Bu FIFA kunlarida terma jamoa bilan ko'p bo'ldim, klubda bo'la olmadim. Klubning o'yinchilari ham terma jamoada bo'lib, musobaqalarda qatnashdi. Bu ham o'z ta’sirini ko'rsatdi. Agar shu ochkolarni yo'qotmaganimizda, hozir xotirjam Superligaga chiqish haqida gapirayotgan bo'lardik. Lekin Xudoga shukur, imkoniyat qo'limizda turibdi. Agar qolgan o'yinlarda ham yutib, o'tish o'yinlarida qatnashish imkonini qo'lga kiritsak, Superliga jamoalari bilan Kubokdagi singari tengma-teng, qo'rqmay futbol o'ynaymiz. Bu futbolchilarimiz uchun ham juda katta imkoniyat deb o'ylayman.
- G'alaba sari etaklagan Daler Tuxsanov haqida fikringizni bilmoqchi edim. Bu futbolchi 1 yil avval katta klublar nishoni ostida edi. Bugun aynan uning goli evaziga yutdingiz...
- Iqtidorli o'yinchi, bunga shubha qilmaymiz, lekin o'rtada ozgina muammolar yuzaga keldi. Ikkinchi davrada o'yin amaliyoti kamligi uchun "Neftchi"dan kelib qo'shildi. Biz terma jamoa o'yinchilariga qarashimiz kerak, shuning uchun klub ochilgan. Jarohat oldi, jarohatdan endi chiqdi, sekin-sekin formaga kirib boryapti. Hali barqaror o'yin ko'rsata olmayapti, sababi baribir jismoniy holat, baribir yarim yil o'yin amaliyoti bo'lmagan, jarohat ta’siri sezilmoqda. Bugun o'ziga berilgan imkoniyatdan maksimal foydalanib, jamoamizga 3 ochko olib berdi.



