

26 oktyabr kuni Ar-Riyod shahrida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan 3-tur bahsi "Al Vasl" futbolchilari Saudiya Arabistoniga yetib kelmagani sababli boshqa muddatga qoldirilgandi.
Ma'lumotlarga ko'ra, BAA klubi Yamandagi husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni aeroportlariga uyushtirilgan hujumlar ortidan yuzaga kelgan aviaqatnov muammolari sababli Ar-Riyodga borishdan bosh tortgan.
Biroq "Al Nassr" mazkur holatni raqibning uchrashuvga kelmagani sifatida baholab, "Al Vasl"ga texnik mag'lubiyat yozish va 3 ochkoni Saudiya Arabistoni klubiga berishni talab qilmoqda.
Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi o'z bayonotida uchrashuvni o'tkazish uchun barcha tashkiliy ishlar bajarilganini ma'lum qildi. Jumladan, "Al Vasl" delegaciyasining tashrifi uchun zarur aviaruxsatnomalar rasmiylashtirilgan, hakamlar brigadasi va uchrashuv komissari Ar-Riyodga yetib kelgan.
OFK rahbariyati masala yuzasidan yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, vaziyat musobaqaning tegishli qo'mitalari tomonidan o'rganilayotganini bildirgan.
Shuningdek, saudiyalik huquqshunos Xolid Ash Shalan mamlakat futbol federatsiyasining ushbu masaladagi harakatlarini tanqid qildi. Uning fikricha, federatsiya "Al Vasl"ning safarga chiqmagani ma'lum bo'lgan zahoti OFKga rasmiy etiroz bildirishi kerak edi.
Mojaroga qaramay, "Al Nassr" ichki chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jamoa so'nggi turda "Al Faysali"ni safarda 3:1 hisobida mag'lub etib, 10 ta o'yindan keyin 25 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turibdi. Ar-Riyod klubi peshqadam "Al Hilol"dan ikki ochko ortda qolmoqda.
Ma'lumot uchun, "Al Nassr" 29 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni chempionatida "Al Xulud"ni qabul qiladi. Jamoaning Elit Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasidagi navbatdagi raqibi esa Toshkentning "Paxtakor" klubi bo'ladi. Mazkur uchrashuv 2 noyabr kuni Toshkentda o'tkazilishi rejalashtirilgan.



