Al Dovsari O'zbekistonga qarshi o'ynashi mumkin, "Al Nassr" darvozaboni esa ishtirok eta olmaydi

Оқил Абдубарноев
29 okt 2026, 17:25
Saudiya Arabistoni terma jamoasi bosh murabbiyi Georgios Donis noyabr oyidagi xalqaro o'yinlar uchun jamoa tarkibini kelasi hafta e'lon qilishi kutilmoqda.

“Al Bilad” nashrining xabar berishicha, gretsiyalik mutaxassis Qatar poytaxti Doha shahrida o'tkaziladigan o'quv-mashg'ulot yig'iniga 30 nafar futbolchini jalb qilishi mumkin. Bu avvalgi yig'indagi tarkibdan 4 nafarga ko'p.

9-17 noyabr kunlariga mo'ljallangan yig'in doirasida Saudiya Arabistoni terma jamoasi ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi. Jamoa 13 noyabr kuni Koreya, 17 noyabrda esa O'zbekistonga qarshi maydonga tushadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Donis so'nggi yig'inda Fors ko'rfazi Kubogida g'olib chiqqan tarkibning asosiy qismini saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Biroq ayrim futbolchilarning jarohati va jismoniy holati sababli o'zgarishlar bo'lishi mumkin.

Xususan, avvalgi yig'indan intizomiy sabablarga ko'ra chetlatilgan Musab Al Juvayr terma jamoaga qaytishi kutilmoqda. Shuningdek, jarohatidan tiklangan jamoa sardori Salim Al Dovsari va Fransiyaning "Lans" klubida to'p tepayotgan Saud Abdulhamid ham tarkibga kiritilishi mumkin.

Biroq darvozabon Navof Al Aqiydi jarohati sababli yig'inda ishtirok eta olmaydi. Al Hammamiy va Al Hajjiyning holati esa tibbiy shtab nazoratida qolmoqda. Himoyachi Hasan Qodish ham uzoq muddatga safdan chiqqan. Uning o'rnini Ali Lajomiy egallashi mumkin.

Shuningdek, bosh murabbiy Abdulaziz As Suvaylim va darvozabon Abdurahmon As Sanabiy kabi futbolchilarni ham yig'inda sinab ko'rishi ehtimoldan xoli emas.

Qayd etilishicha, Donis kengaytirilgan tarkib orqali futbolchilarning imkoniyatlarini baholash va 2027 yilgi Osiyo Kubogi oldidan turli taktik variantlarni sinovdan o'tkazishni maqsad qilgan.

Ma'lumot uchun, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni milliy terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi 17 noyabr kuni Doha shahrida bo'lib o'tadi. Undan avval Fabio Kannavaro shogirdlari 12 noyabr kuni Toshkentda Rossiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Al Bilad